Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
Mamlakatimizga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlari takomillashtirilmoqda (29.04.2019 yildagi PQ–4300-son qaror).
Ushbu yoʻnalishdagi ishlar faollashtirilib, quyidagi chora-tadbirlar koʻrilmoqda:
birinchidan, kimyo va neft-gaz sanoati, mashinasozlik sohasidagi xoʻjalik yurituvchi sub’yektlar, bank-sugʻurta tashkilotlari ustav kapitallaridagi davlat aksiyalar (ulushlar) paketlarini sotish.
Xususan, «Aloqabank», «Turonbank», «Asia Alliance Bank» va «Kafolat» AJdagi davlat ulushlarini (25%) sotish taklif qilinmoqda. Sotish uchun taklif qilinayotgan aksiyalar (ulushlar) paketlarining umumiy soni – 29 ta. Nufuzli xalqaro baholash kompaniyalari umumqabul qilingan xalqaro baholash standartlariga muvofiq ularni baholash bilan shugʻullanadi. Alohida paketlar investitsiya vositachilari yoki maslahatchilari orqali sotilishi mumkin. Bunda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan baholovchilar, investitsiya vositachilari va maslahatchilari eng yaxshi takliflar asosida toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha tanlab olinadi (27.09.2018 yildagi PQ–3953-son qarorga tegishli qoʻshimchalar kiritildi).
Bundan tashqari, yogʻ-moy sanoati (17), «Oʻzagrokimyohimoya» AJ (2) va boshqa korxonalardagi (16) davlat aktivlari sotiladi;
ikkinchidan, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun tayyor investitsiya takliflarini ishlab chiqish. Tegishli roʻyxatga umumiy summasi 6 131 mln AQSh dollarini tashkil etadigan iqtisodiyotning turli sohalariga oid 86 ta taklif kiritildi;
uchinchidan, investitsiya va biznes forumlar, taqdimotlar («Road Show») va marketing kampaniyalari imkoniyatlaridan keng foydalanish. Masalan, joriy yilda Oʻzbekiston vakillari 9 ta xalqaro iqtisodiy va investitsiya forumlarida ishtirok etadilar.
Bundan tashqari, 2019 yil kuzda poytaxtimizda Toshkent xalqaro investitsiya forumi boʻlib oʻtadi. Yaqin orada xalqaro biznes arenada Oʻzbekistonning ijobiy imijini ilgari surish boʻyicha «Invest in Uzbekistan» – yagona, muvofiqlashtirilgan axborot kampaniyasi ham ishlab chiqiladi;
toʻrtinchidan, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlarni tashkil etish. Xususan, 2019 yilda 1 660 mln AQSh dollari summasiga teng 15 ta turli DXSh loyihalarini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
Qaror bilan bir qator tashkiliy masalalar ham tartibga solingan, vakolatli vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berilgan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 29.04.2019 yildan kuchga kirdi.
Oleg Zamanov.