2020 yil 1 yanvardan tadbirkorlik sub’yektlarini tugatishni soddalashtirish koʻzlanmoqda

preview

Prezident farmoni loyihasi bilan taklif etilayotgan qator chora-tadbirlar shunga qaratilgan: tugatilishi toʻgʻrisida e’lonlar berishni bekor qilish, maxsus hududiy komissiyalarni tugatish, ixtiyoriy tugatilish muddatini qisqartirish va boshqalar. Loyiha QHTBT portalida joylashtirilgan.

2020 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlik sub’yektlarini tugatishning yangilangan tartibini joriy etish rejalashtirilayotir.

Birinchidan, moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va (yoki) qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻzlarining ustav jamgʻarmalarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish boʻyicha tumanlar (shaharlar) hokimliklari huzuridagi  maxsus hududiy komissiyalarni tugatish. Davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan e’tiboran 1 yil ichida ustav fondi shakllantirilmaganligi uchun yuridik shaxsni tugatish tartibini esa bekor qilish.

Ikkinchidan, korxonani ixtiyoriy tugatishda quyidagilar taklif etilmoqda:

  • bir yoki bir necha davriy bosma nashrlarda e’lonlar berish talabini bekor qilish. Tegishli ma’lumotlar roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning rasmiy saytiga joylashtiriladi;
  • davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan vaqtdan boshlab moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmagan hamda soliq qarzi mavjud boʻlmagan korxonalarning moliya-xoʻjalik faoliyati tekshirishni bekor qilish;
  • soliq tekshiruvi bilan qamrab olinadigan moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirishning eng uzoq davriyligi 3 yilni tashkil etishini belgilash;

Hozirgi vaqtda tekshirishda korxonaning oxirgi tekshirish oʻtkazilgan sanadan boshlab (agar tekshirish amalga oshirilmagan boʻlsa - davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanadan boshlab) korxonani tugatish toʻgʻrisida qabul qilingan qaror haqida roʻyxatdan oʻtkazgan organ xabardor qilingan sanagacha boʻlgan davr mobaynidagi faoliyati qamrab olinadi, biroq bunda da’vo qoʻzgʻatishning quyidagi muddatlariga rioya qilinishi shart:

-moliya hisoboti taqdim etgan soliq toʻlovchilar boʻyicha - 3 yil;

-soliq summasining 20%dan ortiq miqdorda pasaytirib koʻrsatilgani (yashirilgani) aniqlangan taqdirda - 5 yil.

  • korxonani ixtiyoriy tugatishning umumiy muddatini roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ ixtiyoriy tugatish toʻgʻrisida xabardor qilingan kundan boshlab 9 oydan 6 oygacha qisqartirish.

Uchinchidan, moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan korxonalarni tugatishda:

  • korxonani “faoliyat koʻrsatmayotgan” deb hisoblash uchun asos boʻladigan muddatni 9 oygacha oshirish;

Hozirgi vaqtda korxona 6 oy mobaynida (talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni oʻtkazish bilan bogʻliq savdo va savdo-vositachilik korxonasi - 3 oy mobaynida) faoliyatni amalga oshirmagan taqdirda tugatiladi.

  • ularni soliq organining taqdimnomasiga asosan Tadbirkorlik sub’yektlarining yagona davlat reyestrida 3 yil muddatga harakatsiz rejimga oʻtkazish. Shu muddat mobaynida korxona oʻzining faoliyatini tiklanmagan taqdirda, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ uni reyestrdan chiqaradi.

Toʻrtinchidan, tugatish jarayonidagi ortiqcha hujjatlar va tartib-taomillarni qisqartirish uchun davlat organlari oʻrtasida elektron axborot almashinuvini joriy etish. Bundan tashqari, Tadbirkorlik sub’yektlarini davlat  roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali:

  • yuridik shaxsni ixtiyoriy tugatish tartib-taomilini oʻtkazishda - vakolatli davlat organlaridan korxona toʻgʻrisidagi mavjud ma’lumotlarni soʻrab olish;
  • tadbirkorlik sub’yekti – jismoniy shaxs faoliyatini toʻxtatishda - soliq organining soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzi yoʻqligi toʻgʻrisidagi xulosasini olish mumkin.

Beshinchidan, ixtiyoriy tugatilayotgan tadbirkorlik sub’yektlarining hujjatlarini qabul qilishda arxiv xizmatlarining narxlarini ikki barobar kamaytirish.

Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

 

Lenara Xikmatova.


Buxgalteriya hisobi va soliq solishga doir normativ hujjatlardagi yangi oʻzgarishlar Yangiliklar Yangiliklar /oz/publish/doc/text151274_2020_yil_1_yanvardan_tadbirkorlik_subektlarini_tugatishni_soddalashtirish_kuzlanmoqda