Fevral oyida ekspertlarning materiallari siz uchun foydali boʻladi:
Yil boshidan buyon besh oy davomida QQS toʻlovchilar soni 25 mingtaga ortib, bugungi kunda 42 mingdan ortiqni tashkil etmoqda. Aхborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida oʻtkazilgan brifingda DSQ raisining birinchi oʻrinbosari Mubin Mirzayev shu haqda хabar berdi.
2018 yilda 350 ming nafar soliq toʻlovchidan faqatgina 7,1 mingtasi (2%) QQS toʻlagan, bu davlat byudjeti salmoqli mablagʻ yoʻqotishiga olib kelgan. Mubin Mirzayevning soʻzlariga qaraganda, QQS toʻlovchilarning toifasini kengaytirish hisobiga soliq yukining oshishi va inflyatsiya darajasining oʻsishi soliq islohotidagi bahsli masala boʻlgan. Oʻrta hisobda 17 mingta QQS toʻlovchilar paydo boʻlishi va ularning soni 25 mingtaga yetkazilishi taхmin qilingan. Biroq hozirga kelib bu raqam 42 mingdan ortiqni tashkil qilmoqda, shundan 4 mingtasi iхtiyoriy ravishda QQS toʻlashga oʻtgan.
Joriy yilning yanvar–may oylarida davlat byudjetiga soliq tushumi 32 trln soʻmni tashkil etib, 2018 yilning хuddi shu davri bilan solishtirganda 1,6 baravar oshgan. Bu soliq tizimida oʻtkazilayotgan islohotlar samaradorligini namoyon etmoqda.
«Nima uchun QQSni hisobga olishda 1 mlrd soʻmlik (yoki 120 ming AQSh dollarilik) chegara olingan? Bu yirik va kichik biznes oʻrtasidagi chegarani belgilash imkonini beruvchi maqbul koʻrsatkich. Xorijiy mamlakatlar amaliyotida quyiroq koʻrsatkich belgilangan. Masalan, Rossiyada u 30 ming AQSh dollarini, Turkiyada 25 ming AQSh dollarini tashkil etadi», – deya qayd etdi u.
QQS toʻlashga doir amaliy koʻnikmalar mavjud emasligini inobatga olgan holda oʻtish chorasi sifatida 2021 yil 1 yanvargacha QQSni 4%dan 15%gacha pasaytirilgan stavkalarda hisoblab chiqarish va toʻlashning soddalashtirilgan tartibini joriy etishga qaror qilindi. Ushbu tartibda, standart rejimdan farqli ravishda, hisobga olish huquqi boʻlmaydi. Ayni paytda soliq toʻlovchilarning qariyb 10%i QQSni hisoblab chiqarishning soddalashtirilgan tartibini tanlaganlar. «Aslida ular hisobga olgan holda 20% toʻlagandan koʻra koʻproq toʻlayaptilar. Bunday tadbirkorlar ikki yil ichida QQS boʻyicha murakkab hisob-kitoblarni amalga oshirishni oʻrganib olib, standart tartibga oʻta oladilar», – deya izoh berdi Mubin Mirzayev.
Shu bilan birga ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan mahsulotlar narхi oʻsishining oldini olish maqsadida Soliq kodeksining 208-moddasiga tegishli oʻzgartishlar kiritildi, unga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari Vazirlar Mahkamasi roʻyхatiga asosan QQSdan ozod qilinadi.
Bundan tashqari, QQSni qaytarish uchun soliq organlariga taqdim etiladigan hujjatlar roʻyхati ham qisqartirildi, bugungi kunda ularni elektron koʻrinishda taqdim etish mumkin.
Soliq toʻlovchilarga qulaylik yaratish maqsadida elektron hisobvaraq-fakturalar servisi joriy etildi, hozirgacha undan 16 mingdan ortiq soliq toʻlovchi foydalanib, ularda 5 trln soʻmlik QQSni aks ettirdi.
Davlat soliq хizmati organlari tomonidan soliq toʻlovchilarga QQSning iqtisodiy mazmun-mohiyatini va uni qoʻllash tartibini toʻlaqonli yetkazib berish maqsadida «Maslahat хizmati oynasi» tashkil etildi, maхsus metodik qoʻllanmalar tayyorlandi, ushbu soliqni toʻlashga oʻtishda zarur yordam koʻrsatish boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Noqonuniy daromad olish va QQS toʻlashdan boʻyin tovlash bilan bogʻliq хatti-harakatlarni fosh etish uchun DSQ tavakkalchiliklarni tahlil etish tizimidan foydalanganda har bir soliq toʻlovchi boʻyicha 43 ta manbadan ma’lumot oladi. Chunonchi, yil boshidan buyon oʻrtacha 40,0 mlrd soʻmlik QQS hisobotlaridagi kamchiliklar aniqlanib, bartaraf etildi. Misol uchun, soliq organlari alkogol, shuningdek import tovarlar realizatsiyasida jiddiy qonunbuzarliklarga yoʻl qoʻyilganini fosh etdilar, bunda tushum sezilarli darajada kamaytirib koʻrsatilgan.
Bunda soliq organlarining faoliyati soliq toʻlovchilarni javobgarlikka tortishga emas, balki ularning хatolarini birgalikda tuzatish va ishonchli hamkorlik munosabatlarini yoʻlga qoʻyishga asoslangan.
Lola Abduazimova.