Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
Elektron hisobvaraq-fakturalar va onlayn-NKM sinovdan oʻtkazildi. U biznesga nima beradi?
Onlayn hisobvaraq-fakturalar va onlayn-NKMning joriy etilishi ilk bor qanday natijalarni berdi? 25 iyun kuni Davlat soliq qoʻmitasida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida mutaxassislar bu boradagi xulosalari bilan oʻrtoqlashdilar. 
Vazirlar Mahkamasining 6.10.2018 yildagi 807-son va 21.02.2019 yildagi 150-son qarorlariga muvofiq tajriba loyihalari amalga oshirildi. DSQ bitta tadbir doirasida mazkur ishlarning yakunlarini chiqargani bejiz emas. Ikkala tizimning maqsadi bitta – xarajatlar va hisob yuritishni maqbullashtirishda, tushumni oshirishda hamda xaridorlar uchun zamonaviy va eng yaxshi takliflarni shakllantirishda biznesga yordam beradigan, shuningdek soliqlarni hisoblab chiqarish va toʻlashda xatolarning oldini olish, tushumlar davlat byudjetiga toʻliq kelib tushishini ta’minlash imkonini beradigan qulay va ishonchli servis yaratish.
DSQ raisining oʻrinbosari Bahodir Turobov va «Yangi texnologiyalar» ilmiy-tadqiqot markazi rahbari Hayot Nasrulloyev yigʻilganlarni loyihalarni amalga oshirish tafsilotlari bilan tanishtirdilar. Ularning soʻzlariga qaraganda, asosiy natijaga erishildi – onlayn hisobvaraq-fakturalar va NKM ishlashini ta’minlashga qodir boʻlgan rivojlanayotgan infratuzilma yaratildi.
«Ye-faktura» dasturiy kompleksi faoliyat yuritmoqda, u elektron hisobvaraq-fakturalarni roʻyxatdan oʻtkazish va hisobini yuritish uchun moʻljallangan. Ularni DSQ ma’lumotlar bazasida saqlash va zarur axborotni istalgan paytda tez izlash uchun sharoit yaratildi. Kontragentlarga (boshqa tashkilotlarga) hisobvaraq-fakturalarni bir zumda yuborish imkoni berilgani yaxshi boʻldi. Buxgalterda ERI va Internetga ulangan kompyuter boʻlsa bas. Materiallar bilan ishlash tezligi tizimning afzalligi hisoblanadi.
Tokenlar va SAM-kartalardan foydalanishga asoslangan onlayn-NKMni joriy etish va rivojlantirish uchun infratuzilma yaratildi. U oldi-sotdi bitimi amalga oshirilgani toʻgʻrisida axborotni savdo shoxobchasidan DSQga onlayn rejimda uzatish imkonini beradi. Qonuniylikni ta’minlovchi hamda NKMdan foydalanmay, tovarlar va xizmatlarni realizatsiya qilish hollarini qisqartiruvchi mexanizmlarni ishga tushiruvchi tizimlarni yaratishga alohida e’tibor qaratildi. Mobil ilovalar uchun QR-kodlarni tanib olish dasturlariga asoslangan onlayn-NKM orqali berilgan cheklarning haqiqiyligini tekshirish tizimi nazarda tutilgan. Ularni AppStore va GooglePlay orqali bepul yuklab olish mumkin. Yaqin orada cheklarning haqiqiyligini koʻp tekshiradigan boʻladilar, sababi SOLIQ mobil ilovasi orqali chekni roʻyxatdan oʻtkazib, qimmatbaho sovgʻalar yutuqli oʻyinida qatnashish mumkin boʻladi.
Onlayn-NKM tizimining joriy etilishi nazorat-kassa mashinalari haqidagi tasavvurni oʻzgartirib yuboradi. Sinovdan oʻtgan texnologiyalar Windows, Linux, MacOS platformalarida ishlovchi deyarli har qanday gadjetni NKMga aylantirish imkonini beradi. Yaqin orada boshqa platformalarda ishlovchi texnikadan ham foydalanish mumkin boʻladi.
Mahalliy nazorat-kassa mashinalarini ishlab chiqaruvchilar tovarlarni sotuvchilar va xizmatlarni yetkazib beruvchilar orasida ilgarigidek professional savdo uskunalarini qadrlovchilar boʻlishiga ishonadilar. Aynan shu sababli tajriba loyihasini oʻtkazish paytida mahalliy olimlar, muhandislar va ishlab chiqaruvchilar onlayn rejimda ishlovchi NKM modellarini yaratdilar.
Birinchilardan boʻlib «Semurgʻ-001» NKMga joriy etilayotgan tizim talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjat rasmiylashtirildi. Ushbu rusumdagi mashinani 2019 yil 1 martgacha sotib olganlar servis tashkilotiga murojaat qilib, uskuna dasturini qayta oʻrnatib berishni soʻrasalar bas. Keyinroq chiqarilgan «Semurgʻ» egalari bitta tugmani bossalar kifoya, apparatning oʻzi tanlangan ish rejimiga qayta moslashib oladi. Hamma joyda onlayn-texnologiyalar bosqichma-bosqich joriy etilayotgan paytda bu juda qulaydir. Bunday mashina egasi yangi uskuna sotib olishiga toʻgʻri kelmaydi. Boz ustiga, u oʻzbek tilida ishlovchi kam sonli modellardan biri sanaladi.
Eng asosiysi, ikkala tizim – onlayn hisobvaraq-fakturalar va NKM amaliyotda oʻzini koʻrsata oldi. Birinchisini joriy etish boʻyicha tajriba Chirchiqda, Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida oʻtkazildi, bugungi kunga kelib butun mamlakat hududida tizimda ishlash mumkin. Undan foydalanuvchilar soni ham ortib bormoqda.
Shu kunlarda onlayn-NKMni joriy etish boʻyicha tajriba yakuniga yetkazilmoqda. 2019 yil 22 iyundagi holatga koʻra 175 ta savdo shoxobchasi loyihada ixtiyoriy asosda ishtirok etdi. Ular NKM sifatida foydalaniladigan uskunani mustaqil ravishda tanladilar. Ular fiskal modullar bilan jihozlangan kassa uskunalari yordamida DSQga 37 mlrd soʻmlik 80 mingta fiskal chek haqida axborot berdilar.
Yaqin orada butun mamlakat hududida texnologiyalarni faol joriy etish rejalashtirilmoqda. DSQ vakillarining soʻzlariga qaraganda, bu:
- iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish;
- sayyor tekshiruvlar sonini qisqartirish. Faqat qoidabuzarliklar yoki nomuvofiqliklar, nostandart va shubhali tusdagi chetga chiqishlar aniqlanganda ulardan foydalaniladi;
- savdo tushumi hajmini va soliqlar toʻgʻri hisoblab chiqarilganini aniq belgilash;
- «xufiya buxgalteriyani» bekor qilish va biznesni «soyadan» chiqarish hisobiga byudjetga tushumlarni oshirish;
- birinchi galda zarur boʻlgan mahsulotlar va tovarlar narxlarini tahlil qilish imkonini yaratadi.
Oleg Gayevoy.