Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 iyundagi «Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmoniga muvofiq QQS boʻyicha ayrim imtiyozlar bekor qilindi. 
OʻzR soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining (29.06.2018 yildagi PF–5468-son) asosiy yoʻnalishlaridan biri xoʻjalik yurituvchi sub’yektlar oʻrtasidagi soliq yuki darajasidagi nomutanosibliklarni bartaraf etish hisoblanadi. Ushbu nomutanosibliklarni koʻpincha soliq imtiyozlari yuzaga keltirmoqda, ular bozorda kapital boshqa oʻzanga oqib oʻtishiga olib kelmoqda, raqobatbardoshlikni oshirish uchun ragʻbatlantiruvchi omillarni, ichki bozorning sifatli iste’mol tovarlari bilan ta’minlanishini susaytirmoqda. Eng asosiysi – soliq imtiyozlari asosiy prinsiplardan biri – barcha sub’yektlar uchun soliq solishning adolatliligi prinsipini (Soliq kodeksining 8-moddasi) buzmoqda.
Ayniqsa QQS boʻyicha imtiyozlar nomaqbul sanaladi. Ushbu soliq tovarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish zanjirining har bir bosqichida hosil boʻladigan «qoʻshilgan» qiymatdan undiriladi. Ushbu zanjirdagi halqalardan biri QQSdan ozod etilishi bilan u uziladi, bu esa soliq va narxdagi nomutanosibliklarni yuzaga keltiradi. QQS boʻyicha imtiyoz oluvchi xarid qilish chogʻida toʻlanadigan soliqni xarajatlarga kiritishga majbur boʻladi – natijada tannarx oshadi. Imtiyoz berilgan tovar xaridori esa QQS toʻlovchisi boʻlsa:
- kiruvchi QQSni hisobga ololmaydi – chunki u mavjud emas;
- qoʻshilgan qiymatdan emas, balki tovarning butun qiymatidan soliq toʻlashga majbur boʻladi;
- uni xarid qilishga qiziqishi qolmaydi.
Aynan ushbu nomutanosibliklarni bartaraf etish, barcha xoʻjalik yurituvchi sub’yektlar uchun teng shart-sharoitlar yaratish va iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish maqsadida QQS boʻyicha bir qator imtiyozlar bekor qilinmoqda. Farmonga muvofiq:
1) qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar QQS toʻlovchilariga aylanadi:
- 2019 yil yanvar oyidan sentyabr oyigacha 1 mlrd soʻmdan ortiq pul aylanmasi (tushumi)ga ega boʻlgan yoki 50 gektardan ortiq qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer maydonlariga ega boʻlgan yagona yer soligʻi toʻlovchilari QQS toʻlovchilari hisoblanadilar. Qolgan YaYeS toʻlovchilari 2019 yil 1 avgustdan boshlab QQSni ixtiyoriy ravishda toʻlashga haqli;
- 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab oʻzi ishlab chiqargan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga va Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan belgilangan QQS boʻyicha imtiyozlar bekor qilinadi;
- paxta xom ashyosini ishlab chiqaruvchilar 2019 yil hosilidan boshlab QQSni toʻlashga oʻtadilar. Bunda ularga 2018 yilning 1 oktyabridan ilgari boʻlmagan vaqtda haqiqatda olingan va 2019 yilgi paxta xom ashyosini yetishtirish uchun ishlatilgan tovarlar (ish, xizmatlar) uchun toʻlangan QQS summasini hisobga olish huquqi beriladi;
2) boshqa jiddiy oʻzgartirishlar import bilan bogʻliq operatsiyalarga taalluqli, xususan, 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab:
- tovarlarni import qiluvchi tadbirkorlik sub’yektlari, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotishdan tushum miqdoridan qat’i nazar, QQS toʻlovchilari hisoblanadilar. Bunda tovarlarni birinchi marta import qiluvchi tadbirkorlik sub’yektlari import shartnomasi tuzilgan oydan keyingi oyning 1-sanasidan boshlab QQS toʻlovchisi sifatida hisobga turishi shart;
- asbest, koʻmir, yogʻoch materiallari, yogʻoch va undan tayyorlangan buyumlar, uglevodorod xom ashyosi, soya danagi, kungaboqar va kunjut urugʻlari, moyli xom ashyo va shakar xom ashyosi, qishloq xoʻjaligi texnikasi, avtotransport vositalari, avtotransport vositalarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan butlovchi buyumlar, materiallar va texnologik asbob-uskunalar import qilinganda QQS boʻyicha imtiyozlar bekor qilinadi;
3) 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab benzin, dizel yoqilgʻisi va gazni yoqilgʻi quyish stansiyalari orqali oxirgi iste’molchilarga sotadigan yuridik shaxslar, ushbu tovarlarni sotishdan tushumning miqdoridan qat’i nazar, QQS toʻlovchilari hisoblanadi.
QQS boʻyicha imtiyozlar bekor qilinishi bilan bir vaqtda:
- 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab yuridik shaxslarning tijorat banklariga joylashtirgan mablagʻlaridan foiz koʻrinishida olingan toʻlov manbaini foyda soligʻidan ozod qilish boʻyicha imtiyozlar bekor qilinadi;
- 2019 yil 1 avgustdan boshlab kalendar yili davomida xizmatlarni realizatsiya qilishdan olgan tushumi 100 mln soʻmdan oshgan, biroq 1 mlrd soʻmdan koʻp boʻlmagan telekommunikatsiyalar operatorlari va (yoki) provayderlariga vositachilik xizmatlarini koʻrsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar xizmat haqi summasidan 25% stavkada yagona soliq toʻlovini toʻlashga oʻtadi.
Yuqorida tilga olingan yangiliklarni samarali joriy etish maqsadida, korxonalardagi moliya sohasi xodimlarining yetarlicha bilimga ega emasligini inobatga olgan holda quyidagilar nazarda tutilgan:
- fermer xoʻjaliklariga buxgalteriya hisobini yuritish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish uchun DSQ tomonidan ishlab chiqilgan maxsus dasturiy mahsulotni QQS summasini hisoblash va hisobga olish imkoniyatlarini nazarda tutgan holda qayta ishlab chiqish vazifasi topshirilgan;
- mahalliy davlat hokimiyati organlariga QQS, yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi va yagona yer soligʻining toʻlov muddatini 24 oygacha muddatga kechiktirish vakolati ularning mazkur soliqlar boʻyicha imtiyoz berish huquqini bekor qilgan holda berildi. Soliq toʻlovlari muddatini kechiktirish soliq qarzdorligi boʻyicha belgilangan penya miqdoridagi foizlarni undirish sharti bilan beriladi;
- tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan asbob-uskunalar va (yoki) butlovchi buyumlar yetkazib berish boʻyicha import shartnomalari yuzasidan muddati oʻtgan debitor qarzdorlik uchun, agarda asbob-uskunalar va (yoki) butlovchi buyumlarni yetkazib berish muddati ularning texnik xususiyatlari va oʻziga xosligidan kelib chiqqan holda 180 kundan ortiq boʻlsa, moliyaviy jazo choralari qoʻllanilmaydi.
Jorilla Abdullayev, «Norma» MChJ yetakchi eksperti.