Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
Qayta ishlangan hujjat loyihasi QHTBT portaliga takroran joylashtirildi. Takliflarni 2019 yilning 21 iyuliga qadar berish mumkin.
Eslatib oʻtamiz, bu amaldagi «Elektron tijorat toʻgʻrisida»gi Qonun yangi tahrirdagi loyihasining ikkinchi muhokamasidir. Dastlab qonun loyihasining taklif etilayotgan matni 2018 yilning oxiridayoq joylashtirilgan boʻlib, uning mazmunini biz oʻshandayoq tahlil qilgan edik. Biroq u tasdiqlanmadi. Hozirgi kunda e’lon qilingan loyiha koʻp jihatdan oldingi bilan bir xil. Shu bilan birga alohida qoidalarga tuzatishlar kiritilgan. Mana ulardan ba’zilari.
Birinchidan, tushunchalar qismi yanada kengaytirilgan. Masalan, «elektron savdo maydonchasi operatori» tushunchasi kiritilgan. Bu xaridorni identifikatsiyalash, toʻlovni qabul qilish, ommaviy ofertalar va bitimlar toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni saqlashni hisobga olgan holda, elektron savdo maydonchasi yordamida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotish va sotib olish imkoniyatini taqdim etish boʻyicha elektron bitim tomonlariga xizmat koʻrsatuvchi yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkordir (YaTT). Boshqa sub’yektlar qatori u ham biznes-operatorlarga tegishli boʻladi hamda kiritilgan oʻzgartirishlarga muvofiq, nafaqat yuridik shaxslar, balki YaTT ham elektron savdo maydonchasi operatori boʻla oladi. Lekin biznes-operatorlar uchun soliq imtiyozlariga boʻlgan huquq haqidagi oldin berilgan taklif chiqarib tashlandi.
Ikkinchidan, qonun quyidagilarga tatbiq etilmasligi aniqlashtirildi:
- tovarlarning (ishlar va xizmatlar) davlat xaridlariga;
- litsenziyalarga ega birjalarda tuziladigan bitimlarga;
- koʻchmas mulkni sotish, shuningdek, notarial tasdiqlanishi yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi zarur boʻlgan bitimga.
Uchinchidan, elektron tijorat sohasidagi vakolatli organning vazifalarini Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligidan Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga (LBMA) olib berib, uning vakolatlarini bir qadar kengaytirish taklif etilayotir. Xususan, unga quyida huquqlar oʻtmoqda:
- elektron tijorat sohasida davlat dasturlarini amalga oshirish;
- mazkur jabhani rivojlantirishni ta’minlash doirasida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
- elektron tijoratda sotishda muomaladan chiqarilgan yoki muomalasi cheklangan tovarlar (ishlar, xizmatlar) roʻyxatini tasdiqlash. Ayni vaqtda bu Vazirlar Mahkamasining vakolatiga kirishini eslatib oʻtamiz.
Hokimiyatlarning vakolatlarini esa, aksincha, qisqartirishmoqchi. Loyihaning oldingi matnida ularga elektron tijorat sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlash va amalga oshirish huquqi berilgan edi, yangi variantda esa bu LBMA bilan kelishilgandan keyin mumkin boʻladi. Tegishli hududda davlat dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etish funksiyasini esa tamoman olib tashlashdi.
Toʻrtinchidan, «elektron tijoratda xaridorlar» tushunchasiga tuzatish kiritildi. Yangi tuzatishlarga koʻra, yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, shuningdek, elektron tijorat orqali tovarlar (ishlar, xizmatlar) sotib olayotgan jismoniy shaxslar xaridorlar hisoblanadi. Xarid aynan qaysi maqsad va ehtiyojlar uchun amalga oshirilishi boʻyicha aniqlashtirish chiqarib tashlandi.
Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Lenara Xikmatova.