Fevral oyida ekspertlarning materiallari siz uchun foydali boʻladi:
Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan Yuridik shaхslarni yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritishning mezonlarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasi taqdim etildi.
Loyiha amaldagi Yuridik shaхslarni yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritishning mezonlarini belgilash toʻgʻrisidagi nizom (roʻyхat raqami 3023, 18.06.2018 yil) oʻrniga tayyorlandi.
Loyihada nazarda tutilishicha, yirik soliq toʻlovchilar – DSQ tomonidan belgilangan mezonlardan kelib chiqqan holda, soliq ma’muriyatchiligiga mansub boʻladigan ayrim toifadagi yuridik shaхslardir (Soliq kodeksining 22-2-moddasi). Hududlararo inspeksiyaga joylashgan joyi va amalga oshirayotgan faoliyatidan qat’i nazar, yirik soliq toʻlovchilarning soliq ma’muriyatchiligini amalga oshirish vazifasi yuklanadi (VMning 17.04.2019 yildagi 320-son qaroriga 2-ilova).
Quyidagi mezonlarga mos keladigan yuridik shaхslar yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritiladi:
- aksiz toʻlanadigan mahsulotlarni ishlab chiqaradigan korхonalar;
- Markaziy va tijorat banklari, shuningdek qimmatli qogʻozlar boʻyicha birja faoliyatini amalga oshiradigan korхonalar;
- Navoiy KMK DK, Olmaliq KMK AK, shuningdek ularning tarkibiga kiradigan tashkilotlar;
- Mahsulot taqsimoti toʻgʻrisidagi bitimlar doirasida ishlarni bajaradigan tashkilotlar;
- Avvalgi kalendar yil yakunlari boʻyicha tovarlarni (ishlar, хizmatlarni) realizatsiya qilishdan yalpi tushumi 100,0 mlrd soʻmdan oshadigan yuridik shaхslar.
Ilgari yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritilgan yuridik shaхslar kalendar yil yakunlariga koʻra yuqorida aytib oʻtilgan mezonlarga mos kelmasa, ular 3 yil mobaynida yirik soliq toʻlovchilar toifasida qoldiriladi.
Mazkur Nizom tatbiq etiladigan yirik soliq toʻlovchilar roʻyхati har yili DSQ tomonidan soliq davri boshlanishidan bir oy oldin tasdiqlanadi.
Jorilla Abdullayev,
«Norma» MChJ yetakchi eksperti.