Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
Moliya vazirligi DSQ bilan birgalikda Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki, xalqaro va milliy ekspertlar ishtirokida yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasini ishlab chiqdi.
Bu qonun loyihasi ancha kutilgan edi. U xalqaro standartlarga yaqinlashtirilishi lozim boʻlgan yangi soliq tizimining asosi boʻladi. Soliq kodeksining amaldagi tahriri shu yildan boshlab sezilarli yangilangan. Biroq unda eski yondashuvlarning asoratlari qolgan:
- turli faoliyat turlari uchun talay soliq rejimlari;
- soliq toʻlovchi huquqlarining deklarativligi;
- qonunga itoatkorligidan qat’i nazar barcha soliq toʻlovchilarga bir xilda tatbiq etiladigan soliq nazorati shakllarining shaffof emasligi.
Ishlab chiquvchilarning bayonotiga koʻra, ular ushbu muammolarni hal qilishga harakat qilishgan. Buni ular qanchalik uddalaganliklarini mutaxassislar jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan qonun loyihasini diqqat bilan oʻrganib chiqqach baholaydilar. Biroq hozirning oʻzida quyidagi ijobiy oʻzgarishlar yaqqol koʻzga tashlanmoqda.
1.”Yashil yoʻlak” – insofli soliq toʻlovchilar uchun.
Barcha nazorat tadbirlari tavakkalchilikni tahlil qilish natijalariga asosan oʻtkaziladi. Tadbirkor hisobotlarni oʻz vaqtida topshirsa va soliqlarni toʻlasa, uning soliq yuklamasi faoliyat turi uchun oʻrtacha darajada boʻlsa, soliqchilarda unga nisbatan savollar yuzaga kelmaydi.
Bundaylarni soliq inspektori emas, balki kompyuter dasturi xalqaro tashkilotlar mutaxassislari jalb qilingan holda aniqlaydi.
Agarda soliq toʻlovchi oʻrtacha yoki yuqori xatar guruhiga kiritilsa, unga soliqchilarning e’tibori yuqori boʻladi. Ushbu e’tibor uchta soliq dastagidan (kameral nazorat, sayyor tekshiruvlar, soliq auditi) birining aniq huquqiy shakliga aylanadi.
Kameral nazorat va sayyor tekshiruvlar natijalari boʻyicha aniqlangan huquqbuzarliklarni soliq toʻlovchining oʻzi moliyaviy sanksiyalarsiz toʻgʻrilashi mumkin. Faqat penya toʻlashga toʻgʻri keladi.
Jarima sanksiyalari (penya bundan mustasno), sud jarayonlari va boshqa koʻngilsiz oqibatlar faqat taftish oʻrniga keladigan soliq auditi natijalariga koʻra nazarda tutilgan. Bunda sanksiya miqdorlari soliq huquqbuzarligi turiga bogʻliq holda tabaqalashtiriladi.
2. Soliq toʻlovchi kontragentni tanlashda ehtiyotkorlik qilishi darkor.
Loyiha yangi tushuncha – ehtiyotkorlikni joriy etmoqda. Kontragentni tanlashda siz u bir kunlik firma emasligiga ishonch hosil qilishingiz lozim boʻladi. Buning uchun quyidagilarni tekshirish zarur:
- kontragent soliq organlariga hisobga qoʻyilganmi;
- ishlab chiqarish bazasiga egami;
- xodimlari mavjudmi;
- uning moliyaviy ahvoli va ishbilarmonlik obroʻsi qanday;
- u majburiyatlarni ijro etishga qobiliyatlimi.
Insofsiz kontragentlar bilan bitimlar qoʻshimcha soliqlar hisoblashga olib kelishi mumkin.
3. Davlat byudjeti soliq toʻlovchilarga penyalar toʻlaydi.
Soliq organlarining qonunga xilof ravishda qoʻshimcha soliq hisoblash, moliyaviy sanksiyalar qoʻllash va ortiqcha toʻlangan soliqlar summalarini qaytarishni kechiktirish uchun javobgarligi joriy etilmoqda. Ushbu hollarda davlat byudjeti soliq toʻlovchilarga penya toʻlaydi.
Masalan, sizdan inkasso orqali mavjud boʻlmagan boqimonda uchun pul yechilgan. Yoki siz soliqchilar “iltimosiga koʻra” byudjetga ortiqcha toʻladingiz. Shu kabi vaziyatlarda davlat biznesga uning pulidan “foydalanishning” har bir kuni uchun foiz toʻlaydi. MB qayta moliyalashtirish stavkasiga teng foiz stavkasi qabul qilinadi.
4.Davlat QQS boʻyicha manfiy saldoni qaytaradi.
Bugungi kunda QQS boʻyicha “manfiy” saldo faqat eksport qiluvchilarga qaytarilmoqda. Taklif etilayotgan oʻzgartirishlarga binoan u kameral tekshiruv oʻtkazilgandan keyin barcha toʻlovchilarga toʻlanadi. Eksport qiluvchilar, yirik soliq toʻlovchilar va bank kafolatini taqdim etgan korxonalarning bundan oʻtishlari zarur emas.
5. Asosiy vositalar boʻyicha QQS – bir yoʻla hisobga olinadi.
Biznes asosiy vositalar ob’yektlarini, jumladan koʻchmas mulk ob’yektlarini xarid qilishda (barpo etishda) QQSni bir yoʻla hisobga olishi mumkin. Bu ular qiymatinig 20%ini korxonada foydalanishda saqlab qolishga yordam beradi. Masalan, 3 mlrd soʻm qiymatidagi binoni xarid qilishda “kiruvchi” QQS summasi 600 mln soʻmni tashkil etadi. Bu summani korxona darhol hisobga olishi – oʻz xaridoridan olgan QQSdan ushlab qolishi mumkin.
Hozirgi vaqtda hisobga olishni teng ulushlarda 12 oy davomida, koʻchmas mulk ob’yektlari boʻyicha esa 36 oy davomida amalga oshirish mumkin. Ya’ni har oyda korxona sizning misolingizda faqat 16,7 mln soʻmni hisobga olishga haqli. Farqi yaqqol koʻrinadi!
6. Soddalashtirilgan QQS boʻlmasligi mumkin.
Soliq kodeksidan soddalashtirilgan QQSni chiqarib tashlash taklif etilmoqda. U korxonalarga foydali emas, chunki ularga kiruvchi soliqni hisobga olish imkonini bermaydi. Haqiqatda “soddalashtirilgan” QQS - bu xuddi oʻsha YaST, faqat oshirilgan stavkalar boʻyicha. U qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarining umumbelgilangan soliqqa oʻtishi bois ham zarur boʻlmaydi. Bu oʻsha umumiy ovqatlanish korxonalariga kiruvchi QQSni hisobga olish imkonini beradi.
7. QQS toʻlovchilar roʻyxati kengaytirilmoqda.
QQS toʻlovchilar jumlasiga quyidagilar qoʻshiladi:
- qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari. Bunda ularga imtiyozlar taqdim etilgan – foyda soligʻi boʻyicha nol stavkasi va mol-mulk soligʻidan ozod etish;
- bozorlar;
- advokatlik byuro va firmalari;
- chet el yuridik shaxslarining doimiy muassasalari;
- davlat mulkini ijaraga taqdim etgan holda byudjetga QQS hisoblab chiqarish va oʻtkazishni amalga oshiradigan vakolatli davlat organi.
8. Tekin olingan mol-mulk va koʻrsatilgan xizmatlarga QQS solmaslik mumkin.
Faqat bitta shart bilan – tekin berish iqtisodiy jihatdan oqlangan boʻlishi kerak. Bu siz quyidagilar uchun mol-mulkni tekin berishingiz yoki tekin xizmat koʻrsatishingizni anglatadi:
1)daromad olishga qaratilgan faoliyatni amalga oshirish maqsadida;
2) tadbirkorlik faoliyatini saqlab qolish yoki rivojlantirish uchun. Va xarajatlarning tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliqligi aniq asoslangan.
9. “Google ga soliq” joriy etish koʻzlanmoqda.
Oʻzbekiston jismoniy shaxslarga elektron shaklda xizmat koʻrsatadigan xorijiy tashkilotlarga QQS belgilashni xohlaydi. Loyihada buning uchun maxsus bob nazarda tutilgan. Google, Yandex, Alibaba kabi kompaniyalar va boshqalar 2020 yil 1 yanvardan boshlab:
- soliq organlarida hisobga qoʻyilishlari;
- har oyda soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali hisobot topshirishlari;
- Oʻzbekistonning jismoniy shaxslariga koʻrsatilayotgan xizmatlar qiymatidan QQS hisoblashlari va toʻlashlari kerak.
10. Foyda prognozi va joriy toʻlovlar boʻyicha ma’lumotnomalar oʻtmishda qoladi.
Soliq toʻlovchilar endi joriy toʻlovlar boʻyicha ma’lumotnomalar topshirmaydi. Bunda – hamma, turli sabablarga koʻra.
Soliq davrida jami daromadi 5 mlrd soʻmgacha boʻlgan tashkilotlar ularni topshirmaydi, sababi ular uchun avans toʻlovlari nazarda tutilmagan.
Qolgan barcha – avans toʻlovlarini amalga oshiradi. Biroq, hisob-kitob uslubi soddalashtirilganligi va Soliq kodeksida qayd etilganligi bois foydani prognozlashtirish va ma’lumotnomalar topshirish zarur emas.
11. Xarajatlar asoslangan boʻlishi kerak.
Loyihaga muvofiq foyda soligʻi boʻyicha soliq bazasini aniqlashda korxonaning jami daromadidan barcha iqtisodiy jihatdan oqlangan xarajatlar chegiriladi. Bu – quyidagi shartlarda har qanday xarajatlar hisoblanadi:
1)daromad olishga qaratilgan faoliyatni amalga oshirish maqsadida amalga oshirilgan xarajatlar;
2) bunday tadbirkorlik faoliyati uchun zarur yoki uni saqlab qolish va rivojlantirish uchun xizmat qiladi va xarajatlarning tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliqligi asoslangan;
3) qonunchilik qoidalaridan kelib chiqadi.
12. Investitsiyaviy chegirma foyda soligʻida tejashda yordam beradi.
Foyda soligʻi hisob-kitobida korxona quyidagi miqdorda investitsiyaviy chegirma qilishga haqli:
- yangi texnologik uskunalar qiymatining, modernizatsiya qilish, texnik, texnologik jihatdan qayta jihozlash xarajatlarining 10%i;
- axborot tizimlarini yaratishga doir investitsiya loyihalari doirasida mahalliy ishlab chiqarishining dasturiy ta’minoti qiymatining 10%i;
- ishlab chiqarishni yangi qurilish shaklida kengaytirishga, ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun foydalaniladigan binolar va inshootlarni rekonstruksiya qilishga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar summasining 5%i.
Eslatib oʻtamiz, kodeks loyihasini bu yerda oʻrganish va muhokama qilish mumkin. Barcha manfaatdor shaxslar uning matnini e’tibor bilan oʻqib chiqib, noaniq formulirovkalar va ehtimoliy kamchiliklarni aniqlashga yordam berishlari zarur.
Agar sizda qonun loyihasini yaxshilash boʻyicha takliflar boʻlsa, ularni kodeks@norma.uz pochtasiga yuboring. Biz ularni umumlashtirib, Moliya vazirligi, DSQ, Oliy Majlisga taqdim etamiz. Bu yaqin yillarda sezilarli tuzatishlar kiritishni talab etmaydigan shunday hujjatni qabul qilishga yordam beradi.