9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Savdo (xizmat koʻrsatish) shoxobchalarida aholi bilan naqd pulda yoki bank plastik kartalari orqali amalga oshirilgan hisob-kitoblar toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni soliq organlariga onlayn rejimida uzatib borish funksiyasiga ega boʻlgan ma’lumotlar almashinuvi platformasi – virtual kassalar onlayn-NKM qatorida joriy etiladi.
Fiskal ma’lumotlar operatori - DSQ huzuridagi “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi” DUK onlayn rejimida qabul qilingan fiskal ma’lumotlarni mustaqil va doimiy ravishda qabul qilish, qayta ishlash, kriptografik himoya qilish va saqlash ishlarini bajaradi.
Naqd pul tushumiga ega tadbirkorlik sub’yektlari tasdiqlangan grafikka asosan (sharh e’lon qilingan paytda e’lon qilinmagan, tahr.) bosqichma-bosqich onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga oʻtkaziladi. Bunda 2020 yil 1 yanvardan boshlab har yili ushbu grafik tatbiq etilmaydigan olis, yetib borish qiyin boʻlgan aholi punktlari roʻyxati tasdiqlanadi.
Onlayn-NKM yoki virtual kassaga oʻtishda nimalarni bilish muhim
Birinchidan, tadbirkorlik sub’yektlari uchun imtiyoz va preferensiyalar:
- amaldagi fiskal xotiraga ega boʻlgan NKMlarini ishlatish, kassir-operatsiyachi tomonidan nazorat-kassa daftarini yuritish hamda ish kuni oxirida har bir nazorat-kassa mashinasi boʻyicha kunlik hisobotni chiqarib olish zarur emas;
- kunlik oʻrtacha naqd pul tushumi miqdoridan qat’i nazar naqd pulni bank kassalariga inkassatsiya xizmatlari orqali oʻzlari belgilagan davrlarda yoki mustaqil ravishda topshirish mumkin;
- onlayn-NKMni 2021 yil 1 yanvarga qadar soliq organlarida roʻyxatga qoʻygan holda hisoblangan va toʻlanishi lozim boʻlgan foyda soligʻi yoki YaST yoxud qat’iy belgilangan soliq summasini, uning har birini xarid qilish, oʻrnatish va ishga tushirish bilan bogʻliq xarajatlar summasiga, lekin BHMning 10 baravaridan oshmagan miqdorda kamaytirish mumkin;
- virtual kassa dasturiy mahsulotining asos qismi (bazasi) DSQ tomonidan bepul beriladi.
Sotuvchining uy xoʻjaligi sharoitida, sh.j., dehqon xoʻjaligida yetishtirilgan chorvachilik, asalarichilik va dehqonchilik mahsulotlarini tabiiy va qayta ishlangan holda, sanoatda qayta ishlashdan tashqari, sotishdan, shuningdek, hayvonlarni tirik yoki ularni soʻyib sotishdan oladigan daromadlari esa realizatsiya qilingan mahsulot jismoniy shaxs yoki uning oila a’zolariga ajratilgan tomorqa yer uchastkasida yetishtirilganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmasdan JShDSdan ozod qilinadi.
Ikkinchidan, qoʻshimcha majburiyat va javobgarlik:
- taqdim qilingan chekda tovarlar (ishlar, xizmatlar) nomi, miqdori, qiymati (narxi), summasi, QQS toʻlovchisi boʻlganda soliq stavkasi va summasi, shuningdek, QR-kod va fiskal belgi majburiy tartibda aks ettiriladi. Ushbu ma’lumotlar aks ettirilmagan cheklar haqiqiy hisoblanmaydi;
- ma’lumotlarni operatorga real vaqt rejimida yetkazib berishning texnik imkoniyati mavjud boʻlmagan taqdirda cheklar offlayn rejimida berilishi mumkin. Bunda ma’lumotlar operatorga 24 soat mobaynida uzatilishi shart;
- toʻlov terminali orqali qabul qilingan toʻlovlar uchun xaridorlarga toʻlov terminali cheki bilan birga onlayn-NKM yoki virtual kassa cheki ham berilishi shart;
- tasdiqlangan grafikda koʻrsatilgan muddatlar tugagandan keyin onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanmasdan tovarlarni realizatsiya qilish, ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatish, ular orqali chek taqdim etmaslik yoki fiskal belgiga ega boʻlmagan cheklarni taqdim qilish KKMni ishlatmasdan savdoni amalga oshirganlik va xizmatlar koʻrsatganlik deb baholanadi hamda javobgarlik choralari qoʻllaniladi (SKning 119-moddasi; MJTKning 164-moddasi; JKning 189-moddasi).
Uchinchidan, iste’molchilar tomonidan qiziqish ragʻbatlantiriladi. Masalan, jismoniy shaxslarning bank plastik kartalari yoki chegirma (diskont) kartalariga ommaviy oferta shartlari asosida oʻtkazilgan bonuslar (pul, ball va boshqa birliklar) shaklidagi mablagʻlar (cashback) JShDS bazasi sifatida qaralmaydi.
Joriy yilning 1 oktyabridan esa eksperiment – poytaxtdagi onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga oʻtgan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan taqdim qilingan cheklardagi QR-kod yoki fiskal belgilar asosida yutuqli oʻyinlar boshlanadi. Tashkil etish uchun 1 mlrd soʻm miqdorida byudjet mablagʻlari ajratiladi. 1 oktyabrga qadar oʻtkazish boʻyicha tartib ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. Vaqti bilan mazkur tajriba boshqa hududlarda ham joriy etiladi.
Texnik masalalar yaqin vaqtda hal qilinadi
“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi korxonalar negizida onlayn-NKM, ma’lumotlarni onlayn rejimda soliq organlariga uzatish funksiyasiga ega boʻlgan maxsus qurilmalar ishlab chiqarish tavsiya etildi. Onlayn-NKM va virtual kassaning uzluksiz ishlashini ta’minlash uchun barcha hududlarda texnik xizmat koʻrsatish markazlari tashkil etiladi.
DSQga 2019 yil 1 oktyabrga qadar:
- tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan sotilgan mahsulotlar (ishlar va xizmatlar) boʻyicha ma’lumotlarni soliq organlariga onlayn rejimida uzatishni ta’minlovchi virtual kassa hamda fiskal modul uchun maxsus dasturiy ta’minotni ishlab chiqish va joriy qilish;
- xaridorlar tomonidan cheklardagi QR-kod yoki fiskal belgilarni mobil ilova yoki DSQning rasmiy sayti orqali roʻyxatga olish tizimini joriy qilish;
- Oʻzbekistonda qoʻllanilishi ruxsat etilgan onlayn-NKM, virtual kassa va fiskal modulga qoʻyiladigan texnik talablarni, ularning yagona reyestrini hamda ularga texnik xizmat koʻrsatish markazlarining Davlat reyestrini yuritishni, shuningdek, soliq organlarida roʻyxatga qoʻyish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.
2 oy muddatda onlayn-NKM yoki virtual kassa orqali chek taqdim etmaslik yoki QR-kodga (yoxud fiskal belgilarga) ega boʻlmagan cheklarni taqdim qilish harakatlari yuzasidan “masofadan tekshiruv” tizimi hamda javobgarlikka tortish tartibi ishlab chiqiladi.
Oleg Zamanov.