Onlayn-NKM va virtual kassa: buxgalter nimalarni bilishi kerak?

preview

Joriy etiladigan onlayn-NKM va virtual kassa tizimi qanday boʻladi? Ishlash uchun qurilmani qanday toʻgʻri tanlash mumkin? Barcha muhim yangiliklar – sharhimizda.

Ushbu savollar Prezidentning yangi texnologiyalarga oʻtish grafigi va ishtirokchilarga beriladigan imtiyozlar belgilangan PF-5813-son Farmoni chiqqanidan keyin tadbirkorlik sub’yektlari uchun yana dolzarb boʻlib qoldi. Bu haqda batafsil bu yerda oʻqib chiqish mumkin.

QHTBT portalida e’lon qilingan Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi koʻp jihatlarga aniqlik kiritdi, qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

● Onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassani qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizom;

● OʻzR hududida qoʻllanilishi ruxsat etilgan onlayn NKM, virtual kassa va fiskal modulga qoʻyiladigan texnik talablar;

● Onlayn NKM, virtual kassa va fiskal modulga texnik xizmat koʻrsatish markazlarining Davlat reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;

Onlayn NKM, virtual kassa va fiskal modullarning Davlat reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.

Muhokama 9 oktyabrga qadar davom etadi.

Joriy etiladigan texnologiya qanday ishlaydi?

Onlayn-NKM – bu maxsus qurilma boʻlib, uni sotib olish mumkin. Alohida qurilma sifatida virtual kassasi mavjud emas. Biroq istalgan kompyuterni, noutbuk yoki planshetni maxsus dasturiy ta’minot yordamida bunday qurilmaga aylantirish mumkin. Shunda qurilma NKM funksiyasini bajaradi.

Virtual kassa yoki onlayn-NKMdan foydalanishni – oʻzingiz tanlang. Eng maqbul variantni tanlashga nazorat-kassa texnikasi sohasi mutaxassislari koʻmaklashishadi. 

Jahon amaliyotida internet-savdoda, shuningdek mobil xizmatlari koʻrsatishda virtual kassadan keng foydalanilishini e’tibordan chetda qoldirmang. Masalan, NKMdan foydalanish noqulaylik tugʻdiradigan taksini olaylik. Turgʻun savdo shoxobchalari egalari, qoidaga koʻra, avtomatlashtirilgan ish joylarida onlayn-NKMdan foydalanadilar. Gadjetni sotib olishda realizatsiya qilinadigan tovarlar roʻyxati boʻyicha hisobga olish imkoniyatiga e’tibor qiling. Qurilmangizga ishlab chiqaruvchilar, tovar turi va boshqa jihatlar boʻyicha barcha assortimentni kiritish lozim. Turli modellar turli miqdordagi tovarlar bilan ishlashga moʻljallangan.

SAM-karta va USB-kalit koʻrinishidagi fiskal modullar joriy etiladigan qurilmalarning muhim elementiga aylanadi. Ushbu qurilmalar koʻrinishidan SIM-karta va fleshkalarga oʻxshaydi. Onlayn-NKM yoki virtual kassa ushbu qurilmalarsiz ishlamaydi.

Mazkur texnologiyalar joriy etilishi bilan soliqchilar har bir chiqarilgan chek haqidagi ma’lumotni oladilar. Ma’lumot DSQ vakolatli organi - «Yangi texnologiyalar» markazining serveriga kelib tushadi.

Bank kartasi yoki naqd pul toʻlanganda onlayn NKM yoki virtual kassa cheklarida quyidagi ma’lumotlar boʻlishi kerak:

  • chekning tartib raqami;
  • onlayn NKMning zavod raqami yoki virtual kassaning seriya raqami;
  • tadbirkorlik sub’yektining nomi;
  • soliq toʻlovchining indentifikatsiya raqami (STIR);
  • pulli hisob-kitoblar amalga oshiriladigan manzil;
  • tovar/xizmat nomi;
  • markirovka qilinadigan tovarlar uchun markirovka kodi;
  • tovar/xizmat miqdori;
  • tovar/xizmatning QQS stavkasi;
  • tovar/xizmatning QQS summasi;
  • toʻlov shakli: naqd, plastik karta yoki aralash;
  • toʻlovning jami summasi;
  • toʻlov sanasi va vaqti;
  • fiskal modulning takrorlanmas raqami;
  • fiskal belgi;
  • berilgan kassa chekining haqiqiyligini tekshirish uchun kamida 30x30 mm oʻlchamdagi QR-kod.

Onlayn-NKM va virtual kassa muntazam ishlab turishi lozim.

Ularning ishlashi uchun texnik imkoniyat mavjud boʻlmagan taqdirda, shu jumladan internet tarmogʻidagi vaqtincha uzilishlar boʻlganda, Ushbu qurilmada cheklar offlayn rejimda 24 soat ichida chiqarilishi zarur. Mazku muddat tugagach shakllangan cheklar fiskal ma’lumotlar operatoriga uzatilishini ta’minlash lozim, aks holda onlayn-NKM yoki virtual kassa blokirovka qilinadi.

Onlayn-NKM yoki virtual kassani ta’mirlash davrida Texnik xizmat koʻrsatish markazi (TXKM) tomonidan ushbu muddatga boshqa shunga oʻxshash qurilma beriladi.

Qanday ulanish mumkin?

Avval yozganimizdek, onlayn-NKM va virtual kassaga oʻtish bosqichma-bosqich ikki yil davomida amalga oshiriladi. 

Bu bilan bogʻliq qadamlarni quyidagilar qabul qilinganidan keyin qoʻygan ma’quldir:

1. Oʻzbekiston Respublikasi hududida qoʻllanilishi ruxsat etilgan onlayn NKM, virtual kassa va fiskal modullarning Davlat reyestrini;

2. Texnik xizmat koʻrsatish markazlarining Davlat reyestri.

Reyestrlar yuqorida aytib oʻtilgan Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi tasdiqlangan keyin tuziladi.

Texnik xizmat koʻrsatish markazlarining Davlat reyestri DSQ saytida e’lon qilinadi, Onlayn NKM, virtual kassa va fiskal modullarning Davlat reyestri qayerda e’lon qilinishi haqida hujjat loyihasida aytilmagan. Hujjatni ishlab chiquvchilar bunga e’tibor berishlariga va aniqlik kiritishlariga umid qilamiz.

Har bir TXKM faqat DSQdan ruxsat olingan qurilmalar bilan ishlashini inobatga oling. Binobarin, aynan sotib olayotgan qurilmangizga xizmat koʻrsatadigan TXKMni izlashingizga toʻgʻri keladi.

Texnik xizmat koʻrsatish markazlari shartnoma asosida ishlaydi, bunda onlayn-NKM va virtual kassa fiskal ma’lumotlar operatoriga ulanishi, ularni sozlash, texnik xizmat koʻrsatish, ta’mirlash va hisobdan chiqarish ta’minlanadi. Hozirda NKMni ulash, hisobga qoʻyish va hisobdan chiqarish ishlarini inspeksiya amalga oshirmoqda. 

TXKMda mijozlarga maslahatlar berish hamda ularning murojaat va buyurtmalarini qabul qilish uchun saytlar va koll-markazlar boʻladi.

Soliqchilar nima qiladilar?

Soliq organi onlayn-NKM va virtual kassaning ishlashini nazorat qiladilar:

● onlayn NKM va virtual kassaning cheklarini DSQga yuborilgan ma’lumotlar bilan solishtirish;

● qurilmalar holatining texnik talablarga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan oʻtkazish.

Soliqchilarda sizga tegishli onlayn-NKM yoki virtual kassa nosozligi yoki talablar buzilgan holda qayta sozlanganligi borasida shubha paydo boʻlganda, qurilma TXKMning mustaqil mutaxassislari tomonidan ekspertiza oʻtkazilishi uchun yuboriladi.

P.S.

QHTBT portalida loyiha muhokamasi qizgʻin davom etayapti. Nazorat-kassa texnikasini ishlab chiqaruvchilar va ularga xizmat koʻrsatish mutaxassislari oʻz takliflarini bildirmoqdalar.

Shu bilan birga, oʻquvchilarimizning ham taklif-istaklari borligiga e’tibor qaratishni xohlardik. Ular korporativ plastik karta bilan hisob-kitob qilish chogʻida hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirish majburiyatini yuklovchi normani bekor qilish zarurati bilan bogʻliqdir.

Norma ishlamayotganligi buxgalterlarga bosh ogʻrigʻi boʻlayotganligi haqida yozgan edik. Muammoni hal etish uchun mazkur normani bekor qilishni yoki bunday holatlarda hisobvaraq-faktura onlayn-NKM yoki virtual kassa chekiga almashtirilishi mumkinligini qayd etishni taklif qilamiz.

Ushbu hujjutlar mazmuni va himoyalanganligi borasida hisobvaraq-fakturadan qolishmaydi. Ushbu normaga tuzatish kiritilishi esa amalda cheklarga boʻlgan talabning oshishiga imkoniyat yaratadi.

Buxgalteriya hisobi va soliq solishga doir normativ hujjatlardagi yangi oʻzgarishlar Yangiliklar Yangiliklar /oz/publish/doc/text154204_onlayn-nkm_va_virtual_kassa_buhgalter_nimalarni_bilishi_kerak