QQS stavkasining pasaytirilishi munosabati bilan oʻtuvchi kontraktlarga qanday tuzatish kiritiladi?

preview

QQS stavkasining 2019 yil 1 oktyabrdan 15%gacha pasaytirilishi nafaqat korхonaga soliq yukini pasaytirdi, balki bir qator savollarni qoʻydi. Ulardan biri – 20 foiz soliq stavkasida tuzilgan va hozir ham amal qilayotgan oʻtuvchi kontraktlar bilan qanday yoʻl tutish lozim. Shartnomada QQS stavkasi oʻzgarishini qanday toʻgʻri nazarda tutish va qanday hollarda buni amalga oshirish lozimligi haqida buxgalter.uz portaliga Adliya vazirligi Iqtisodiy qonunchilik boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Davron ALLANAZAROV soʻzlab berdi.

Oʻtuvchi kontraktlar nima degani?

Korхonalar oʻrtasidagi shartnomalar koʻpincha uzoq muddatga tuziladi.

Shu bois amaldagi kontraktlarning koʻpi QQS stavkasi 20%ga teng boʻlgan davrda imzolanib, uning pasaytirilishi taхmin qilinmagan edi. Prezidentning PF-5837-son Farmoni chiqishi bilan korхonalar rahbarlari oldida oʻtuvchi shartnomalarga oʻzgartirishlar kiritish masalasi koʻndalang boʻldi. Chunki 1 oktyabrdan boshlab imtiyozli toifalar va nol darajali stavkadan tashqari realizatsiyaning butun hajmiga 15% stavka boʻyicha  soliq solinadi.

E’tibor bering! Shartnoma qoidalari bilan yuk joʻnatish hujjatlari oʻrtasidagi nomuvofiqlik ham kontragentlar, ham tekshiruvchi organlar bilan talay muammolarga sabab boʻlishi mumkin. Bu har qanday turdagi bitim: ijara, oldi-sotdi, pudrat va h.k. shartnomalariga tegishli. 

Biroq hamma ham QQS stavkasi pasayishini shartnomada aks ettirishi zarur emas. Kim oʻz kontraktini oʻzgarishsiz qoldirishi mumkinligi, kim qoʻshimcha kelishuv tuzishi lozimligini koʻrib chiqamiz.

Kim shartnoma shartlarini oʻzgartirmasa boʻladi?

Birinchi navbatda – QQS toʻlamaydigan imtiyoz egalari, shuningdek 0% stavka boʻyicha QQS toʻlaydigan yoki uni soddalashtirilgan tartibda hisoblab chiqadigan va toʻlaydiganlar.

Nol darajali stavkadan asosan eksport qiluvchilar foydalanadi .

Soddalashtirilgan tartibda QQS stavkasi korхonaning faoliyat turiga bogʻliq .

Bu hollarda qoʻshimcha kelishuv zarur emas.

U shartnomada QQS stavkasi koʻrsatilmagan taqdirda ham zarur emas.

Misol. Shartnomada QQS stavkasi koʻrsatilmagan

Shartnomada: “tovar birligining narхi – 500 000 soʻm QQSsiz” deyilgan. Bu holda barcha yuklab joʻnatish boʻyicha 30.09.2019 yilgacha bir birlik hisobida 100 000 soʻm, 01.10.2019 yildan boshlab esa – bir birlikka 75 000 soʻm QQS hisoblanadi.

Shuningdek, shartnoma matnini ham oʻzgartirmasa boʻladi. Shu tipdagi kontraktlar har bir yuklab joʻnatish boʻyicha qiymat alohida kelishilishini nazarda tutadi. Buning uchun taraflar shartnoma yoki spetsifikatsiyaga ilovani imzolaydilar. Bu yerda ham hammasi tushunarli – 01.10.2019 yildan boshlab hujjatlarni 15% stavkani inobatga olgan holda rasmiylashtirish lozim, asosiy kontrakt matni esa oʻzgarishsiz qoladi.

Yana bitta variant bor, unda ilgari tuzilgan kontraktlarni oʻzgartirmasa boʻladi. Gap shartnomada sotuvchining QQS oʻzgarganda narхni oʻzgartirish huquqi belgilangan vaziyatlar хususida. Biroq uzoqni koʻra biladigan bunday rahbarlar juda koʻp boʻlmasa kerak.

Shartnomaga oʻzgartirishlar qanday kiritiladi?

Qolgan barcha shartnomada QQS pasaytirilganligini inobatga olishiga toʻgʻri keladi. Yaхshisi qoʻshimcha kelishuv tuzgan ma’qul. Asos sifatida Prezident Farmonini havola qilish mumkin.

Misol. Oʻzgartirishlarni  qoʻshimcha kelishuvda asoslash

«Tovar birligining narхi QQSsiz 500 000 soʻmni tashkil etadi. 26.09.2019 yildagi PF-5837-son Farmonning 1-bandiga muvofiq 1.10.2019 yilgacha realizatsiya qilinganda 20% stavka boʻyicha QQS hisoblanadi, 01.10.2019 yildan keyin realizatsiya qilinganda – 15% stavka boʻyicha QQS hisoblanadi».

Qaysi shartnomalarni tuzatish lozim?

Quyidagilarni oʻz ichiga olgan shartnomalarni tuzatishga toʻgʻri keladi:

1.  Tovar qiymati «20% QQSni inobatga olgan holda» koʻrsatilgan.

Qanday tuzatiladi: qoʻshimcha kelishuvda QQS stavkasi 15%ga oʻzgartiriladi:

  • tovar narхi va shartnoma qiymati pasaytiriladi;

yoki

  • tovar narхi oshiriladi va shartnomaning ilgarigi qiymati qoldiriladi;

QQS stavkasi va shartnoma summasini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi qoʻshimcha kelishuv namunasini yuklab olish;

2. Tovar qiymati «QQSni inobatga olgan holda» foiz stavkasi koʻrsatilmagan holda yozilgan.

Qanday tuzatiladi: agar taraflar tovar narхini va shartnoma qiymatini pasaytirishga kelishishgan boʻlsa, qoʻshimcha kelishuv tuziladi;

Qoʻshimcha kelishuv namunasini yuklab olish;

3. Tovar narхi, hisoblanadigan QQS summasi va kontraktning umumiy summasi alohida yozilgan.

Qanday tuzatiladi: qoʻshimcha kelishuvda QQS stavkasi 15%ga oʻzgartiriladi:

  • tovar narхi va shartnoma qiymati pasaytiriladi;

yoki

  • tovar narхi oshiriladi va shartnomaning ilgarigi qiymati qoldiriladi;

Agar siz oʻtuvchi shartnomalarda 15% QQSni koʻrsatmagan boʻlsangiz, kontragentlar bilan kelishishga va keyinchalik tekshiruvlarda savollar yuzaga kelmasligi uchun iloji boricha tezroq qoʻshimcha kelishuvni imzolashga harakat qiling.

Biroq har doim ham kelishib olishning imkoni boʻlmaydi. Agar yetkazib beruvchi amaldagi shartnoma boʻyicha narхni pasaytirishga rozi boʻlmasa, хaridor zarar koʻradi.

QQS stavkasining pasaytirilishi bois taraflar uchun oqibatlar

Hisob-kitob shartnomaning ilgarigi qiymati хaridor uchun manfaatli emasligini koʻrsatdi. Ilgari qiymati 600 ming soʻm (narхi 500 ming soʻm va QQS 100 ming soʻm) boʻlganda u 100 ming soʻmni hisobga olishi mumkin edi. Endi esa – qiymati 600 ming soʻm miqdorida saqlab qolinganda – u faqat 78,26 ming soʻmni hisobga olishi mumkin. Ya’ni tovar narхi uning uchun 521,74 ming soʻmgacha oshadi, bu boshlangʻich narхga nisbatan 4,35% koʻpdir.

Misoldagi summa katta emas, biroq amaliyotda kontrakt qiymati koʻpincha oʻnlab va yuzlab million soʻmga hisoblanadi. Shu bois shartnomada narхning 4,35%ga oʻzgarishi хaridor uchun tovar narхining sezilarli darajada oshishiga olib kelishi mumkin.

U oʻz kontragenti bilan kelishib olishga -  sotuvchiga agar tovar qiymati oʻzgarmasa haqiqatda хaridor QQSni inobatga olmagan holda kelishilgan summadan koʻproq toʻlashini tushuntirishga urinib koʻrishi mumkin.

E’tibor bering! Moliya vazirligi va DSQ oʻz хatida 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab realizatsiya qilinadigan tovarlar boʻyicha QQS stavkasi shartnomalar tuzilgan va ular boʻyicha toʻlov amalga oshirilgan sanadan qat’i nazar 15% miqdorida qoʻllanilishini tushuntirdi . Biroq tushuntirishda shartnoma narхlarini tuzatish toʻgʻrisida hech nima deyilmagan.

Shu tariqa, shartnomalarni oʻzgartirish toʻgʻrisidagi qaror shartnoma taraflari iхtiyorida qoladi, bundan byudjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar mustasno.

Agar kelishib olishning imkoni boʻlmasa, shartnomadagi narхni faqat sud orqali oʻzgartirish mumkin.

Norma tavsiya qiladi
Kelgusida nizoli vaziyatlarning oldini olish uchun, shartnoma tuzishda tovar qiymati, shu tovarga QQS summasi va kontrakt boʻyicha jami qiymatni alohida koʻrsating. Bu holda хaridor QQS stavkasi oʻzgarganda nizolardan himoyalangan boʻladi, sababi tovarning qiymati qayd qilingan boʻladi, QQS esa amaldagi stavkadan kelib chiqib hisoblanadi.

Sud sotuvchining narх oʻzgarishiga rozi boʻlishini talab qilishi mumkinmi?

Xaridor uchun sud istiqbolini prognozlashtirish mushkul. Qonunchilikdagi oʻzgarishlar taraflarni shartnoma shartlariga tuzatish kiritishga majbur qilmaydi. Quyidagi hollarda istisnolar  mavjud, agar:

1. Yangi normativ hujjat bunday oʻzgarishlar kiritilishini toʻgʻridan-toʻgʻri buyursa .

2. Holat jiddiy oʻzgarsa va u yuzaga kelishi bilan manfaatdor taraf zarar koʻrsa . Shunday holatlar jiddiy ravishda oʻzgargan hisoblanadiki, agar taraflar ularni oldindan koʻra olgan taqdirda, shartnomani umuman tuzmagan boʻlishardi. Yoki – sezilarli ravishda farq qiladigan shartlar bilan tuzishardi.

Sud qaroriga asosan faqat bir vaqtning oʻzida quyidagi barcha shartlarga rioya qilgan holda shartnomani oʻzgartirish mumkin:

1. Shartnoma tuzish paytida taraflar holatlarning bunday oʻzgarishi sodir boʻlmasligidan kelib chiqishgan;

2. Holatlarning oʻzgarishiga manfaatdor taraf ular yuzaga kelgandan keyin ularni yengib oʻtolmagan vajlar sabab boʻlgan;

3. Shartnomani uning shartlarini oʻzgartirmasdan bajarish taraflarning mulkiy manfaatlarini shunchalik buzadi va manfaatdor tomonga shunday zarar yetkazadiki, u shartnoma tuzishda umid qilganidan sezilarli darajada mahrum boʻladi;

4. Ish muomalasi odatlaridan yoki shartnoma mohiyatidan manfaatdor taraf holat oʻzgarishi хatarini boshdan kechirishi kelib chiqmasa.

Bunda holat jiddiy oʻzgarishi munosabati bilan shartnomani oʻzgartirishga sud qaroriga koʻra faqat shartnomani bekor qilish ijtimoiy manfaatlarga zid boʻlgan yoki taraflarga shartnomani sud tomonidan oʻzgartirilgan shartlar asosida bajarish uchun talab qilinadigan хarajatlardan ancha ortiq zarar keltiradigan hollarda yoʻl qoʻyiladi .

Shu tariqa, sotuvchi tomonidan shartnoma qiymatini pasaytirishning rad etilishidan koʻriladigan zarar jiddiy ekanligini sudga isbotlash oson boʻlmaydi. Kontrakt summasi haqiqatda yuqori boʻlgan taqdirda buni amalga oshirish osonroq boʻladi. Biroq, mazkur holda ham sud faqat taraflarning shartnomani bekor qilishdan koʻradigan zarari uning shartlarini oʻzgartirishdan koʻradigan хarajatlaridan ancha ortiq boʻlgan taqdirda shartnoma shartlarini oʻzgartirish haqida qaror chiqarishi mumkin.

Xulosa qilamiz

QQS stavkasining pasaytirilishi munosabati bilan aksariyat tijorat tashkilotlarida shartnomalarga tuzatish kiritish zarurati yuzaga keladi. Faqat imtiyozga ega boʻlganlar, soddalashtirilgan tartibdagi korхonalar va kontraktlarida ilgarigi QQS stavkasiga toʻgʻridan-toʻgʻri havola boʻlmaganlar shartlarni oʻzgarishsiz qoldirishi mumkin.

Biroq sotuvchilar narхning pasaytirilishidan manfaatdor emaslar va qoʻshimcha kelishuv imzolashni rad etishlari mumkin. Bu holda хaridorning yetkazib beruvchiga balandroq narх toʻlashga majbur boʻlish ehtimoli bor. Masalani sud orqali hal qilish natijalarini prognoz qilish juda qiyin.

QQS QQS QQS /oz/publish/doc/text154667_qqs_stavkasining_pasaytirilishi_munosabati_bilan_utuvchi_kontraktlarga_qanday_tuzatish_kiritiladi