Soliq kodeksi loyihasini qanday yaxshilash mumkin

preview

2019 yil 22 oktyabr kuni EOAVMA media-maydonida korxonalar rahbarlari va bosh buxgalterlari, auditorlar va soliq maslahatchilari, Oliy Majlis deputatlari, Moliya vazirligi va DSQ vakillari Soliq kodeksi loyihasini takomillashtirish boʻyicha takliflarni muhokama qildilar. Konferensiya oʻtkazilgan sanada “Soliq va bojxona xabarlari” gazetasining 25 yillik va “Norma” kompaniyasining 20 yillik yubileyi nishonlandi.

Konferensiyani Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi raisi  Adham Hursanboyevich Shodmonov ochdi. U Soliq kodeksining yangi tahririni takomillashtirishda ekspert hamjamiyatining ishtiroki muhimligini ta’kidlagan holda Qonunchilik palatasida qonun loyihasini koʻrib chiqishda Konferensiyada tilga olingan tavsiyalardan foydalanishni taklif etdi.

Soliq kodeksidagi konseptual oʻzgarishlar haqida Moliya vazirligi Soliq-bojxona siyosati va daromadlarni prognozlashtirish departamenti boshligʻining birinchi oʻrinbosari Erkin Fayziyevich Gadoyev soʻzlab berdi. Bu oʻzgarishlar quyidagi maqsadlarga yoʻnaltirilgan:

-soliq qonunchiligi normalari qoʻllanilishini maksimal soddalashtirish, nomuvofiqliklar va kolliziyalarni bartaraf etish, insofli soliq toʻlovchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;

-soliq organlariga xavfni tahlil qilish asosida (inspektor aralashuvisiz) kameral, sayyor tekshiruvlar va soliq auditini belgilash huquqini beradigan soliq nazoratini oʻtkazishning yangi tartibi;

-soliqlarni hisoblab chiqarish va toʻlash mexanizmini takomillashtirish, shuningdek soliq solishning barcha elementlarini aniqlashtirish va tartibga solish;

-korxonalarning iqtisodiy raqobatbardoshliligini oshirish va Soliq kodeksini xalqaro normalar bilan uygʻunlashtirish maqsadida QQS va foyda soligʻini takomillashtirish;

-yakka tartibdagi tadbirkorlar, hunarmandlar, oilaviy tadbirkorlik sub’yekti a’zolarini qat’iy belgilangan soliqni toʻlash oʻrniga jismoniy shaxslardan olinadigan soliqni toʻlashga oʻtkazish.

DSQning Soliq nizolarini sudgacha hal qilish boshqarmasi boshligʻi Timur Atabayevich Ismailov “2020 yilda soliq ma’muriyatchiligidagi yangiliklar” ma’ruzasi bilan chiqish qildi. Oʻzgarishlar ham soliq toʻlovchilar, ham soliq organlari faoliyatiga daxl qiladi. Xususan:

-soliq organlarining qonunga xilof ravishda qoʻshimcha soliqlar hisoblaganligi yoki moliyaviy sanksiyalar qoʻllanganligi, tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan ortiqcha toʻlangan soliqlar summalari oʻz vaqtida qaytarilmaganligi uchun javobgarligi oshiriladi;

-DSXO bilan soliq toʻlovchilarning oʻzaro munosabatlarining jahon amaliyotida sinalgan yangi tartibi nazarda tutilgan. Buning uchun soliq nazoratining shakllari va mexanizmlari takomillashtirildi. Shu jumladan – zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish hisobiga. Asosiy maqsad – insofli soliq toʻlovchilarga yordam berish va “xufiyona” faoliyat sub’yektlarini aniqlash.

Oʻz BAMU Kengashi raisi oʻrinbosari,  «Fineks» MChJ direktori Boris Mixaylovich Froyanchenko Soliq kodeksi umumiy qismining ba’zi muammoli masalalari boʻyicha takliflari bilan oʻrtoqlashdi. U SKni quyidagilar bilan toʻldirishni taklif etdi:

-soliq kodeksidagi nomuvofiqliklar va noaniqliklarni belgilash mezonlari;

-soliq konunchiligi amaliyoti va uni takomillashtirishning murakkab masalalarini koʻrib chiqish va hal etish mexanizmi;

-soliq nazoratining  shaffof va mantiqiy tizimi.

Soliq maslahatchisi Gulnora Xoldarovna Ergasheva quyidagilar hisobiga soliq toʻlovchilar va soliq organlari huquq va majburiyatlarini muvozanatlashni taklif qildi:

-soliq tekshiruvlari, xronometraj va kameral tekshiruvlar oʻtkazishda soliq organi nima qilishga huquqi borligini aniq koʻrsatish;

-idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga havola normalarni chiqarib tashlash;

-soliq organlari tomonidan xatlov va oʻlchashni amalga oshirishni taqiqlash.

«Tax consensus» MChJ direktori Irodaxon Abbosovna Abbosxonovaning chiqishi transfert narxlarni belgilashga bagʻishlandi. Transfert narx oʻzaro bogʻliq taraflar oʻrtasidagi bitimlarda shakllanadi va mustaqil shaxslar oʻrtasida bitim tuzishda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan narxdan farq qiladi. Ekspert transfert narx belgilash yuzasidan soliq nazoratini amalga oshirishga byudjet mablagʻlarini kamaytirish va tashqi savdo bitimlari oldida ichki savdo bitimlari kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha takliflari bilan oʻrtoqlashdi.

Konferensiya ishtirokchilari soliq konsultanti, «Finatex consult group» MChJ direktori Irina Ivanovna Podolskayaning QQSni takomillashtirish boʻyicha takliflarini qiziqish bilan tingladilar. Xususan, u korporativ bank kartalari orqali toʻlov amalga oshiriladigan bitimlar boʻyicha hisobvaraq-faktura rasmiylashtirmaslikni taklif etdi. Hisobvaraq-faktura oʻrnini bosadigan kassa cheki yetarli.

«Vigorus» konsalting kompaniyasi auditori va direktori Svetlana Alekseyevna Golosova foyda soligʻini tartibga soluvchi normaga oʻzgartirishlar kiritishni taklif qildi. Xususan, u xarajatlarning “iqtisodiy asoslanganligi” toʻgʻrisidagi noaniq formulirovkani chiqarib tashlashni taklif etdi, chunki ularni sub’yektiv talqin qilish soliq ma’muriyatchiligida nomaqbul oqibatlarga va soliq toʻlovchilar huquqlari buzilishiga olib kelishi mumkin.

«Mika Trade» xususiy korxonasi bosh buxgalteri Tatyana Vitalyevna Chernova soliq toʻlovchilarga axborot jihatdan koʻmak berish yuzasidan soʻzga chiqdi. U Soliq kodeksini soliq solish boʻyicha uslubiy koʻrsatmalar, Moliya vazirligi va DSQning tushuntirishlari, soliq toʻlovchilarning savollariga javoblarni majburiy e’lon qilish toʻgʻrisidagi norma bilan toʻldirish zarur, deb hisoblaydi.

«Arbitrajniy dom Muxamedbayeva» SMT direktori  Abdugʻani Abdusattorovich Muhamedboyev soliq toʻlovchilarni nazorat qiluvchi organlarning sub’yektiv harakatlaridan himoya qilish maqsadida:

-banklardagi hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalarni 10 kundan ortiq boʻlgan muddatga toʻxtatib turishni;

-soliq qarzdorligini majbur shaxsning mol-mulki hisobiga undirishni;

-soliq toʻlovchining qasddan qonunga xilof harakati (harakatsizligi)ni belgilashni faqat sud tartibida amalga oshirishni taklif qildi.

«Nalogoviye i tamojenniye vesti» gazetasining bosh muharriri Mixail Markovich Perper konferensiyaga yakun yasadi. Uning soʻzlariga koʻra, barcha takliflar va tanqidiy fikr-mulohazalar yaqin vaqtda umumlashtiriladi va kodeks ishlab chiquvchilari va Qonunchilik palatasi deputatlariga beriladi.   buxgalter.uz portali esa, oʻz navbatida, oʻz oʻquvchilarini ular bilan batafsil tanishtirib boradi.

 

Buxgalteriya hisobi va soliq solishga doir normativ hujjatlardagi yangi oʻzgarishlar Yangiliklar Yangiliklar /oz/publish/doc/text154907_soliq_kodeksi_loyihasini_qanday_yahshilash_mumkin