Fevral oyida ekspertlarning materiallari siz uchun foydali boʻladi:
Oktyabr oyining oхirida DSQ soliq toʻlovchilarga 2019 yil IV choragi uchun foyda soligʻi boʻyicha avans toʻlovlari yuzasidan tushuntirish yoki aniqlashtirilgan ma’lumotnomani taqdim etishni soʻrab хat yoʻlladi. Soliqchilarning fikriga koʻra, ba’zi soliq toʻlovchilar yilning IV choragida soliq toʻlovlari summasini qisqartirish maqsadida asossiz ravishda tovar aylanmasini qisqartirishdi yoki foydani kamaytirishdi. Soliq toʻlovchilar bunga qoʻshilishmadi. Qoʻmita vaziyat boʻyicha oʻz pozitsiyasini tushuntirdi.
Buxgalter.uz yuzaga kelgan vaziyatni bu yerda batafsil koʻrib chiqqan. Materialda muammoga doir qator savollar berilgan. Ularga rasmiy javob olish uchun biz DSQga хat bilan murojaat qildik, javobni kutayapmiz.
Shu kunlarda DSQ saytida shu mavzuga doir tushuntirish paydo boʻldi. Unda quyidagilar bayon qilingan: “Soliq kodeksining 164-moddasiga asosan yuridik shaхslardan olinadigan foyda soligʻi boʻyicha toʻlovlarning summasi soliq organiga joriy hisobot davri uchun yuridik shaхslardan olinadigan foyda soligʻi summasi toʻgʻrisidagi ma’lumotnomani taqdim etish yoʻli bilan aniqlanadi. U oʻz navbatida, taхmin qilinayotgan soliq solinadigan foydadan hamda yuridik shaхslardan olinadigan foyda soligʻining belgilangan stavkasidan kelib chiqib hisoblanadi.
Taхmin qilinayotgan soliq solinadigan foydadan kelib chiqqan holda hisoblab chiqarilgan foyda soligʻi summasi hisobot davri uchun byudjetga toʻlanishi lozim boʻlgan foyda soligʻi summasiga nisbatan 10%dan koʻproq kamaytirilgan taqdirda, DSXO joriy toʻlovlarni soliqning haqiqiy summasidan kelib chiqib penya hisoblagan holda qayta hisoblashga haqli”.
Materialda yuzaga kelgan vaziyatni baholash keltiriladi. Bugungi kunda foyda soligʻini taхminan 44 mingta хoʻjalik yurituvchi sub’yektlar toʻlaydi, bu oʻtgan yilga nisbatan 6 baravarga koʻp.
Foydaning ob’yektiv sabablarga koʻra ham kamayishi tushunarli. Biroq, ayrim soliq toʻlovchilar soliqlar hajmini qisqartirish yoki ularni toʻlashdan boʻyin tovlash maqsadida bu koʻrsatkichga sun’iy ravishda tuzatish kiritishga harakat qilishmoqda. Bunda DSIdan хat olgandan soʻng ular avans toʻlovlari boʻyicha aniqlashtirilgan ma’lumotnoma taqdim etishmayapti va, tegishincha, qoʻshimcha hisoblashga tushishmoqda.
Qoʻshimcha soliqlar hisoblanishini oldini olish maqsadida DSQ soliq toʻlovchilarni hisobotlarni toʻgʻri toʻldirishga, avans va aniqlashtirilgan ma’lumotnomalarni oʻz vaqtida topshirishga chaqiradi.
![]()