Elektron hisobvaraq-fakturaga oʻtishda ziddiyatlar va muammoli masalalar

preview

Buxgalterlar “Oʻzaro hisob-kitoblar tizimida elektron shakldagi hisobvaraq-fakturalardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomda ziddiyatlar mavjud, deb hisoblaydilar. Ularni batafsil koʻrib chiqamiz.

1. Jismoniy shaxslarga tovarlar va xizmatlarni realizatsiya qilish chogʻida EHFni rasmiylashtirish kerakmi?

522-son Nizomning 3-bandida belgilanishicha, tovarlar (ishlar, xizmatlar) naqd pulda va terminaldan foydalangan holda realizatsiya qilinganda elektron hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirish zarur emas. Xaridorga bu holda NKM cheki yoki terminal cheki taqdim etiladi.

Bunda Nizomning 18-bandiga asosan tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanmaydigan jismoniy shaxslarga realizatsiya qilishda tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) sotuvchi tomonidan shakllantirilgan EHF uning elektron raqamli imzosi bilan bir tomonlama tasdiqlanadi.

Ziddiyat: 3-band – jismoniy shaxslarga realizatsiya qilishda EHF toʻldirilmaydi, 18-band – EHF har holda toʻldiriladi.

Nima qilish kerak?
SK loyihasining 50-moddasida quyidagilarda hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirish zarur emas: tovarlarni eksport qilish chogʻida, shuningdek, agar Oʻzbekiston Respublikasi ularni realizatsiya qilish joyi, deb e’tirof etilmasa; tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish chogʻida agar sotuvchi tomonidan xaridorga kassa cheki yoki belgilangan shakldagi boshqa hujjat taqdim etilsa. 2020 yil 1 yanvargacha 522-son Nizomga tegishli oʻzgartirishlar kiritib, ziddiyatlarni bartaraf etish zarur, deb hisoblaymiz.

2. Korporativ plastik karta orqali realizatsiya qilishda qanday yoʻl tutish kerak, onlayn- NKM yordam beradimi?

Bugungi kunda KPK orqali toʻlovni amalga oshirish bilan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish chogʻida majburiy tartibda hisobvaraq-faktura yozish lozim . Shu bois, 2020 yil 1 yanvardan boshlab 522-son Nizom normalari bu majburiyatni bekor qiladi, deyish mumkin emas.

Nima qilish kerak?
  • Terminal orqali toʻlovni amalga oshirish bilan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish chogʻida terminal chekida birlamchi hujjatning (hisobvaraq-faktura) zarur rekvizitlari boʻlishini texnik jihatdan nazarda tutish zarur.
  • Bunday chek xaridor uchun QQS boʻyicha hisobga olishni qoʻllash va uni sotib olish reyestrida aks ettirish uchun asos boʻladi.

Bu vazifani kelgusi yilda hal qilishda onlayn-NKM yordam beradi, ularning  cheklarida barcha zarur rekvizitlar nazarda tutilgan :

  • chekning tartib raqami;
  • onlayn-NKMning zavod raqami yoki virtual kassaning seriya raqami;
  • tadbirkorlik sub’yektining nomi, STIR;
  • pulli hisob-kitoblar amalga oshiriladigan manzil;
  • tovar/xizmat nomi;
  • markirovka qilinadigan tovarlar uchun markirovka kodi;
  • tovar/xizmat miqdori;
  • tovar/xizmat narxi (qiymati);
  • tovar/xizmatning QQS stavkasi va uning summasi;
  • toʻlov shakli: naqd, plastik karta yoki aralash;
  • toʻlovning jami summasi;
  • toʻlov sanasi va vaqti;
  • fiskal modulning takrorlanmaydigan raqami;
  • fiskal belgi;
  • chekning haqiqiyligini tekshirish uchun kamida 30x30 mm oʻlchamdagi QR-kod.

Bir tomondan – KPK orqali tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish chogʻida hisobvaraq-faktura xaridorga kerak boʻlmaydi, sababi u NKM chekini takrorlaydi.

Boshqa tomondan – bu hisobvaraq-faktura sotuvchiga kerak, chunki onlayn-NKM chekining yuqorida koʻrsatilgan rekvizitlarida xaridor toʻgʻrisidagi ma’lumotlar mavjud emas. Sotuvchi bunday vaziyatda uning hisob ma’lumotlari – STIR, nomi, manzili, QQS toʻlovchining roʻyxatga olish kodini qanday bilishi mumkin?  Sotuvchiga bu ma’lumotlar oʻzining hisobida hamda QQS hisob-kitobiga sotish reyestrida KPK orqali tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishni toʻgʻri aks ettirish  uchun zarur.

Misol uchun, yuridik shaxs vakili doʻkonga kelib, KPK orqali tovarlar xarid qildi. Kassaning hisob tizimi realizatsiyani “xarid terminal orqali amalga oshirildi” belgisi bilan qayd etadi. Qachon chakana savdo korxonasi QQS hisob-kitobiga sotish reyestrini shakllantirsa, bu summa, boshqalar qatorida, “terminal orqali” pozitsiyasida – realizatsiyaning umumiy summasida oyning soʻnggi sanasida aks etadi.

Bunda berilgan hisobvaraq-fakturaning hisobda ikki marta aks etishi xavfi bor:

  • birinchi marta – doʻkon kassasi ma’lumotlariga koʻra  realizatsiyaning umumiy summasida;
  • ikkinchi marta – elektron hisobvaraq-fakturalar tizimida shakllantirilgan hisobvaraq-faktura koʻrinishida.

Ya’ni bunday korxonaning buxgalteriya xizmati har bir hisobot oyida:

  • tahlil qilishi va hisobot ma’lumotlarini buzib koʻrsatmasligi uchun terminal orqali umumiy tushumdan KPK boʻyicha hisobvaraq-fakturalarni ayirib tashlashi lozim. Bu ma’lumotlar hisobvaraq-fakturani QQS hisob-kitobiga sotib olish reyestrida aks ettirgan xaridor koʻrsatkichlari bilan toʻgʻri kelishi kerak.
Nima qilish kerak?
Muammoni texnik jihatdan hal qilish mumkin, deb hisoblaymiz. Soliq toʻlovchi hisobi yuritiladigan asosiy rekvizit – bu STIR. Agar texnik jihatdan plastik kartalar ulardan foydalanish paytida oʻqiladigan STIR rekvizitini oʻz ichiga oladi, deb faraz qilsak, u boʻyicha KPK bilan xaridorning qolgan barcha hisob ma’lumotlarini: nomi, manzili, bank rekvizitlari, QQS toʻlovchining roʻyxatga olish kodini aniqlash mumkin boʻladi.

2020 yil 1 yanvardan boshlab bu masala  darhol hal qilinmaydi. Shu bois, KPK orqali realizatsiya qilish chogʻida bir qancha vaqt hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirishga toʻgʻri keladi.

Tatyana LIMAREVA

Buxgalteriya hisobi va soliq solishga doir normativ hujjatlardagi yangi oʻzgarishlar Yangiliklar Yangiliklar /oz/publish/doc/text155876_elektron_hisobvaraq-fakturaga_utishda_ziddiyatlar_va_muammoli_masalalar