9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Qonunchilikdagi boʻshliqlar, texnik va tashkiliy tayyorgarlik sust boʻlganligi tufayli buxgalterlar elektron hisobvaraq-fakturalar, onlayn-NKM va virtual kassalar amalda qoʻllanilishiga oid koʻp savollarga hanuzgacha javob topolmayaptilar. Ular elektron hisobot va «Bank-mijoz» tizimini joriy etish tajribasini yodga olishni va qat’iy belgilangan sanalarda birdaniga oʻtishdan voz kechishni taklif qilmoqdalar. Sekin-asta oʻtish davri yangi texnologiyalarni oʻzlashtirish imkonini beradi. Shuningdek uning uchun toʻlov toʻlanishi koʻpgina savollarni yuzaga keltirmoqda.
Bosqichma-bosqich oʻtish
Elektron hisobotga ikki yil davomida oʻtilgan edi, bu davrda hech kimga nisbatan sanksiyalar qoʻllanilmagan. Har bir tuman DSIda haftalik amaliy seminarlar oʻtkazilgan, ularda buxgalterlar soliq hisoboti shakllarini toʻldirishda oʻzlarini sinab koʻrganlar. Shuningdek, bunday munosabat tizimni texnik jihatdan takomillashtirishga imkon yaratgan. Natijada u barcha uchun qulay hisobot usuliga aylangan.
Bu tartib-taomilni EHF va onlayn-NKMga oʻtishda ham qoʻllash mumkin.
Ma’muriy reglament zarur
EHFni joʻnatish va olish xizmatlari uchun, shuningdek fiskal ma’lumotlar operatori xizmati uchun toʻlov toʻlanadi. Ayrim operatorlarda bitta hujjatni joʻnatish narxi 1,5 ming soʻmgacha boradi. Operatorga toʻlov toʻlamasangiz – davlat tomonidan topshirilgan EHFni rasmiylashtirish majburiyatingizni bajara olmaysiz.
Shu tariqa, bizda yana bir «pulli» majburiy toʻlovga oʻxshash narsa paydo boʻldi. Darvoqe, uni toʻlash yuki xoʻjalik yurituvchi sub’yektlarga emas, balki tovarlar va xizmatlarning yakuniy iste’molchilari zimmasiga tushadi. Tadbirkorlar operator xizmatlari uchun xarajatlarni shartnoma bahosiga kiritib qoʻya qoladilar.
Xulosa: hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq majburiy toʻlovlar kamida tegishli ma’muriy reglament bilan tartibga solinishi lozim. Unda quyidagi masalalar qayd etilishi kerak:
- narxni shakllantirish va olingan mablagʻlarni taqsimlash;
- oʻz vaqtida xizmatlar koʻrsatilishini kafolatlash;
- xizmatlar koʻrsatishni rad etish;
- texnik uzilishlar yuzasidan mas’uliyatni taqsimlash;
- koʻpgina boshqa muhim masalalar.
Bularni EHF operatorlari bilan tuziladigan shartnomalarda nazarda tutsa boʻlmaydi? Bunday majburiyat va toʻlov davlat tomonidan tayinlanganligi bois xoʻjalik yurituvchi sub’yektlarda tanlash imkoni mavjud emas.
Bundan tashqari, EHF tizimi ishga tushganda uning dastlabki bosqichida hech boʻlmaganda qisqa bepul muddat nazarda tutilishi juda qoʻl keladi. Sub’yektlar tizimni sinab koʻrishlari, operatorlar uzilishlarsiz ishlash mumkinligiga ishonch hosil qilishlari uchun vaqt boʻladi.
Texnik nosozlik jiddiy muammo tugʻdiradimi?
Tadbirkorlar «2019 yil 25 noyabr» sanasini hali yoddan chiqarmadilar. Texnik sabablardan xavotirga tushadilar, ular elektron hujjat aylanishi va onlayn-NKM tizimlarining uzluksiz ishlashiga xalaqit qilishi mumkin.
Ayrim hududlarda birdan sovuq tushishi tufayli elektr ta’minotidagi uzilishlar oqibatida buxgalterlar hisobotni oʻz vaqtida topshira olmadilar.
Buxgalterlar elektron hisobot tajribasidan yaxshi biladilarki, hisobot topshiriladigan soʻnggi kunda tizimda ishlash juda qiyin boʻladi. Katta yuklamalar tizim qotib qolishiga, «Servisga vaqtinchalik kirib boʻlmaydi» singari xatoliklar chiqishiga olib keladi. Respublika miqyosidagi hajmlarni EHF va onlayn-kassa tizimlari qanday uddalashi hozircha noma’lum.
Quyidagilar amalga oshirilsa, muammolarni chetlab oʻtish mumkin:
- oʻtish davrining muddatlari, uning reglamenti va chora-tadbirlar hujjat bilan belgilanishi;
- ob’yektiv tusdagi texnik sabablarga koʻra elektron tarzda rasmiylashtirishning imkoni boʻlmaganda, qogʻoz koʻrinishidagi hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirish nazarda tutilishi;
- tadbirkorlarga hech boʻlmagan bir oy tizimda bepul ishlash imkoniyati berilishi;
- oʻtish davri davomida EHF va onlayn-NKMni qoʻllash qoidalarini buzganligi uchun soliq toʻlovchiga nisbatan jazo choralari qoʻllanmasligi.
P.S.: Biz uchun yuqorida keltirilgan fikrlarga munosabatingiz juda muhim! Shu sababli koʻrsatilgan barcha muammolar yuzasidan oʻz fikr- mulohazalaringizni yozib yuborishingizni soʻraymiz.
Tatyana LIMAREVA,
Oleg GAYeVOY.