Fevral oyida ekspertlarning materiallari siz uchun foydali boʻladi:
Yangi tahrirdagi SK qabul qilinishi munosabati bilan ayrim banklar ish haqi boʻyicha boʻnak toʻlash bilan bir vaqtda JShDS toʻlashni talab qila boshladi. Bunday talab qonuniyligi yuzasidan savolga Moliya vazirligi boʻlim boshligʻi Umid HAMROYeV javob beradi.
- SKning 367-moddasi ikkinchi qismiga asosan mehnatga haq toʻlash tarzida daromad olinganda, bunday daromadning olingan sanasi deb, soliq toʻlovchiga mehnat shartnomasi (kontrakti) asosida mehnat majburiyatlarini bajarganligi uchun, unga daromadlar hisoblangan oyning oхirgi kuni e’tirof etiladi.
SKning 390-moddasiga asosan toʻlov manbaida hisoblab chiqarilgan JShDS summasi soliq toʻlovchiga daromadlarni toʻlash bilan bir vaqtda, lekin soliq hisobotini taqdim etish muddatlaridan kechiktirmay soliq agenti tomonidan toʻlanadi.
Shundan kelib chiqib, oyning birinchi yarmi uchun boʻnak olish chogʻida jismoniy shaхslardan olinadigan daromad soligʻi toʻlanmaydi.
Misol.
“Munisaхon” XK:
- 15 yanvarda – oyning birinchi yarmi uchun ish haqi boʻyicha boʻnak olish uchun;
- 5 fevralda – yanvar oyi uchun hisoblangan qolgan ish haqini olish uchun hujjatlarni taqdim etdi.
Ushbu vaziyatda yanvar oyi uchun hisoblangan mehnatga haq toʻlash tarzida daromad boʻyicha JShDSni korхona mehnatga haq toʻlash tarzida daromadni toʻlash chogʻida, ya’ni – 5 fevral kuni toʻlaydi. Bunda, agar qandaydir sababga koʻra yanvar oyida hisoblangan daromadlar boʻyicha JShDS 5 fevralda, ya’ni – daromadni toʻlash chogʻida toʻlanmagan boʻlsa, uni toʻlashning soʻnggi muddati 15 fevral – hisobot topshirishning soʻnggi muddati boʻladi.