9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Soliq organlarida soliq toʻlovchilar bilan oʻzaro munosabatlarda korrupsiyaga barham berish maqsadini koʻzlashgan. Bu maqsadga erishish uchun 8 yoʻnalish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Koʻrilayotgan choralarda aynan nima poraxoʻrlarga qarshi ishlashi kerak? Sizningcha qanday choralar samarali va qaysilari esa samarasiz boʻladi? Sharhlarda ushbu masala boʻyicha oʻz takliflaringizni bering.
1. Xavfni tahlil qilish tizimi joriy etiladi
Soliq organlarining mansabdor shaxslari kimni tekshirish va qanday shaklda tekshiruv oʻtkazishni hal qilishga haqli boʻlishmaydi.
Nomzodlarni tanlashni 42 mezonga asosan avtomatlashtirilgan tizim bajaradi. DSQ hozir uni oʻz ishiga joriy etmoqda, shu sababli 2020 yilning I choragi mobaynida tekshiruvlar oʻtkazilmaydi.
2. Soliq tekshiruvlari videotasvirga olinadi
31.03.2020 yildan boshlab soliq organlari:
- soliq solish ob’yektlari va soliq solish bilan bogʻliq boʻlgan ob’yektlarni hisobga qoʻyishni;
- xronometraj koʻzdan kechirishni;
- xoʻjalik yurituvchi sub’yektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy sonining muvofiqligi yuzasidan monitoringni;
- soliq tekshiruvlarini;
- mavzuli ekspress-oʻrganishni;
- fiskal xotiraga ega boʻlgan nazorat-kassa mashinalar qoʻllanishini tekshirishni;
- ayrim turdagi aksizli tovarlarni markirovkalashni;
- soliq monitoringini videotasvirga olishni boshlaydi.
3. Jismoniy shaxslar tomonidan soliqlarni toʻlash chogʻida QR-kodli cheklar beradigan tizim joriy etiladi
Bunday tizim har bir chekning haqiqiyligini hamda soliqni hisoblab chiqarish va toʻlashning toʻgʻriligini tekshirish imkonini beradi.
4. Tovar va xizmatlarni naqd pul va terminal orqali realizatsiya qiladigan tadbirkorlik sub’yektlari onlayn-kassa orqali ishlaydilar
2020 yil 1 yanvardan boshlab onlayn-NKM va virtual kassa bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Bu jarayon 2022 yil yanvar oyiga kelib nihoyasiga yetishi kerak. Shundan keyin savdo va xizmat koʻrsatish sohasida barcha hisob-kitoblarning shaffofligi yanada oshadi, naqd pul mablagʻlarining xufiyona aylanishi qisqaradi.
5. EHF joriy etiladi
2020 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlik sub’yektlari oʻrtasidagi oʻzaro hisob-kitoblar tizimida elektron hisobvaraq-fakturalar majburiy boʻldi. Shaffoflik va nazorat QQS, foyda soligʻi va aylanmadan olinadigan soliqni toʻlashning toʻliqligiga inson omili ta’sirini kamaytirishi kerak.
6. my.soliq.uz portali takomillashtirilmoqda
Soliq majburiyatlarini bajarish uchun soliq organlariga tashrif buyurish zarur boʻlmaydi. Hammasini Soliq organlarining elektron davlat xizmatlari portali www.my.soliq.uz orqali hamda elektron toʻlov tizimlari vositasida amalga oshirish mumkin.
7. Soliqlarni toʻlamaslik va yashirish ustidan jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi
Soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlash va xufiyona faoliyat olib borish holatlarini aniqlashga yordam beradigan shaxslarni ragʻbatlantirish tartibi joriy etilmoqda.
Jismoniy va yuridik shaxslar quyidagilar toʻgʻrisida xabar bergan taqdirda ragʻbatlantiriladi:
- yashirin ishlab chiqarish sexlari;
- mamlakatga kontrabanda yoʻli bilan olib kirilgan tovarlar, shuningdek kontrafakt tovarlar va tegishli hujjatlarga ega boʻlmagan tovarlarni ishlab chiqarish, tashish, saqlash va sotish bilan shugʻullanadigan shaxslar (ob’yektlar);
- soliqlardan boʻyin tovlash hollari, shuningdek tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan soliqlarni toʻlashdan qochish “sxema”lari;
- etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini noqonuniy ishlab chiqarish, tashish yoki aylanmaga kiritish.
8. Xodimlar haqida gʻamxoʻrlik qilish va intizom kuchaytiriladi
Korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida DSXO xodimlariga mehnatga haq toʻlash 2018 yildan buyon 1,7 marta oʻsdi. 1053 nafar xodimlar va ularning oila a’zolari «Xumson» dam olish maskaniga bepul yoʻllanma olishdi, 38 nafar xodim imtiyozli yoʻllanma asosida mamlakatdan tashqariga (Kislovodsk, Yalta) dam olish va davolanish uchun yuborildi. DSQning Oʻz xavfsizligi xizmati xodimlar oʻrtasida korrupsiyaga chek qoʻyish boʻyicha qat’iy choralar koʻrmoqda.
Xullas, barcha davlat soliq inspeksiyalari onlayn-videokuzatuv kameralari bilan jihozlangan. Korrupsiya darajasini aniqlash boʻyicha soliq toʻlovchilarni anonim tarzda muntazam ijtimoiy soʻrovdan oʻtkazish amalga oshirilmoqda. 2019 yilda 6 mingdan ziyod kishi soʻrovdan oʻtkazildi. Soliq organlarining yomon koʻrsatkichlarga ega mansabdor shaxslariga choralar koʻrildi.
Soliq toʻlovchilarning shikoyatlariga nisbatan tezkor munosabat bildirish maqsadida DSQning “ishonch telefoni” (71 244-98-98) kunu tun va dam olish kunlarisiz ishlamoqda. Shu kabi xizmat barcha soliq boʻlinmalarida mavjud. 2019 yilda ushbu raqamga soliq toʻlovchilardan 3941 ta murojaat kelib tushgan.
Soliq toʻlovchilarga yordam tariqasida DSQning Sall-markazi (71 202-32-82, qisqa raqam-1198) ham ishlab turibdi. Operatorlar har qanday savolga javob berish va shikoyatlarni qabul qilishga tayyorlar.
Sharhlarda mazkur masala boʻyicha oʻz takliflaringizni qoldiring.
Oleg GAYeVOY,
DSQ matbuot xizmati materiallari asosida