9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Karantin sababli zarar koʻrayotgan tadbirkor qayerga murojaat qilishi kerak? Ijaraga oluvchi ijaraga beruvchiga karantin davrida ijara haqini toʻlashi lozimmi? Ish beruvchilar xizmat avtobuslarida qancha xodimni tashishga haqli? Kontragent internetga ulanmagan boʻlsa, unga hujjatlar qanday yetkazib beriladi? Bu va boshqa savollarga javoblar – buxgalter.uz ning toʻplam materialida.
AOKA va Koronavirus Info telegram-kanallarida karantin davrida zarar koʻrayotgan Toshkent shahar tadbirkorlarining murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha shtab tashkil etilganligi haqidagi xabar e’lon qilindi. Shtabga quyidagi telefonlar orqali murojaat qilish mumkin: (95) 144-27-00, (71) 202-08-81. Respublika ishonch telefoni raqami: 1100. Sayt: business.gov.uz.
Gaybulla PRIMOV, Adliya vazirligi boshqarmasi boshligʻi:
– 31 martda avtomobil boshqaruvi uchun stiker oldim. Biroq kecha DAN xodimi meni toʻxtatib, ushbu stiker haqiqiy emasligini va unda mashina raqami koʻrsatilmaganligi uchun yangisiga almashtirish zarurligini aytdi. Yangi stiker olishim lozimmi?
– Mart oyining oxirgi kunlarida Davlat xizmati agentligi tomonidan 2500 dan ortiq stikerlar chiqarilgan, ularning amal qilish muddati 3 aprelda tugaydi. Ayni paytda ushbu stikerlarning amal qilish muddati cheklanmagan hisoblanadi va butun karantin davri mobaynida amal qiladi. Shu bois stikeringizni qayta rasmiylashtirishingiz shart emas.
– Xususiy tadbirkorman. Ijaraga oluvchi karantin davrida shartnoma ijrosi yuzasidan mol-mulkdan foydalanmayotgan boʻlsa, ijara haqini toʻlashi majburiy hisoblanadimi?
– Ijaraga oluvchi shartnomada belgilangan tartibda, shartnomada koʻrsatilgan muddatda ijara haqini toʻlashi shart. Karantin davrida mol-mulkdan foydalanilmayotganligi sababli ijara haqini toʻlash-toʻlamaslik masalalari tomonlarning oʻzaro kelishuviga yoki shartnomada nazarda tutilgan tartibga koʻra belgilanadi.
Shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 apreldagi Farmoniga muvofiq karantin davrida faoliyatini toʻxtatib turishga majbur boʻlgan korxonalar tomonidan davlat mulkidan foydalanganlik uchun ijara toʻlovini hisoblash va yigʻish toʻxtatilgan.
– Notijorat tashkilotiga rahbarlik qilaman. Tashkilot faoliyatini tugatish arafasida edik, biroq karantin tufayli jarayon boshlanmay qolib ketdi. Karantin davrida tashkilotni tugatish mumkinmi?
– Nodavlat notijorat tashkilotlari «Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida»gi Qonunning 36-moddasida belgilangan talablarga muvofiq uning rahbari yoki ijro etuvchi organining qaroriga binoan emas, balki uning olib boshqaruv organi yoki sudning qaroriga asosan tugatiladi.
Mehnat kodeksining 102-moddasiga muvofiq korxona tugatilganligi sababli ish beruvchi xodimni u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishi haqida kamida 2 oy oldin xabardor qilishi shart.
Ish beruvchining tashabbusiga koʻra koronavirus infeksiyasiga chalingan yoki karantinga joylashtirilgan, shuningdek 14 yoshgacha bolalari boʻlgan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalarining bekor qilinishi taqiqlangan.
Nurmat OTABEKOV, Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi rahbari:
– Karantin boʻlishiga qaramay, ayrim kompaniyalar oʻz faoliyatini davom ettirmoqda, oʻz xodimlaridan 30-40 kishini avtobusda tashimoqda. Ulardan kimdir kasal boʻlib qolsa, qolganlarning salomatligi uchun kim javobgar boʻladi?
– Fuqarolarni avtobuslarda tashish IIB yoʻl patrul xizmatlari tomonidan nazorat qilinadi.
Bugungi kunda karantin davrida faoliyat yuritishi majburiy boʻlgan idora va tashkilotlarning xodimlari maxsus avtobuslardan foydalangan holda tashilmoqda. Ushbu avtobuslar dezinfeksiyalanadi, ularning yoʻlovchilari esa majburiy tartibda niqob taqishlari lozim. Avtobuslarda belgilangan me’yordan oshmagan ravishda yoʻlovchilar tashiladi.
Karantin davrida faoliyatini davom ettirayotgan xodimlar tibbiy nazoratda boʻladi. Kun davomida ularning harorati oʻlchab turiladi, ular niqoblarda ishlaydilar.
Sherzod AHMATOV, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot kotibi:
– «Oʻzbekiston pochtasi» AJ yangi xizmati – «gibrid pochta» haqida aytib oʻtsangiz? Xalqaro pochta joʻnatmalari yetkazib berilayaptimi?
– Buyurtmachi pochta operatoriga joʻnatiladigan elektron shakldagi hujjatlarni oluvchi va joʻnatuvchining manzillari bilan yuboradi. Ular oluvchiga yaqin joylashgan pochta ofisida qogʻozga chiqariladi va konvertlarga joylanadi hamda eng qisqa muddat ichida yetkazib beriladi. Ayni paytda ushbu xizmatdan Davlat xizmatlari agentligi, Toshkent shahar Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi, Majburiy ijro byurosi va boshqa idoralar foydalanmoqda.
Xalqaro pochta joʻnatmalari boʻyicha xizmatlarga keladigan boʻlsak, tizim faoliyat yuritmoqda. Joʻnatmalar qabul qilinmoqda va ularga belgilangan sanitariya normalariga muvofiq ishlov berilmoqda.
AOKA materiallari asosida.