Yoʻldagi mashinalar soni yanada kamayadi

preview

8 aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasi tomonidan navbatdagi qaror qabul qilindi.

Unga muvofiq 9 apreldan boshlab davlat xizmatlari markazlari tomonidan avtotransport vositalarining harakatlanishi uchun maxsus ruxsatnomalar berish toʻxtatiladi. Koʻrib chiqish jarayonida boʻlgan arizalar qanoatlantirilmaydi. Avval berilgan barcha ruxsatnomalar oʻz kuchida qoladi – ular rasmiylashtirilgan avtotransportlar harakatlanishi mumkin boʻladi.

Shuningdek maxsus ruxsatnoma talab etilmaydigan holatlar roʻyxatiga oʻzgartirishlar kiritildi:

birinchidan, roʻyxatdan quyidagilar chiqarildi:

  • Prezident Administratsiyasi, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi, Milliy gvardiya, DBQ, Mudofaa vazirligi, FFV, sud va prokuratura organlari shaxsiy avtotransport vositalari;
  • vazirliklar, davlat qoʻmitalari, agentliklar hamda boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tarkibidagi tashkilotlar rahbarlari va oʻrinbosarlarining xizmat avtotransport vositalari;  
  • yoʻl-patrul xizmati avtomobillari yordamida kuzatilayotgan avtotransport vositalari;

ikkinchidan, quyidagilar roʻyxatga kiritildi:

  • xususiy tibbiy-sanitariya va epidemiologik xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotlarning xizmat avtotransport vositalari;
  • Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xizmat va xodimlarning shaxsiy avtotransport vositalari;
  • qator qoʻmitalar, agentliklar aksiyadorlik jamiyatlari, mas’uliyati cheklangan jamiyatlar, davlat korxonalariga  tegishli xizmat, xodimlarni tashuvchi (vaxta avtobuslari) va maxsus transport vositalari – YHXX xodimlari har bir avtotransport vositasini vizual koʻzdan kechirib, ularga harakatlanish yoʻnalishi va aniq manzili tushuntirilgandan keyin;
  • qishloq xoʻjaligi texnikalari.

Roʻyxatning ayrim bandlariga tuzatishlar kiritildi. Masalan, «CMD», «D», «UN», «M» va «X» davlat raqami belgilariga ega boʻlgan avtotransport vositalari xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari hamda xalqaro tashkilotlarining xizmat transportiga qarashli ekanligi aniqlashtirilgan. Quyidagi holatlarda ishchi ishlar organlariga taqdim etiladigan xizmat avtotransport vositalarining roʻyxatiga kiritilgan (50%ga qisqartirilgan) avtotransport vositalari tashkilot (muassasa) tomonidan berilgan ruxsatnomalar asosida harakatlanishga yoʻl qoʻyiladi:

  • yoʻlovchi tashish faoliyati bilan shugʻullanish litsenziyasiga ega boʻlgan yoʻnalishsiz taksilar yoʻlovchilarsiz faqat yetkazib berish xizmatlarini koʻrsatish maqsadida yoki inson hayotiga xavf tugʻdiradigan holatlarda yoʻlovchilar va kechiktirib boʻlmaydigan tibbiyot muolajalarini olayotgan bemor yoʻlovchilarni tashishda;
  • Markaziy bank va uning hududiy boshqarmalari hamda tijorat banklarining xizmat avtotransport vositalari;
  • aloqa xizmatlarini koʻrsatuvchi tashkilotlar, «Oʻzbekiston pochtasi» AJ, «Oʻzbektelekom» AK va uning tashkilotlari, shuningdek «Oʻzinfokom» yagona integratori» MChJning xizmat avtotransport vositalari.

Yangilangan roʻyxat bilan bu yerda tanishib chiqish mumkin.

Buxgalteriya hisobi va soliq solishga doir normativ hujjatlardagi yangi oʻzgarishlar Yangiliklar Yangiliklar /oz/publish/doc/text159112_yuldagi_mashinalar_soni_yanada_kamayadi