Davlat organlari karantin boʻyicha savollarga javob beradilar - 6

preview

Jamoatchilik ishlari jamgʻarmasi tomonidan ishsiz qolganlarga ish haqi toʻlab beriladimi? Rahbar karantin davrida ishlashga majburlayotgan boʻlsa, nima qilish kerak? Xususiy tibbiyot klinikalari xodimlari shaxsiy avtomobillaridan foydalanishlari mumkinmi? Jismoniy shaxslar kommunal xizmatlar boʻyicha qarzlarini qanday soʻndirishlari mumkin? Bu va boshqa savollarga javoblar – buxgalter.uz ning toʻplam materialida.

Shahnoza RAVShANOVA, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmati rahbari:

– Tadbirkorman. Haqiqatan ham, ishsiz qolganlar karantin davrida korxonaga ishga jalb qilinganda ularning ish haqi Mehnat vazirligi tomonidan toʻlanadimi?

– Ha, shunday. Karantin choralari qoʻllanilgan davrda, ish beruvchining idoraviy buysunuvidan va mulkchilikning tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, jamoatchilik ishlarida band boʻlgan xodimlarning ish haqi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoatchilik ishlari jamgʻarmasi tomonidan toʻliq, ya’ni 100 foiz toʻlanadi.

Asos – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi Farmoni va shu sanadagi 18-son majlis bayonnomasi.

– Davlat unitar korxonasi 20 nafar xodimni jalb etgan holda binoni rekonstruksiya qilish ishlarini olib bormoqda. Tashkilot bunga haqlimi?

– Ha, agar ish beruvchi qonun doirasida ish yuritayotgan boʻlsa, bunga haqli. Mazkur holatda mehnat shartnomasi rasmiylashtirilishi, ishchilarga zarur sharoitlar yaratib berilishi, ish haqi oʻz vaqtida toʻlanishi lozim.

Ishlar karantin davrida olib borilayotganligini hisobga olgan holda, binoda barcha sanitariya-profilaktika chora-tadbirlariga rioya etilishi lozim. Bunda davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi tomonidan nazorat ishlari amalga oshiriladi.

– Qarshi shahar yer resurslari va kadastri shahar boshqarmasining yopiq boʻlishiga (karantin sababli) va tegishincha, uning xodimlari ta’tilga chiqarilganligiga qaramay, tashkilot rahbari bizdan ishni davom ettirishni talab qilyapti. Mazkur holat yuzasidan kim bilan bogʻlanish mumkin?

– Mehnat huquqlaringiz buzilgan taqdirda, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan 1176; (71) 200-06-00 telefon raqamlari va @mehnathuqubot telegram-boti yoki dmi.mehnat.uz veb-sayti orqali bogʻlanishingiz mumkin. 


Gʻaybulla PRIMOV, Adliya vazirligi boshqarmasi boshligʻi:

– Maxsus ruxsatnomasiz avtomobilni boshqarganligim uchun 4 460 000 soʻm jarimaga tushdim. Prezidentning Farmoniga binoan jarima faqat karantin tugaganidan keyin toʻlanishini eshitdim. Shu toʻgʻrimi?

– Prezidentning 2020 yil 3 apreldagi «Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi Farmoniga muvofiq karantinga olingan shaxslarga nisbatan qoʻllanilgan ma’muriy jarimalarni (karantin qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik bundan mustasno) toʻlash muddatlari karantin muddati tugaguniga qadar uzaytirilishi belgilangan.

Bundan kelib chiqqan holda, karantin qoidalarini buzganligingiz uchun sizga solingan jarimani toʻlash muddati uzaytirilmaydi.

Ushbu norma faqat karantinga olingan shaxslarga taalluqlidir.

– Xususiy klinikaning bosh shifokoriman, xizmat mashinam yoʻqligi sababli shaxsiy avtotransportimda harakatlanishim mumkinmi?

– Ayrim avtotransport vositalari uchun maxsus ruxsatnomalar olinishi talab etilmaydigan holatlar roʻyxatiga oʻzgartirishlar kiritildi.

Ushbu roʻyxatga muvofiq tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, sogʻliqni saqlash tizimidagi tashkilotlarning xizmat va shaxsiy transport vositalari roʻyxatdan chiqarilgan. Bunda davlat sogʻliqni saqlash tizimidagi sanitariya-epidemiologiya xizmatlarini koʻrsatuvchi tashkilotlar va xizmatlar xodimlarining shaxsiy avtotransport vositalari roʻyxatda qoldirilgan.

Ushbu roʻyxatda xususiy tibbiyot muassasalari xodimlariga shaxsiy avtotransportlarida harakatlanishga ruxsat etilmagan.


Abduvohid ShAROPOV, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mehnat inspeksiyasi bosh texnik inspektori:

- Korxona rahbariman. Korxonamizda 100 dan ortiq xodim ishlar edi, hozir esa 60 kishi ishlaydi. Biz xodimlarning haroratini oʻlchab turamiz, ularni niqoblar va dezinfeksiya vositalari bilan ta’minlaymiz. Karantin davrida qanday ishlash kerak?

- «Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida»gi Qonunning 18-moddasiga muvofiq:

  • noqulay mehnat sharoitidagi ishlarda band boʻlgan xodimlar belgilangan normalarga muvofiq maxsus kiyimlar, maxsus poyabzal va shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlanishi lozim;
  • ish beruvchi xodimlarning shaxsiy himoya vositalari boʻyicha texnik xizmat koʻrsatish, yuvish, tozalash almashtirish, dezinfeksiya qilish va zararsizlantirish ishlarini oʻz hisobidan amalga oshirishi lozim.

Smenali ishlarda bir necha kishilar foydalanishi mumkin boʻlgan maxsus kiyimlar va shaxsiy himoya vositalarining bir necha turlari mavjud. Masalan, dielektrik kalishlar, dielektrik qoʻlqoplar, rezina fartuklar, himoya shlemi, himoya ust kiyimi, shlangli protivogaz  va shunga oʻxshash himoya vositalari har bir smena oxirida mutaxassislar bilan maslahatlashgan holda dezinfeksiya qilinishi lozim.


Farrux TOShPOʻLATOV, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi axborot xizmati rahbari:

– Karantindan keyin xorijga bormoqchi boʻlsam, qarzim bor-yoʻqligini qanday bilsam boʻladi? Kimga murojaat qilishim kerak?

– mib.uz rasmiy saytida «Interaktiv servislar» sahifasida «Respublikadan chiqishga cheklovlar» blogidan foydalaning.

– Majburiy ijro byurosining servislari orqali kommunal xizmatlar uchun haq toʻlasa boʻladi, deb eshitdim. Buni qanday amalga oshirish mumkin?

– Telegram messenjerdagi  @mibuzbot botidan foydalaning.

Buning uchun quyidagilarni amalga oshirishingiz lozim:

  • bot kanaliga kiring va «boshlash» tugmasini bosing, soʻngra uni mobil telefoningiz raqamiga ulang;
  • kommunal xizmatlar turlariga muvofiq shaxsiy ma’lumotlaringizni, shuningdek yashash joyingiz ma’lumotlarini kiriting;
  • hisoblagich suratini joʻnating, toʻlovlarni kuzating va shu tariqa qarzingizni soʻndirishingiz mumkin.

Bunday imkoniyat Majburiy ijro byurosining mib.uz rasmiy veb-saytida ham mavjud.

«AOKA» materiallari asosida.

Buxgalteriya hisobi va soliq solishga doir normativ hujjatlardagi yangi oʻzgarishlar Yangiliklar Yangiliklar /oz/publish/doc/text159200_davlat_organlari_karantin_buyicha_savollarga_javob_beradilar_-_6