Davlat organlari karantin boʻyicha savollarga javob beradilar - 8

preview

Karantin davrida korxonaning hisobraqamida pul mablagʻlari tugagan boʻlsa, Pensiya jamgʻarmasiga toʻlovlar qanday toʻlanadi? Oziq-ovqat doʻkonlari ish tartibida cheklovlar mavjudmi? Xususiy issiqxonadan hosilni qanday tashish mumkin? Karantin qoidalarini buzganlik uchun avtomobilning jarima maydonchasiga joylashtirilishi qonuniymi? Bu va boshqa savollarga javoblar – buxgalter.uz ning toʻplam materialida.

Muzaffar Yusuf NAZAROV, DSQ boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari:

 – Karantin davrida Pensiya jamgʻarmasiga toʻlovlar qanday toʻlanadi?

– Tadbirkorlar barcha soliqlar va majburiy toʻlovlarni soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali toʻlashlari mumkin. Buning uchun shaxsiy kabinetda kerakli soliq yoki toʻlov turini tanlash hamda toʻlanadigan summani koʻrsatish va «Toʻlov» tugmasini bosishning oʻzi kifoya. Toʻlangan summa soliq toʻlovchining shaxsiy kartasiga oʻtkaziladi.

Soliq toʻlovchining bankdagi hisobraqamida mablagʻ yetarli boʻlmasa, uning toʻlov topshriqnomasi avtomatik tarzda bankning 2-son kartotekasiga joylashtiriladi va Davlat soliq inspeksiyasiga elektron shakldagi xabarnoma yuboriladi.

– Oziq-ovqat doʻkonlari soat 19.00 dan keyin yopilishi lozimmi?

– Yoʻq. Respublika maxsus komissiyasi qarorlarida oziq-ovqat doʻkonlari faoliyatini cheklash nazarda tutilmagan. Oziq-ovqat doʻkonining ish tartibi uning rahbari tomonidan belgilanadi.

Shoxrux GʻIYoSOV, IIV axborot xizmati rahbari:

– Toshkentda yaqin kunlarda (20 apreldan keyin) barcha tadbirkorlar avtomobillarida stikersiz yurishlariga ruxsat beriladi, degan gaplar quloqqa chalinmoqda. Shu toʻgʻrimi?

– Bugungi kunda bu borada maxsus hujjat mavjud emas.

– Nima uchun karantin qoidalarini buzgan haydovchilarning transport vositalari jarima maydonchasiga joylashtiriladi?

– MJTKning 54-moddasida sanab oʻtilmagan transport vositalarini toʻxtatish, ya’ni epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzgan transport vositalarini vaqtinchalik ushlab turish uchun asoslar MJTKning 291-moddasida belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 martdagi 176-son qarori bilan maxsus komissiya vakolati doirasida qabul qilgan qarori idoraviy mansubligidan va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, barcha tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslari, shuningdek fuqarolar tomonidan ijro etilishi majburiy hisoblanadi.

Maxsus komissiyasining 4 apreldagi 16-son bayonnomasida quyidagilar qayd etilgan: «Karantin chora-tadbirlarini soʻzsiz bajarilishi hamda transport vositalarini maxsus ruxsatnomasiz boshqargan holda  qoidalarni buzishda davom etishga yoʻl qoʻymaslik maqsadlarida ichki ishlar organlari YPX xodimlari tomonidan tartibni buzganligi uchun toʻxtatilgan transport vositalari jarima maydonchasiga joylashtiriladi».

AOKA shtabida axborot xizmati rahbari ishtirokida oʻtkazilgan brifing:

– Issiqxonamdagi sabzavotlarni shaxsiy mashinamda bozorga olib borsam boʻladimi?

– Maxsus komissiyaning 2020 yil 11 apreldagi 18-son ma’lumotiga muvofiq yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini M1 yoki M2 toifadagi shaxsiy avtomobilda bozorga yoki oziq-ovqat doʻkonlariga yetkazib berishingiz mumkin.


 AOKA telegram–kanali materiallari asosida.

Buxgalteriya hisobi va soliq solishga doir normativ hujjatlardagi yangi oʻzgarishlar Yangiliklar Yangiliklar /oz/publish/doc/text159341_davlat_organlari_karantin_buyicha_savollarga_javob_beradilar_-_8