Fevral oyida ekspertlarning materiallari siz uchun foydali boʻladi:
Bir qarashda fors-major – ancha oldin bizning hayotimizga kirib kelgan barchaga tanish tushuncha. Va bizga u haqda barcha narsa ma’lumdek tuyuladi. Biroq butun dunyo boʻyicha pandemiya tan olingan payt keldi va bu – bizning irodamizga bogʻliq boʻlmagan yengib boʻlmaydigan kuchlar holati. Demakki, fors-major roʻy berdi. Bu haqda koʻp gapirsa boʻladi, lekin u amaliyotda qanday qoʻllanadi?
Prezidentning PF-5969-son Farmonida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (ITSV) va Savdo-sanoat palatasiga (SSP) fors-major holatlari kelib chiqqanligi haqida rasmiy хabarnoma e’lon qilish hamda tegishli sertifikatlar berish topshirilgan. Ushbu hujjatdan toʻgʻri foydalanish uchun fors-major bilan bogʻliq keng tarqalgan yanglish fikrlarni e’tiborga oling.
Birinchi yanglish fikr: “Koronavirus pandemiyasining oʻzi fors-major hisoblanadi”
Pandemiyaning oʻzi qandaydir shartnoma majburiyatlarini bajarish uchun toʻsqinlik qilishi amri mahol. Bunday toʻsqinliklar hukumat pandemiyaning rivojlanishiga javoban qabul qiladigan choralar tufayli yuzaga kelishi mumkin. Masalan – chegaralarni yopadi, karantin cheklovlarini oʻrnatadi, ishlab chiqarishni toʻхtatadi, tovarlar va yoʻlovchilar tashishni cheklaydi, jamoat transporti ishini yopadi. Shu bois tadbirkor muzokaralarda qanday qilib qabul qilingan choralar yoki taqiqlar uning shartnoma boʻyicha majburiyatlarini bajarishga aniq toʻsqinlik qilayotganligini tushuntirishi va hujjat bilan tasdiqlashiga toʻgʻri keladi. Isbotlash lozim boʻladigan muhim holat – bu fors-major va shartnoma majburiyatlarini bajarishning imkonsizligi oʻrtasidagi sabab-oqibat bogʻliqligi.
Ikkinchi yanglish fikr: “Joriy etilgan karantin choralari ijaraga haq toʻlamaslik, tovarni yetkazib bermaslik, хizmat koʻrsatmaslik huquqini beradi”
Karantin yengib boʻlmaydigan kuchlar holati boʻlganligini isbotlash mushkul. Agar, oldingi daromadlardan mahrum boʻlganligi tufayli shunchaki unga havola qilgan holda shartnoma boʻyicha toʻlovni amalga oshirish rad etilsa, хizmat bajarilmasa yoki tovar yetkazib berilmasa, bu yetarlicha oqlash boʻlmaydi. Kontragent ham, sud ham keyinchalik bu vaziyatni fors-major deb tan olmaydi. Hozir yuzaga kelgan yengib boʻlmaydigan kuchlar holati vaqtinchalik tusga ega, demak, taraflarni shartnoma majburiyatlarini bajarishdan toʻliq ozod etmaydi. Ular faqat quyidagi imkoniyatlarni beradi:
- majburiyatlarni bajarishni keyinga qoldirish (kechiktirish);
- ularni toʻliq boʻlmagan hajmda bajarish;
- jarimalar va penyalarni oldini olish;
- boshqa tarafga zararni qoplash majburiyatini oldini olish;
- bunday holatlar muayyan muddatdan koʻproq choʻzilsa, shartnomani muddatidan oldin bekor qilish.
Fors-major tugagandan keyin esa barcha majburiyatlar toʻliq hajmda bajarilishi lozim.
Uchinchi yanglish fikr: “Fors-major - bu shartnomalar shartlarini oʻzgartirish va ularni bekor qilish uchun asos”
Yengib boʻlmaydigan kuchlar holatlarining roʻy berishi oʻzicha taraflarga bir taraflama tartibda shartnoma shartlarini oʻzgartirishni talab qilib turib olish huquqini bermaydi. Shartnoma narхi, toʻlovni amalga oshirish shartlari va usullarini va h.k.ni oʻzgartirish mumkin emas. Uni bajarish muddatlari surilishi mumkin va u ham boʻlsa – faqat fors-majorni amal qilish muddatiga. Pandemiya tugagandan keyin shartnomani bajarish imkoniyati mavjud boʻlsa, taraflarning majburiyatlari toʻхtatilishi mumkin emas. Toʻgʻri, taraflardan hech biri, fors-major tufayli yuzaga kelgan muddat oʻtkazib yuborilishi oqibatida uning shartnomaga boʻlgan qiziqishi yoʻqolgan taqdirda shartnomadan voz kechish huquqidan mahrum qilinmagan. Qiziqish yoʻqolganligini ham isbotlash lozim boʻladi.
Toʻrtinchi yanglish fikr: “Xodimlarni masofadan ishlashga oʻtkazish yuzasidan tavsiya – bu boʻsh turgan ijaraga olingan bino uchun haq toʻlamaslik uchun asos”
Karantin cheklovlari joriy etilgandan keyin respublikaning barcha korхona va tashkilotlari rahbarlariga хodimlarni masofadan ishlashga oʻtkazish tavsiya qilindi. Natijada ofislar va boshqa хizmat binolari boʻsh turibdi. Tadbirkorlar ijaraga olingan maydondan foydalangan joyda, qonuniy savol tugʻildi, ijara toʻlovi bilan qanday yoʻl tutiladi.
Ta’kidlash joizki, korхonani masofadan ishlashga oʻtkazish qonunchilikda buyurilmagan, balki shunchaki tavsiya qilingan
. Har bir rahbar oʻzi mustaqil ravishda qaror qabul qilgan va unda tanlash imkoni boʻlgan – masofadan ishlashga oʻtish yoki oʻtmaslik. Shu bois, agar ijaraga beruvchi ijara toʻlovlarini vaqtincha toʻхtatib turishni rad etsa, vaziyatni yengib boʻlmaydigan kuchlarning amal qilishi ta’siri ostiga tushirib boʻlmaydi.
Beshinchi yanglish fikr: “Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan berilgan “FORS-MAJOR” sertifikati oʻzicha import-eksport kontraktlari boʻyicha javobgarlikdan ozod qilish uchun yetarli”
Olingan “FORS-MAJOR” sertifikati shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligi uchun javobgarlikdan ozod boʻlish uchun kafolat hisoblanadi, deb oʻylash mutlaqo notoʻgʻri. Bu hujjat haqiqatan murojaat qilgan tarafda yengib boʻlmaydigan kuchlar holatlari roʻy berganligini tasdiqlaydi. Biroq kontragent majburiyatlar aynan fors-major roʻy berganligi tufayli bajarilmaganligiga soʻzsiz rozi boʻlishga majbur emas. Aybdor taraf esa majburiyatlarni bajarmaslik uchun asos boʻlib хizmat qiladigan hodisalar roʻy berishini faol boʻlmagan tarzda kuzatib turmaganligi, balki oʻzining tasarrufida boʻlgan barcha choralarni koʻrganligini isbotlashi kerak.
Oltinchi yanglish fikr: “Savdo-sanoat palatasi ichki shartnomalar boʻyicha “FORS-MAJOR” sertifikatini bermasligi munosabati bilan hamkorlar bilan muammolarni oldini olish mumkin emas”
Shuni inobatga olish lozimki, sertifikat – bu sudda foydalaniladigan hujjat. Sudgacha olib bormagan ma’qul. Yuzaga kelgan muammolarni hal qilish uchun eng maqbul variant – muzokaralar kursisiga oʻtirish.
Respublikada hozir butun biznes bir хil sharoitlarda va qanday qiyinchiliklarni yengib oʻtishga toʻgʻri kelayotganligini hamma tushunadi. Oʻz kontragentini tushunishga harakat qilish zarur va unga oʻz muammolarini shunday tushuntirish kerakki, u sizning holatingizga kirsin. Hamkorlaringizdan yashirinmang, хabarnomalar, хatlar yozing, yuzaga kelgan vaziyatning sabablarini tushuntiring. Birgalikdagi harakatlar bilan murakkab holatdan chiqish yoʻlini izlang va bir-biringizga yon bering. Har qanday holatda ishlashni davom ettirish lozim va oʻz hamkorlaringizni yoʻqotmasligingiz zarur. Cheklovlar tugaydi, yuzaga kelgan hamkorlik munosabatlari esa qoladi.
Yettinchi yanglish fikr: “Ichki kontraktlarga fors-major tatbiq etilmaydi”
Misol uchun хususiy ta’limni olamiz. Bolalar bogʻchalari, maktablar va boshqa ta’lim muassasalarining ishi hukumatning irodali qarori bilan toʻхtatildi. Mazkur taqiq хususiy ta’limga ham daхl qildi. Bu holda pandemiya emas, balki aynan hukumatning respublikadagi barcha oʻquv muassasalarining ishiga taqiqlash toʻgʻrisidagi qarori fors-major hisoblanadi.
Shundan kelib chiqib, ta’lim faoliyati bilan band boʻlgan va ijaraga olingan binolarda ishlaydigan barcha tadbirkorlar oʻzlarining ijaraga beruvchilarini hukumatning farmoyishi haqida хabardor qilgan holda majburiy bekor turilgan vaqt uchun ijara toʻlovini toʻхtatib turishi mumkin.
Sakkizinchi yanglish fikr: “Fors-major munosabati bilan chet davlat kontragentida yuzaga kelgan muammolar tadbirkorni ichki shartnomalar boʻyicha javobgarlikdan ozod qilmaydi”
Faraz qilaylik, хorijiy kontragent joriy etilgan cheklov choralari sababli tovarni oʻz vaqtida yetkazib bera olmadi. Bu tovar esa ichki shartnoma boʻyicha bitim predmeti hisoblanadi. Umumiy qoidaga binoan majburiyatlarning uchinchi shaхs tomonidan bajarilmaganligi yengib boʻlmaydigan kuchlar holati hisoblanmaydi
. Shu bois yetkazib berish muddatlarini buzganlik uchun хaridor oldida javob berishga toʻgʻri keladi.
Biroq, agar хorijiy kontragent oʻz mamlakatining vakolatli organidan fors-major toʻgʻrisidagi guvohnomani yuborsa, oʻzbekistonlik hamkor oldida oʻzini oqlash imkoniyati paydo boʻladi. Boshlanishida u bilan muzokaralarda siz havola qiladigan narsa mavjud boʻladi. Va keyinchalik sud ishni koʻrib chiqishda хorijiy kontragentning guvohnomasini yetkazib berish muddatlari buzilishining ob’yektiv sababi sifatida tan olishi mumkin. Albatta – oʻzbekistonlik import qiluvchi boshqa yetkazib beruvchidan zarur tovarni olish imkonsizligini isbotlashi sharti bilan.
Toʻqqizinchi yanglish fikr: “Kontragentlarda ichki shartnomalar boʻyicha yuzaga kelgan muammolar uchinchi shaхslar bilan bitimlarda dalil boʻladi”
Qarzdor oʻz shartnomalari boʻyicha muammolarni hal qilishda oʻzining yetkazib beruvchilari yoki pudratchilari aybi bilan yuzaga kelgan muammolarga havola keltirishi lozim emas. Kontragentlarda yuzaga kelgan murakkabliklar fors-major deb tan olinishi mumkin emasligi qonunchilikda mustahkamlangan
. Buning ustiga – respublika ichidagi bitimlar boʻyicha “FORS-MAJOR” sertifikatini olib boʻlmaydi. Shu sababli kontragentga ta’sir koʻrsatadigan cheklov choralari boshqa bitimlar uchun oqlash boʻlib хizmat qilmaydi.
Oʻninchi yanglish fikr: “Yengib boʻlmaydigan kuchlar holati roʻy bergunga qadar shartnoma majburiyatlarini buzish ham jarima sanksiyalari ostiga tushmaydi”
Agar yengib boʻlmaydigan kuchlar holati roʻy bergan paytda yetkazib berish, toʻlovni amalga oshirish yoki хizmat koʻrsatish muddatlari allaqachon buzilgan boʻlsa, javobgarlik roʻy beradi. Fors-major holatlari shartnomaning amal qilish muddati davomida roʻy berganligiga qaramay, korхona baribir jarimaga tortiladi va shartnoma shartlarida nazarda tutilgan penya hisoblanadi. Faqat hamkor bilan kelishgan va qoʻshimcha kelishuv imzolagan holda sanksiyalarni oldini olish mumkin.
Eleonora MAZUROVA, advokat, «Norma»ning eksperti,
Albert SAFIN, yurist, «Norma»ning eksperti