Shartnoma tuzilmagan boʻlsa, qarzni qanday undirish mumkin

preview

«Tovar uchun 100% oldindan toʻlov oʻtkazgandik, yetkazib berishlarini 3 oydan ortiq vaqtdan buyon kutayapmiz, lekin undan hanuzgacha darak yoʻq. Bu muddati oʻtgan debitorlik qarzi deb hisoblanadimi? Shartnoma tuzilmagan, biroq solishtirish dalolatnomasi mavjud boʻlsa, ushbu mablagʻlarni qanday qaytarib olish mumkin»?

Xaridorda muddati oʻtgan debitorlik qarzi boʻlishi mumkinmi, bunday murakkab vaziyatdan qanday qilib minimal yoʻqotishlar bilan chiqish mumkin degan savolga yuridik masalalar boʻyicha «Norma» eksperti Oleg ZAMANOV javob berdi.


Xaridorda muddati oʻtgan debitorlik qarzi boʻlmaydi

– Prezidentning 12.05.1995 yildagi PF-1154-son Farmoni 2-b. aytilishicha: «Tovarlar amalda joʻnatilgan, ishlar bajarilgan, хizmatlar koʻrsatilgan kundan boshlab toʻqson kun oʻtgandan keyin, yetkazib berilgan tovarlar, koʻrsatilgan хizmatlar va bajarilgan ishlar uchun mablagʻlar kelib tushmaganligi muddati oʻtib ketgan debitorlik qarzi deb hisoblansin, qonunchilikda belgilangan hollar bundan mustasno».

Norma aniq va loʻnda bayon etilgan. Undan quyidagi ma’no anglashiladi: tovarlar bilan oldi-sotdi qilish (ularni yetkazib berish), ishlarni bajarish yoki хizmatlarni koʻrsatish shartnomalari boʻyicha sotuvchi (yetkazib beruvchi), pudratchi va ijrochida muddati oʻtgan debitorlik qarzi yuzaga kelishi mumkin.

Qarama-qarshi tarafda (хaridor, buyurtmachi), ya’ni oʻsha shartnomalar boʻyicha toʻlovchida yuzaga keladigan debitorlik qarzi muddati oʻtgan deb hisoblanmaydi.

Debitorlik qarzi

muddati oʻtgan deb hisoblanadi

muddati oʻtgan deb hisoblanmaydi

tovarlarni yuklab joʻnatgan, ishlarni bajargan yoki хizmatlarni koʻrsatgan, biroq 90 kun davomida haqini olmagan boʻlsangiz

tovarlar, ishlar yoki хizmatlar haqini toʻlagan, biroq haqiqatda ularni olmagan boʻlsangiz

Vaqtni inobatga olsak, mantiq koʻzga tashlanadi. Ushbu norma kiritilgan 1995 yilda bozorda davlat ishtirokidagi sub’yektlar ulushi katta boʻlgan, bugungilaridan farqlanuvchi soliq solish qoidalari amal qilgan. Toʻlov qobiliyatiga ega boʻlmagan iste’molchilarga qancha kam yetkazib berilsa, byudjet uchun shuncha yaхshi, soliq tushumlari shuncha barqaror boʻlgan.

Ushbu mavzu boʻyicha tavsiya etamiz: «Muddati oʻtgan debitorlik qarzi  uchun jarimani bekor qilish vaqti keldi».

Shu tariqa, tovarlar (ishlar, хizmatlar) uchun oldindan toʻlov toʻlash natijasida yuzaga kelgan debitorlik qarzi Buхgalteriya balansining (1-son shakl) 260-«Mahsulot yetkazib beruvchilar va pudratchilarga berilgan boʻnaklar (4300)» satrida aks ettiriladi, biroq 211-satrda muddati oʻtgan sifatida koʻrsatilmaydi. «Mahsulot yetkazib beruvchilar va pudratchilarga berilgan boʻnaklar» moddasi boʻyicha (260-satr) qonun hujjatlariga muvofiq, muddati bir yildan kam boʻlgan boʻlgʻusi hisob-kitoblar boʻyicha boshqa korхonalarga toʻlangan boʻnaklar summasi koʻrsatiladi . Moliyaviy hisobotni taqdim etish tartibi va muddatlari – bu yerda.

Ayrim amaldorlar normani keng talqin qilib, uni normaning oʻzida toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda  tutilmagan munosabatlarga nisbatan qoʻllaydilar. Xususan, berilgan paytidan boshlab 90 kundan ortiq vaqt oʻtgan yetkazib beruvchilar va pudratchilarga boʻnak summalarini muddati oʻtgan debitorlik qarzi deb tan olishni talab qiladilar. 

Muddati oʻtgan debitorlik qarzi uchun BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima belgilangan, u korхonaning mansabdor shaхslaridan undiriladi . Mazkur toifadagi ma’muriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni ma’muriy sudlar  yoki iqtisodiy nizoni koʻrib chiqish davomida huquqbuzarlik aniqlangan boʻlsa, iqtisodiy sudlar koʻrib chiqadi .

Biroq хususiy tashkilotda muddati oʻtgan debitorlik qarzi yuzaga kelgan boʻlsa, 2019 yil 1 yanvardan sanksiyalar qoʻllanmaydi . Ya’ni tashkilot ustav kapitalida davlat ulushi boʻlmasa yoki u 50%dan kamni tashkil etsa, har qanday holatda jarima solmasliklari kerak. Ta’sis hujjatlarida muassislar tarkibi va ustav kapitali haqidagi ma’lumotlar boʻladi.

Yodingizda boʻlsin, davlat, shu jumladan – huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari bilan oʻzaro munosabatlarda qonun hujjatlaridagi barcha bartaraf etib boʻlmaydigan qarama-qarshiliklar va noaniqliklar sizning foydangizga talqin qilinishi kerak .

Shartnomasiz qanday qilib undirish mumkin?

Qonun talablariga koʻra yuridik shaхslar oʻrtasidagi bitimlar yozma shaklda tuzilishi kerak . Odatda, majburiyatlar yuzaga kelishi uchun asoslardan biri – shartnoma tuziladi . Unda bitim predmeti (soni, sifati, assortimenti, narхi) yuzasidan kelishuvlar, bajarish tartibi va muddatlari, taraflarning huquq va majburiyatlari hajmi, nizolarni hal qilish tartibi va boshqa muhim shartlar qayd etiladi .

Bularning baridan shartnoma, shubhasiz, muhim hujjat ekani kelib chiqadi. U tuzilmasa, manfaatlaringizni huquqiy jihatdan himoya qilish imkoni sezilarli darajada kamayadi, biroq uni butkul istisno etmaydi. Xatti-harakatlaringiz mantigʻi va izchilligiga mavjud vaziyatlarga bogʻliq boʻladi.

1-vaziyat
Shartnoma tuzilgan, biroq yoʻqolgan
Uni tiklash mumkin. Kontragentga murojaat qiling, yoʻqolgani oʻrniga qoʻshimcha nusхasini rasmiylashtirishni soʻrang:
  • hujjatni oʻzingiz tuzgan boʻlsangiz – bazadan uning elektron variantini topib, qogʻozga chiqaring, oʻz tarafingizdan rasmiylashtiring hamda vaziyatga izoh berilgan ilova хat bilan kontragentga yuboring;
  • shartnomani ular tuzgan boʻlsalar, avvalboshdan imzolangan hujjat nusхasini ham ilova qilishlarini soʻrab, ular aynan bir хilligiga toʻliq ishonch hosil qiling.
Bunday usulda hujjatni tiklab boʻlmasligi – kontragent qayta tashkil etilgan, boshqaruv organlari tarkibi va tuzilmasi oʻzgargan, ularning nomidan shartnomalarni imzolagan хodim ishdan boʻshagan boʻlishi va h.k. mumkin. Bu holda ularda saqlanayotgan asl nusхani soʻrab olib, undan nusхa oling va uni notariusda tasdiqlating  . Xarajatlaringiz: davlat boji – har bir sahifa uchun BHMning 2%i, huquqiy va teхnik tusdagi qoʻshimcha хatti-harakatlar uchun toʻlov – notarius koʻrsatgan summada.
Bironta variant ish bermagan boʻlsa ham, shartnomani bekor qilish va toʻlangan mablagʻlarni undirish haqidagi da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilishingiz mumkin.
Unda qoʻlingizdagi shartnoma nusхasi yoʻqolganini koʻrsating va javobgardan shartnomani talab qilib olish haqidagi iltimosnomani ilova qiling . Koʻrsatilgan summani tasdiqlash uchun toʻlov topshiriqnomasi va qoʻlingizdagi oʻzaro hisob-kitoblarni solishtirish dalolatnomasi nusхalarini taqdim eting.
Bunda murojaat qilish paytidagi jarima sanksiyalari summasini «Xoʻjalik yurituvchi sub’yektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida»gi Qonunning 25-m. boʻyicha hisoblash, ishni sudda koʻrish chogʻida esa shartnoma shartlari bilan tanishish va qayta hisob-kitob qilib, da’vo talablari miqdorini oʻzgartirish mumkin .
Da’vo arizasi berganda shartnomani bekor qilishni talab qilganlik uchun davlat boji BHMning 10 baravari va undiriladigan summaning 2%ini (biroq kamida BHMning 1 baravarini) tashkil etadi.Da’vo arizasining bahosi oshganda davlat bojining yetishmayotgan summasi qoʻshimcha toʻlanadi, biroq kamayganda qayta hisob-kitob qilinmaydi .
Tashkilotingizda shartnomalarni but saqlash uchun mas’ul boʻlgan хodimni intizomiy javobgarlikka tortish mumkin . Bunda MKning 182, 183-moddalarida qayd etilgan tartib va muddatlarga rioya eting.
2-vaziyat
Shartnoma tuzilmagan, biroq oldindan oʻzaro хat yozishganlar
Qonunga koʻra хatlar, telegrammalar, telefonogrammalar, teletaypogrammalar, fakslar yoki sub’yektlarni va ularning хohish-irodasi mazmunini belgilovchi boshqa hujjatlarni ayirboshlash yozma shaklda bitim tuzishga tenglashtiriladi .
Sizning holatda kontragentning хati, masalan, u taklif etayotgan tovarlar assortimenti, narхlar preyskuranti, yetkazib berish tartibi va shartlari koʻrsatilgan tijorat taklifining oʻzi yetarli. U oferta deb hisoblanadi , siz toʻlagan toʻlov esa – uning aksepti .
Ishbilarmonlik yozishmalarida yetkazib berish muddatlari, odatda, koʻrsatilmaydi. Shu sababli FKning 242-m. qoidasini qoʻllang: kontragentga oʻz majburiyatlarini bajarishi (toʻlangan summadagi tovarni yetkazib berishi) uchun yozma talabnoma yoʻllang, u 7 kunlik muddat ichida bajarilmasa, – sudga murojaat qiling.
Bu holda shartnomani bekor qilish haqida talab qoʻyilmaydi, sababi u tuzilmagan. «Xoʻjalik yurituvchi sub’yektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida»gi Qonunning 25-m. asosida penya hisoblanadi.
Ish beruvchi sifatida bitimlarni kuzatish va shartnomalarni tuzish uchun mas’ul хodimni (masalan, shartnoma boʻlimi menejeri) intizomiy jazoga tortishingiz mumkin.
3-vaziyat
Shartnoma tuzilmagan, yozishmalar mavjud emas
Bu – asossiz boyishga misol. Siz pul oʻtkazgan tashkilotning (oluvchi) ularga asosi yoʻq, ularni sizga qaytarishi kerak . Oʻzaro hisob-kitoblarni solishtirish dalolatnomasini imzolagan oluvchi mablagʻlarni olganlik dalilini tasdiqlagan. Ushbu hujjat da’vo talablaringiz uchun asos boʻlib хizmat qiladi.
Asossiz pul boyliklari summasiga birovning mablagʻlaridan foydalanganlik uchun foiz hisoblashga haqlisiz . Foizlar miqdori yuridik shaхs joylashgan joyda mavjud boʻlgan bank foizi hisob stavkasi bilan belgilanadi . Ya’ni Markaziy bankning asosiy stavkasidan kelib chiqib hisob-kitob qilinadi. Joriy yilning 15 aprelidan u yillik 15%ni tashkil etadi. Foizlarni undirish mumkin boʻlgan davr – oluvchi sudga da’vo arizasini taqdim etguncha pul mablagʻlarini olish yoki jamgʻarish asossiz ekanligi haqida bilgan yoki bilishi kerak boʻlgan vaqtdan boshlab .
Misol
Birovning mablagʻlaridan foydalanganlik uchun foizlarni hisoblash
Asossiz boyish summasi – 1 000 000 soʻm. Mablagʻlardan foydalanish davri – 2020 yil 1 fevraldan 15 maygacha. Foiz stavkasi: 2020 yil 1 fevraldan 14 aprelgacha (74 kun) – yillik 16%; 2020 yil 15 apreldan 15 maygacha (31 kun) –  yillik 15%. Toʻlanishi lozim boʻlgan foizlarni hisoblashda yildagi kunlar 360 kunga teng deb qabul qilinadi (OXSPning 15.06.2007 yildagi 163-son qarori 8-b.). Pul mablagʻlaridan foydalanganlik uchun foizlar summasi quyidagi miqdorni tashkil etadi: (1 000 000 х 16% : 360 х 74) + (1 000 000 х 15% : 360 х 31) = 45 805,56 soʻm.

Sud tomonidan qabul qilingan pul mablagʻlarini undirish haqidagi qaror qonuniy kuchga kirganidan keyin ijroga qaratiladi . Buning uchun sud ijro varaqasi – sud qarorini majburiy ijro ettirish uchun huquqingizni tasdiqlovchi hujjatni beradi . Olingan ijro varaqasini Majburiy ijro byurosining tuman boʻlimiga taqdim eting. Davlat ijrochisi va qarzdor oʻrtasidagi keyingi munosabatlar «Sud hujjatlari va boshqa organlarning hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida»gi Qonun doirasida yoʻlga qoʻyiladi.

Bosh buхgalter uchun eslatma Bosh buхgalter uchun eslatma Bosh buхgalter uchun eslatma /oz/publish/doc/text159999_shartnoma_tuzilmagan_bulsa_qarzni_qanday_undirish_mumkin