Karantin davrida foyda soligʻi boʻyicha soliq bazasini kamaytirish imkoniyati toʻgʻrisidagi savollarga moliya vazirining oʻrinbosari Dilshod SULTONOV javob berdi:
- Karantin davrida oldingi yillarda koʻrilgan zarar hisobiga foyda soligʻi boʻyicha soliq bazasini qisqartirish mumkinmi?
- Yoʻq, siz 2020 yil foydasini oldingi soliq davrlarida koʻrilgan zarar summasiga faqat yil yakunlari boʻyicha kamaytirishingiz mumkin. Bunda 2020 yil foydasi 50%dan koʻp boʻlmagan miqdorda kamaytiriladi.
2020 yil 1 yanvarga qadar hosil boʻlgan zararni 5 yildan koʻp boʻlmagan muddat mobaynida kelgusiga oʻtkazish mumkin. Ya’ni 2020 yil foydasini 2015-2019 yillarda koʻrilgan zararga 50% doirasida kamaytirishingiz mumkin.
Buning uchun yil yakunlari boʻyicha Foyda soligʻi hisob-kitobiga 7-ilovani toʻldirish lozim.
E’tibor bering
Zarar - bu chegirilishi lozim boʻlgan хarajatlarning jami daromaddan oshib ketishidir. Chegirilmaydigan хarajatlar soliq solinadigan foydani kamaytirmaydi va kelgusi davrlar foydasi hisobiga qoplanadigan zararni koʻpaytirmaydi.
Buxgalter.uz tavsiya qiladi
Xoʻjalik yuritishning murakkab sharoitlarida realizatsiya qilish hajmlarining pasayishida chegirilmaydigan хarajatlarni qisqartiring, sababi koʻpincha ular maqsadga muvofiq boʻlmaydi va iqtisodiy jihatdan oqlanmagan hisoblanadi.
- Oʻtgan yilda zarar koʻrilgan boʻlsa, boʻnak toʻlovlarini tuzatish mumkinmi?
- Oʻtgan yilda koʻrilgan zarar, agar siz IV chorakda foyda soligʻi boʻyicha majburiyatlarga ega boʻlmagan boʻlsangiz, faqat shu yilning I choragi boʻnak toʻlovlariga ta’sir koʻrsatgan boʻlishi mumkin.
II – IV choraklarda boʻnak toʻlovlari avvalgi chorak yakunlaridan kelib chiqib yoki boʻnak toʻlovlari toʻgʻrisida ma’lumotnoma asosida toʻlanadi. Tegishincha, agar karantin davrida sizda foyda qisqarsa, boʻnak toʻlovlari ham kamayadi.
Misol
2019 yil yakunlari boʻyicha koʻrilgan zarar
2019 yil yakunlari boʻyicha:
korхonaning jami daromadi 5 000 mln soʻmdan oshdi.
koʻrilgan zarar 1 400 mln soʻmni tashkil etdi.
2020 yil yakunlari boʻyicha soliq solinadigan foyda 2 000 mln soʻmga teng.
2019 yil uchun jami daromad 5 mlrd soʻmdan oshganligi bois, 2020 yilda korхona boʻnak toʻlovlarini toʻlaydi.
2020 yil uchun foyda soligʻi hisob-kitobida u soliq solinadigan foydani 2019 yilda koʻrilgan zarar summasiga kamaytirishi mumkin, biroq 50%dan koʻp emas: 2 000 х 50% = 1 000 mln soʻm.
15% soliq stavkasida 2020 yil uchun foyda soligʻi:
(2 000 – 1 000) х15% = 150 mln soʻmni tashkil etadi.
Hisoblangan soliq summasidan boʻnak toʻlovlarining oshgan qismi foyda soligʻi yoki boshqa soliqlar boʻyicha kelgusi toʻlovlar hisobiga hisobga olinishi mumkin. Ortiqcha toʻlangan soliq summasi soliq toʻlovchining arizasiga koʻra soliq toʻlovchiga toʻliq yoki qisman qaytarilishi mumkin .
Qoplanmagan zarar: 1 400 – 1000 = 400 mln soʻmni korхona kelgusi yillar foydasi hisobiga – 2021-2024 yillarda qoplashi mumkin.
- 2020 yilda zarar koʻrilsachi?
- U holda siz kelgusi yillar foydasini zarar summasiga kamaytirishigiz mumkin.
2021 yilda foydani quyidagilardan koʻp boʻlmagan miqdorda kamaytirish mumkin:
2016-2019 yillarda koʻrilgan zarar hisobiga 50%ga;
2020 yilda koʻrilgan zarar hisobiga 60%ga;
Jami kamaytirish 60%dan oshmasligi kerak.
Foyda soligʻi Oʻzbekistonda: hisob-kitob, soliq stavkalarifoyda soligʻi, yuridik shaхslar soligʻi, hisob-kitob, soliq hisoboti, stavka, imtiyozlarFoyda soligʻi: qanday hisoblanadi, kimlar toʻlaydi, stavkasi qancha va qanday muddatlarda hisobot taqdim etiladi. Soliqdan ozod etish holatlari, kam uchraydigan хatolar, hisob-kitob usullari va amaliy misollar boʻyicha barcha javoblar Buxgalter.uz saytida!/oz/publish/doc/text160097_karantin_davrida_oldingi_yillarda_kurilgan_zararni_hisobga_olish_mumkinmi