9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Moliya vazirligi Soliq maslahatchilari palatasi bilan birgalikda Prezidentning «Soliq maslahati sohasi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida»gi qarori loyihasini muhokamaga qoʻydi. Boshqa huquqlar qatori, soliq maslahatchilariga shartnoma asosida soliq auditini amalga oshirish huquqini berish rejalashtirilmoqda. «Norma» sharhlovchisi Lola ABDUAZIMOVA yangiliklar mohiyatini ochib berdi:
– Bugungi kunda Oʻzbekistonda 143 nafar soliq maslahatchisi 85 ta soliq maslahatchisi tashkilotlari orqali xizmat koʻrsatmoqda. Ular tomonidan 2019 yilda koʻrsatilgan xizmatlar hajmi 14 mlrd soʻmni tashkil qilgan. Moliya vazirligi coliq maslahati sohasida soliq va toʻlovlarni hisoblash va toʻlashda amaliy yordam koʻrsatadigan malakali mutaxassislar sonini koʻpaytirish zarur deb hisoblaydi. Umumbelgilangan soliqlarni, shu jumladan QQSni toʻlashga oʻtgan kompaniyalar bunday yordamga ayniqsa muhtoj.
Qaror loyihasida 2020 yil 1 iyuldan Soliq maslahatchilari palatasiga quyidagi funksiyalarni oʻtkazish koʻzda tutilgan:
- soliq maslahatchisi sertifikatini olish uchun malaka imtihonlarini oʻtkazish;
- soliq maslahatchisi malaka sertifikatini berish, uning amal qilishini tugatish va bekor qilish;
- oʻqitish va malaka oshirish dasturlarini tasdiqlash;
- soliq maslahatchilarining reyestrini yuritish.
Soliq maslahatchilariga qoʻshimcha huquqlar ham beriladi. Xususan, ularning quyidagilarni amalga oshirishiga ruxsat bermoqchilar:
- advokatlik tuzilmalari, auditorlik tashkilotlari, boshqa yuridik shaxslar, shu jumladan buxgalteriya hisobini yuritish boʻyicha xizmatlarni koʻrsatuvchi shtatida mehnat faoliyatini yuritish;
- 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab shartnoma asosida yillik aylanmasi 1 mlrd soʻmgacha boʻlgan ixtiyoriy tugatilayotgan soliq toʻlovchining soliq auditini amalga oshirish.
2020 yil 1 dekabrga qadar yangi tahrirdagi «Soliq maslahati toʻgʻrisida»gi Qonun loyihasi ishlab chiqilishi kerak. Unda soliq maslahati standartlari, soliq maslahatchilarining kasbiy, shu jumladan, korrupsiyaviy omillarga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha preventiv va oldini olish choralarini belgilovchi etikasi ishlab chiqilishi va boshqa masalalar aks ettirilishi belgilanmoqda.
Loyiha muhokamasi 19.06.2020 yilgacha davom etadi.
![]()