Aniqlashtirilgan hisobot uchun nega auditorlarni jazolashmoqda

preview

Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha mintaqalararo DSI ayrim auditorlik tashkilotlarini yolgʻon xulosalar berishda ayblab, ularni jazolashni talab qildi. Korxonalar tekshiruv natijalariga koʻra ijobiy auditorlik xulosasini olganlaridan keyin aniqlashtirilgan soliq hisobotini qayta topshirganlari sababli aybli deb topildilar. Oʻzbekiston Auditorlar palatasi raisi Ne’matulla KARIMOV va Oʻzbekiston Buxgalterlar va auditorlar milliy assotsiatsiyasi Kengashi raisi Minovar TOʻLAXOʻJAYeVA birgalikda ushbu vaziyat yuzasidan buxgalter.uz uchun maxsus tushuntirish berdilar:


– «Auditorlik tashkilotlarining faoliyati, boshqalardan tashqari, qoʻllash uchun majburiy boʻlgan auditorlik faoliyati standartlari bilan tartibga solinadi.

Moliyaviy hisobot va u bilan bogʻliq moliyaviy axborot auditi uning ishonchliligini va buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiqligini aniqlash maqsadida oʻtkaziladi.

Soliq hisoboti moliyaviy hisobot tarkibiga kirmaydi. Biroq tekshiruv natijalariga koʻra auditor shu jumladan soliq majburiyatlari, soliqlar boʻyicha xarajatlarni ham tasdiqlaydi.

Auditorlik tekshiruvi moliyaviy hisobot toʻgʻri ekaniga toʻliq ishonch hosil qilish imkonini bera olmaydi. Audit standartlari xatarlarni va auditorning xato qilish xatarini kamaytirishga qaratilgan intilishlarini tavsiflaydi. Shu sababli standartlarda «muhimlik darajasi» tushunchasi nazarda tutilgan, bunda moliyaviy hisobot buzib koʻrsatilishining cheklangan qiymati tushuniladi. Ushbu darajadan oʻtib ketganda hisobot ishonchli boʻlmay qoladi. Har bir korxona uchun muhimlik darajasi alohida hisoblanadi.

Auditorlik xulosasi faqat jiddiy munosabatlarda moliyaviy hisobotning ishonchliligi haqidagi auditorning fikrini ifodalaydi.

Soliq toʻlovchining tekshiruv natijalariga koʻra ijobiy auditorlik xulosasini olganidan keyin aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etishi auditorlik tekshiruvi vaqtida taqdim etilmagan hujjatlarning hisobda aks ettirilishi bilan bogʻliq. Standartda bunday holatlar nazarda tutilgan.

Chunonchi, moliyaviy hisobot e’lon qilinganidan keyin auditorlik tashkiloti tekshirilgan hisobot davriga taalluqli hodisa haqida xabar topsa va moliyaviy hisobotga tuzatishlar kiritilishini yoki unda axborot ochib berilishini talab qilsa, auditorlik tashkiloti:

  • moliyaviy hisobotni qayta koʻrib chiqish zarurati haqidagi masalani koʻrib chiqishi;
  • uni xoʻjalik yurituvchi sub’yekt rahbariyati bilan muhokama qilishi;
  • bunday vaziyatlarda maqsadga muvofiq boʻlgan choralarni koʻrishi lozim.

Ana shunday endi ma’lum boʻlgan hodisa jiddiy ta’sir koʻrsatmasa, auditor auditorlik xulosasiga oʻzgartirishlar kiritmaslik haqida qaror qabul qilishi mumkin. Bunda qoʻshimcha hisoblangan aktivlar, majburiyatlar, xarajatlar, daromadlar va soliqlarning summasi muhimlik darajasi doirasida boʻlishi, ya’ni malakali moliyaviy hisobotdan foydalanuvchilarning fikriga ta’sir koʻrsatmasligi kerak.

Soliq toʻlovchining aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etishi auditorlik tashkilotiga nisbatan jazoni qoʻllash uchun asos hisoblanmaydi.

Moliya vazirligi auditorlik tashkilotining litsenziya talablariga rioya etishi ustidan nazorat qiladi. Bundan tashqari, auditorlik tashkilotlari professional jamoat tashkilotlarida tashqi sifat nazoratidan oʻtishlari shart. Auditorlik tashkilotlarining soliq organlari tomonidan nazorat qilinishi esa qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan.

Auditorlik tashkilotining moliyaviy hisobot haqida notoʻgʻri xulosa chiqarilgan auditorlik xulosasini tuzishi oqibatida zarar yetkazgani uchun uning faqat auditorlik tekshiruvi buyurtmachilari va boshqa moliyaviy hisobotdan foydalanuvchilar oldidagi javobgarligi nazarda tutilgan.

Tushuntirishlarimiz auditorlik tashkilotlarining javobgarligiga oid masalalarga oydinlik kiritishda yordam berishiga umid qilamiz».

«Norma» MChJ ekspertlar guruhi rahbari

Tatyana BELOUSOVA tayyorladi.

Audit Audit Audit /oz/publish/doc/text161006_aniqlashtirilgan_hisobot_uchun_nega_auditorlarni_jazolashmoqda