Eksport qiluvchilar uchun sugʻurta mukofoti kompensatsiya qilinadi

preview

Eksport qiluvchilar garov sifatida sugʻurta xizmatlaridan foydalanganda, sugʻurta mukofoti uchun toʻlov xarajatlarini kompensatsiya qilish tartibi toʻgʻrisida nizom reglamentlandi. Hujjat 25 avgust kuni kuchga kirdi. “Norma” sharhlovchisi Lola ABDUAZIMOVA yangi Nizom haqida batafsil gapirib berdi:

 

- Eksport qiluvchilar garov sifatida sugʻurta xizmatlaridan foydalanganda, ularga sugʻurta mukofoti uchun toʻlov xarajatlarini kompensatsiya qilish Davlat byudjeti mablagʻlaridan sugʻurta pulining 1%idan ortiq boʻlmagan miqdorda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda - Agentlik) tomonidan amalga oshiriladi.

Quyidagilar kompensatsiya toʻlash shartlari hisoblanadi:

  • sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta mukofoti sugʻurtalovchiga sugʻurta qildiruvchi tomonidan toʻlangan boʻlishi, sugʻurta mukofoti sugʻurtalovchiga toʻgʻridan-toʻgʻri qoplab beriladigan holatlar bundan mustasno;
  • eksport shartnomalari (invoyslar) Tashqi savdo operatsiyalarining yagona axborot tizimida roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlishi (bitta invoys boʻyicha 5 ming AQSh dollarigacha tovarlarni yoki xizmatlarni eksport qilish holatlaridan tashqari), eksportoldi moliyalashtirish shartnomasi boʻyicha sugʻurta amalga oshirilishi holatlari bundan mustasno;
  • avval olingan kompensatsiya boʻyicha sugʻurta shartnomasi muddatidan avval bekor qilingan boʻlsa, sugʻurta qildiruvchi tomonidan kompensatsiyaning tegishli qismi qaytarilgan boʻlishi;
  • tadbirkorlik xavfini sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha faqat sugʻurta qildiruvchining oʻz tadbirkorlik xavfi va moliyalovchi shaxs foydasiga sugʻurtalanishi;
  • sugʻurta shartnomasining turi Nizomda keltirilgan hamda Fuqarolik kodeksi va “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida” Qonun hujjatlari bilan belgilangan shartlarga mos kelishi shart.

Ariza beruvchi kompensatsiya olish uchun Agentlikka ariza bilan murojaat qilishi kerak, u 7 ish kuni davomida koʻrib chiqiladi.

Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda Agentlik kompensatsiyaga mablagʻ olish uchun Moliya vazirligiga murojaat qiladi. Moliya vazirligi uch ish kuni mobaynida pulni oʻtkazab beradi, shundan keyin Agentlik bir ish kuni davomida sugʻurta qildiruvchi yoki sugʻurtalovchiga toʻlab beradi.

Shuningdek, Nizomda:

  • sugʻurta mukofotini qoplab berish uchun talab etiladigan hujjatlar va ularni koʻrib chiqish tartibi;
  • sugʻurta mukofotini qoplab berishni rad etish sabablari;
  • sugʻurta mukofotini qoplab berish uchun toʻlovlarni amalga oshirish tartibi koʻrsatilgan.
Buxgalteriya hisobi va soliq solishga doir normativ hujjatlardagi yangi oʻzgarishlar Yangiliklar Yangiliklar /oz/publish/doc/text162268_eksport_qiluvchilar_uchun_sugurta_mukofoti_kompensaciya_qilinadi