Yurist qanday buyruqlarga viza qoʻyadi

preview

Korxona rahbari va kadrlar boʻyicha xodimi barcha buyruqlarni yurist bilan kelishish kerak degan fikrda. Bu toʻgʻrimi? Qonun hujjatlarida yuridik xizmat tomonidan viza qoʻyiladigan buyruqlarning aniq turlari koʻrsatilganmi?

Mehnatga oid huquq masalalari boʻyicha «Norma» eksperti Lenara XIKMATOVA vaziyatga oydinlik kiritdi: 


– Yurist hujjatlarga viza qoʻyish bilan ular shakli va mazmuniga koʻra qonunchilikka muvofiqligini tan oladi. 

Odatda buyruqning soʻnggi varagʻi orqa tomoniga yoki alohida kelishuv varagʻiga viza qoʻyiladi.

Yurist yuridik xulosa ham berishi mumkin, unda hujjatda aniqlangan barcha kamchiliklarni koʻrsatadi. 

Viza quyidagi elementlardan tashkil topadi:

  • hujjatga viza qoʻyuvchi shaxs lavozimining nomlanishi;
  • hujjatga viza qoʻyuvchi shaxsning shaxsiy imzosi;
  • imzo rasshifrovkasi (ismi sharifi va familiyasi);
  • viza qoʻyish sanasi.

Masalan: «Yuridik boʻlim boshligʻi (shaxsiy imzo) P.P. Kamolov 07.09.2020 y.»


Yurist qanday buyruqlarga viza qoʻyishi kerak

Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari faoliyati maxsus Nizom bilan tartibga solinadi.

Yuridik xizmat tashkilotning boshqa tarkibiy tuzilmalaridan (xodimlaridan) keyin rahbariyatga taqdim qilinadigan buyruqlar, farmoyishlar, shartnomalar va yuridik tusdagi boshqa hujjatlar loyihalarini ekspertizadan oʻtkazadi . Ular boʻyicha e’tiroz va takliflar boʻlmasa, viza qoʻyadi.

Koʻrib turganimizdek, mazkur normada viza qoʻyiladigan buyruqlarning turlari aniq qayd etilmagan. Bundan tashqari, nodavlat tashkilotlari uchun Nizom talablari tavsiyaviy xususiyatga ega. Shu sababli yurist qatorasiga barcha buyruqlarga viza qoʻyishi kerakmi, degan savol ochiqligicha qolmoqda.

Davlat korxonalari ham, xususiy kompaniyalar ham zaruratga qarab hujjatlarga viza qoʻyish boʻyicha oʻz ichki tartiblarini (kim, qachon va qanday buyruqlarga viza qoʻyishini) tasdiqlashlari mumkin, degan fikrdaman. Ushbu mexanizmni ish yuritish boʻyicha yoʻriqnomada (uni ishlab chiqish chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari, idoralari, korporatsiyalari, konsernlari, uyushmalari, kompaniyalari va boshqa markaziy muassasalari apparatlarida ish yuritish va ijro nazoratini tashkil etish boʻyicha namunaviy yoʻriqnomadan foydalanish mumkin), hujjatlarni kelishish reglamentida, tarkibiy boʻlinmalar toʻgʻrisidagi nizomlarda va boshqalarda ham belgilash mumkin.

Korxonada bir nechta yurist ishlasa, ular viza qoʻyadigan buyruqlarning turlarini ular oʻrtasida taqsimlab bergan maqsadga muvofiqdir. Buni Yuridik xizmat toʻgʻrisidagi nizomda, xodimlarning lavozim yoʻriqnomalarida yoki bevosita mehnat shartnomalarida qayd etish mumkin.

Rasmiyatchilik uchun qoʻyilgan imzo xatolardan himoya qilmaydi

Yuridik masalalar boʻyicha «Norma» ekspertlari – Albert SAFIN va advokat Eleonora MAZUROVA ham ushbu masala boʻyicha oʻz nuqtai nazarlari bilan oʻrtoqlashdilar:

– Mulkchilikning turli shaklidagi tashkilotlarning yuridik kuzatuvini amalga oshiradigan amaliyotchi advokat va yurist sifatida hatto davlat korxonalarida ham yuridik xizmat barcha buyruq va farmoyishlarga viza qoʻymasligini aytishimiz mumkin. Misol uchun, ishlab chiqarishda u yoki bu mahsulotni tayyorlash uchun materiallarni berish toʻgʻrisidagi buyruqqa yuristning viza qoʻyishidan nima naf? Yurist ishlab chiqarish boʻyicha normalarni ham, texnik talablarni ham bilmaydi. Mazmunini tushunmaydigan farmoyish ostiga imzo qoʻyishini esa oqilona va bexatar ish deb boʻlmaydi. Shu sababli hatto davlat korxonalarida ham odatda buyruq chiqarilib, unda yuridik xizmat tomonidan qanday turdagi hujjatlarga viza qoʻyilishi, qandaylariga esa qoʻyilmasligi lozimligi aniq koʻrsatiladi.

Xususiy korxonada yurist yoki advokat barcha kiruvchi va chiquvchi hujjatlarni koʻzdan kechiradi albatta, biroq viza qoʻymaydi. Korxonaning lokal hujjatlari esa yuristning oʻzi tomonidan yoki uning bevosita nazorati ostida ishlab chiqiladi. Binobarin, bu holda ham viza qoʻyish talab etilmaydi. Boz ustiga, qonun hujjatlarida bunday talab qoʻyilmagan. Shu sababli xususiy biznesda ortiqcha byurokratik gʻov qoʻyishga hojat yoʻq, deb hisoblaymiz. Yuristning rasmiyatchilik uchun qoʻygan imzosi xatolardan himoya qilmaydi.


Xoʻjalik shartnomalariga viza qoʻyish kerakmi

Xoʻjalik shartnomalari ularni imzolashga tayyorlash jarayonida kompaniyaning yuridik xizmati yoki jalb etilgan advokatlar tomonidan qonun hujjatlariga muvofiqligi yuzasidan tekshirib koʻrilishi kerak. Shartnomalarni ularning imzolarisiz tuzishga yoʻl qoʻyilmaydi . 


Kadrlarga doir hujjatlar Kadrlarga doir hujjatlar Kadrlarga doir hujjatlar /oz/publish/doc/text162665_yurist_qanday_buyruqlarga_viza_quyadi