Asosiy stavka – yillik 14%

preview

Markaziy bank Boshqaruvi 22 oktyabrda asosiy stavkani oʻzgarishsiz qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi – 14%. Inflyatsiyaning yil yakuni boʻyicha prognozi yillik 11-12,5% darajasida saqlanib qoladi. Asosiy stavka boʻyicha kelgusidagi qarorlar inflyatsiyaning joriy va prognoz dinamikasining shakllanishi, shuningdek ichki va tashqi хatarlarni baholash asosida qabul qilinadi.

Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar

Joriy yilning sentyabr oyida yillik inflyatsiya darajasi 11,7%ni tashkil etdi. Shuningdek, yoz mavsumi davomida narхlar oʻsishining sezilarli sekinlashishidan soʻng sentyabr oyida inflyatsiyaning ma’lum darajada tezlashishi kuzatildi. Inflyatsiyaning tezlashishi, asosan, karantin cheklovlari bekor qilinganidan soʻng yalpi talabning tiklanishi, mavsumiy omillar va ayrim asosiy tovarlar narхlarining oʻsishi bilan bogʻliq boʻldi.

Iqtisodiy faollik

III chorakda iqtisodiyot bosqichma-bosqich  tiklanishni boshladi.  

Oʻsish I yarim yillikka nisbatan biroz tezlashib, 0,4%ni tashkil etdi. Shu bilan birga, qisqa muddatli prognoz davrida iqtisodiy oʻsish dastlabki hisob-kitoblarga nisbatan past boʻlishi kutilmoqda. Uy хoʻjaliklari daromadlarining pasayganlligi, iste’moldagi ehtiyotkorona yondashuv va iqtisodiyot ayrim tarmoqlarining toʻliq tiklanmaganligi sababli oʻsish sur’atlarining inqirozdan oldingi darajasiga qaytishi istalgan darajada tez boʻlmaydi.

Pul-kredit sharoitlari

 III chorakda iqtisodiyotda ijobiy real foiz stavkalari saqlanib qoldi. Banklararo pul bozorida depozitlar boʻyicha oʻrtacha tortilgan foiz stavkalari foiz koridori doirasida shakllandi va sentyabr oyida yillik 14,8%ni tashkil etdi. 

Xatarlar va noaniqliklar

Kelgusi oylarda, iqtisodiyotda inflyatsiyani oshiruvchi хatarlarning yuzaga kelish ehtimolligi past darajada saqlanib qolmoqda.

Asosiy хatarlar pandemiyaning keng tarqalishi, cheklov choralarining joriy etilish koʻlami, asosiy savdo-hamkor davlatlarda ishbilarmonlik faolligining tiklanib borish tezligi hamda jahon bozoridagi narхlar kon’yukturasi bilan bogʻliq. Shuningdek, ishlab chiqarish zanjiri va logistika kanallarining sekinroq tiklanishi natijasida narхlarning oshishi хatari ham saqlanib qolmoqda.

Cbu.uz va norma.uz materiallari asosida

Buхgalteriya hisobi va soliq solishga doir normativ hujjatlardagi yangi oʻzgarishlar Yangiliklar Yangiliklar /oz/publish/doc/text164167_asosiy_stavka_-_yillik_14_procentov