DSQ norezident yuridik shaxslarni masofadan turib roʻyxatdan oʻtkazadi

preview

DSQning rasmiy saytida yangi - «Norezidentlarni roʻyxatdan oʻtkazish» xizmati ishga tushirildi. Ushbu xizmat Oʻzbekistonda birja savdolarida ishtirok etadigan norezident yuridik shaxslarga Oʻzbekiston soliq organlarida masofadan hisobga turish imkonini yaratdi.

Buxgalter.uz bu xizmat qanday ishlashini aniqlashtirdi.

Yangi xizmatdan bu yerda foydalanish mumkin va u ayni paytda test rejimida ishlayapti. Faqat ushbu xizmatga ma’muriy reglament tasdiqlanishi lozim.


Roʻyxatdan qanday oʻtish mumkin
?

1. «Roʻyxatdan oʻtish» tugmasini bosing va ariza shaklini toʻldiring.

2. «Faylni qoʻshish» tugmasi yordamida quyidagi hujjatlarni biriktiring:

  • norezident yuridik shaxsning muassasa joylashgan mamlakatda davlat roʻyxatidan oʻtganligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi (soliq toʻlovchining shaxsiy raqami koʻrsatilgan holda). Hujjat davlat tiliga tarjima qilingan boʻlishi lozim;
  • vakolatli shaxsning fuqarolik pasporti nusxasi;
  • norezident yuridik shaxs nomidan Oʻzbekistonda harakatlarni amalga oshirish huquqini tasdiqlovchi vakolatli shaxsning ishonchnomasi nusxasi yoki boshqa hujjatlar (ular mavjud boʻlganda) – ushbu hujjatlar davlat tiliga tarjima qilingan boʻlishi lozim.

4. «Arizani yuborish» tugmasini bosing.
Ariza taqdim etilgan paytdan e’tiboran 3 ish kuni davomida soliq organi tomonidan koʻrib chiqiladi. Ariza boʻyicha ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, ariza beruvchining elektron pochtasiga STIR berilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma yuboriladi. Arizada yoki unga ilova qilingan hujjatlarda kamchiliklar mavjudligi aniqlangan taqdirda, bu haqda ariza beruvchiga ma’lum qilinadi. Ushbu kamchiliklar bartaraf etilganidan keyin ariza qayta topshiriladi.  


Roʻyxatdan qanday chiqish mumkin
?

«Roʻyxatdan oʻtish» tugmasining yonida «Roʻyxatdan chiqish» tugmasi ham bor. Soliq hisobidan chiqarish toʻgʻrisidagi ariza ham 3 kun ichida koʻrib chiqiladi. Quyidagi holatlarda ijobiy qaror qabul qilinadi:

  • SKda belgilangan soliqlar va yigʻimlarni toʻlash majburiyatlari toʻliq bajarilganda va soliq qarzlari mavjud boʻlmaganda;
  • birja savdolarida ishtirok etgan chet el yuridik shaxslarining bank hisobvaraqlari yopilganligi MB tomonidan tasdiqlanganda. Bu haqda axborot MB tomonidan DSQga elektron shaklda yuboriladi.

Saida JONIZAKOVA tayyorladi.

Buxgalteriya hisobi va soliq solishga doir normativ hujjatlardagi yangi oʻzgarishlar Yangiliklar Yangiliklar /oz/publish/doc/text166210_dsq_norezident_yuridik_shahslarni_masofadan_turib_ruyhatdan_utkazadi