Qachon xodim vaqtincha boshqa ishga oʻtkazishni talab qilishga haqli

preview

Ishlab chiqarish sexida ishlaydigan homilador xodima «dekret»ga chiqquniga qadar yengilroq ishga oʻtkazishni talab qilayapti. Biroq korxonada bunday boʻsh lavozimlar mavjud emas. Mazkur holatda hamda xodimlar vaqtincha boshqa ishga oʻtkazishni talab qilgan boshqa holatlarda qanday yoʻl tutish kerak?

Savollarga «Norma» kompaniyasining mehnat huquqi boʻyicha eksperti Lenara XIKMATOVA javob berdi:

– MKning 93-moddasida belgilangan umumiy qoidaga koʻra, xodim bilan ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuv boʻyicha vaqtincha boshqa ishga oʻtkazishga yoʻl qoʻyiladi. Boshqa ishga oʻtkazish muddati tugagach, ish beruvchi xodimga uning avvalgi ishini berishi shart. Biroq ayrim holatlarda tomonlarning tegishli roziligi olinmagan holda vaqtincha boshqa ishga oʻtkazish mumkin. Xodim uzrli sabablar mavjud boʻlganda, vaqtincha boshqa ishga oʻtkazishni talab qilishga haqli boʻladi, ish beruvchi esa ushbu talabni qanoatlantirishi kerak .

Ish beruvchi quyidagilarni vaqtincha boshqa ishga oʻtkazishi shart hisoblanadi:

  • xodimning sogʻligi holatiga koʻra;
  • homilador xodimalarni;
  • 2 yoshgacha bolasi boʻlgan ayollarni;
  • lokal tartibda belgilangan uzrli sabablar mavjud boʻlganda, xodimning iltimosiga binoan.


Xodimni sogʻli
gi holatiga koʻra vaqtincha boshqa ishga oʻtkazish

Sogʻligi holatiga koʻra yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan holi boʻlgan ishga oʻtkazishga muhtoj xodimlarni ish beruvchi, ularning roziligi bilan , tibbiy xulosaga muvofiq vaqtincha yoki muddatini cheklamay, ana shunday ishlarga oʻtkazishi shart . Bunda xodim kamroq haq toʻlanadigan ishga oʻtkazilganda, shunday ishga oʻtkazilgan kunidan boshlab 2 hafta mobaynida xodimlarning avvalgi oʻrtacha oylik ish haqi saqlanadi .

Ish bilan bogʻliq holda mehnatda mayib boʻlganligi yoki sogʻligiga boshqacha tarzda shikast yetkazilganligi munosabati bilan vaqtincha boshqa ishga oʻtkazilgan xodimlarga ish beruvchi avvalgi ish haqi bilan yangi ishda oladigan ish haqi oʻrtasidagi farqni toʻlaydi. Bunday farq mehnat qobiliyati tiklangunga qadar yoki nogironligi belgilangunga qadar toʻlanadi .

Sil kasalligi yoki kasb kasalligiga chalinganligi sababli kamroq haq toʻlanadigan boshqa ishga vaqtincha oʻtkazilgan xodimlarga shu ishga oʻtgan vaqt uchun (lekin 2 oydan ortiq boʻlmagan muddat davomida) kasallik varaqasi boʻyicha yangi ishda beriladigan ish haqiga qoʻshilganda xodimning avvalgi ishidagi toʻliq ish haqidan oshib ketmaydigan miqdorda nafaqa toʻlanadi. Kasallik varaqasida koʻrsatilgan muddatga boshqa ish taqdim etilishi lozim. Basharti kasallik varaqasida koʻrsatilgan muddatda ish beruvchi boshqa ish topib berolmagan boʻlsa, xodim ishdan ozod etiladi va shuning oqibatida bekor oʻtgan kunlar uchun umumiy asoslarda mehnatga qobiliyatsizlik varaqasi boʻyicha umumiy asoslarda nafaqa toʻlanadi . 


Homilador xodimalarning talablariga koʻra vaqtincha boshqa ishga oʻtkazish

Tibbiy xulosaga muvofiq homilador ayollarning ishlab chiqarish normalari, xizmat koʻrsatish normalari kamaytiriladi yoki ular yengilroq yoxud noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan xoli boʻlgan ishga oʻtkaziladi. Muhim jihati shundaki, boshqa ishga oʻtkazilgan davrida ularning avvalgi ishi boʻyicha oʻrtacha oylik ish haqi saqlanib qoladi  .

Ish beruvchi tegishli tibbiy xulosa mavjud boʻlganda, homilador ayolning yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillari ta’siridan xoli boʻlgan ish berish iltimosini rad etishga haqli emas. Homilador ayolga yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillari ta’siridan xoli boʻlgan ish berish masalasi hal etilgunga qadar, shuningdek korxonada unga toʻgʻri keladigan ish mavjud boʻlmagan holatlarda, u ana shu sababdan ishga chiqmagan barcha ish kunlari uchun oʻrtacha oylik ish haqi saqlangan holda ishdan ozod etilishi lozim .

Misol
Zararli omillardan xoli boʻlgan boshqa ishga oʻtkazish


Metalldan yasalgan buyumlarni boʻyash sexida ishlaydigan xodima homiladorlik toʻgʻrisidagi ma’lumotnomani taqdim etdi. Tibbiy xulosada uni 
yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan holi boʻlgan ishga oʻtkazish tavsiya etilgan. Sex boshligʻi unga mos ishni tanlay olmayapti. Ish beruvchi qanday yoʻl tutishi lozim?

– Buyruq bilan xodimani tibbiy xulosada koʻrsatilgan sogʻligiga toʻgʻri kelmaydigan ishdan ozod etish kerak. Boshqa ish berilmaguniga qadar, unga avvalgi ishi boʻyicha oʻrtacha oylik ish haqi toʻlanishi lozim .


2 yoshgacha bolasi boʻlgan ayollarni vaqtincha boshqa ishga oʻtkazish

2 yoshgacha bolasi boʻlgan ayol avvalgi ishini bajarishining imkoni boʻlmasa, uni yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan holi boʻlgan ishga oʻtkazish lozim. Yangi ishga oʻtkazilgan davrda xodimaning bolasi 2 yoshga toʻlguniga qadar uning avvalgi ishi boʻyicha oʻrtacha oylik ish haqi saqlanib qoladi.


Lokal tartibda belgilangan uzrli sabablar mavjud boʻlganda xodimni iltimosiga binoan vaqtincha boshqa ishga oʻtkazish

Ish beruvchining xodimning iltimosiga koʻra uni vaqtincha boshqa ishga oʻtkazish boʻyicha majburiyati kompaniyaning jamoa shartnomasida nazarda tutiladi. Bunday shartnoma tuzilmagan boʻlsa, xodimlarning vakillik organi bilan kelishgan holda belgilanadi. Mazkur holatda jamoa shartnomasida yoki xodimlarning vakillik organi bilan kelishgan holda boshqa ishga oʻtkazish uchun uzrli sabablar roʻyxati va mehnatga haq toʻlashning tegishli tartibi belgilanadi. Biroq mazkur holatda, yuqorida koʻrib chiqilgan holatlardan farqli oʻlaroq, ish beruvchi xodimning vaqtincha boshqa ishga oʻtkazish haqidagi iltimosini, agar bunday ish korxonada mavjud boʻlsa, qanoatlantirishi shart.


Xodimning tashabbusi bilan vaqtincha boshqa oʻtkazishni rasmiylashtirish

Xodimning tashabbusi bilan vaqtincha boshqa ishga oʻtkazishni mazkur ishga oʻtkazilgan davr koʻrsatilgan holda buyruq bilan rasmiylashtiriladi. Bunga xodimning arizasi asos boʻladi. Homilador va 2 yoshgacha bolasi boʻlgan ayollarni boshqa ishga oʻtkazish uchun arizaga tibbiy xulosa ilova qilinishi lozim.


Boshqa ishga oʻtish Boshqa ishga oʻtish Boshqa ishga oʻtish /oz/publish/doc/text166562_qachon_hodim_vaqtincha_boshqa_ishga_utkazishni_talab_qilishga_haqli