9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Nima uchun «Kontragentning soliq qarzini tekshirish» servisida qarzi mavjud boʻlmagan korxonalar qarzdorlar roʻyxatida koʻrsatilyapti? JShDS va ijtimoiy soliq hisob-kitobining yangi shabloni bilan ishlash tartibi qanday? Hisobot topshirishda hamda QQS toʻlovchisi sifatida roʻyxatdan oʻtishga ariza berilganda xato tuzilgan hisobvaraq-fakturalarga tuzatish kiritishni rasmiylashtirishga oid muammolar qanday hal etiladi? Bular soliq organlarining axborot tizimlari bilan ishlashda soliq toʻlovchilar toʻqnash kelgan muammolarning ayrimlari xolos. Buxgalter.uz buxgalterlar bilan suhbatlashib, bu muammolarni hal etish yoʻllarini topishga urinib koʻrdi.
JShDS va ijtimoiy soliq hisob-kitobi qanday topshiriladi
Buxgalteriya guruhlarida JShDS va ijtimoiy soliq hisob-kitobini topshirish masalasi qizgʻin muhokama qilinmoqda. Ma’lum boʻlishicha, Hisob-kitobning yangi shabloni bilan ishlash tartibi, u yoki bu murakkabliklarni qanday yengib oʻtish haqidagi ma’lumotlarning mavjud emasligi muammolarga sabab boʻlmoqda.
Buxgalterlarni quyidagi masalalar xavotirga solmoqda:
- Nega tizim biriktirilayotgan faylni qabul qilmayapti va xatoni qanday tuzatish mumkin?
- Eski shablondan foydalangan holda Hisob-kitobni topshirganlar nima qilishi kerak? Mazkur holatda uni qayta topshirish lozimmi?
- Toʻlov topshiriqnomasi shaklini toʻldirishda qanday soliq kodini tanlash kerak?
Zarurat boʻlganda, DSQ va uning tuzilmaviy boʻlinmalariga qoʻngʻiroq qilib tushib boʻlmaydi, liniya har doim band boʻladi. Muayyan yoʻriqnomalar va mutaxassislarning tushuntirishlari ham berilmagan.
Korxonada ShHK boʻyicha qarz yoʻq, lekin u qarzdor sifatida aks ettirilgan
Soʻnggi paytlarda lozim darajada ehtiyotkorlik zarurligi haqida koʻp gapirilmoqda. Buning natijasida kontragentning ishonchliligini tekshirishga imkon beradigan davlat organlarining servislariga talab ortmoqda. Biroq ular har doim ham ishonchli ma’lumotlarni bera oladilarmi?
Vaziyat:
Bosh buxgalter Natalya T. DSQ saytida «Kontragentning soliq qarzini tekshirish» yangi servisi borligini bilib oldi. Qiziquvchanligim ustun kelib, avvalo direktorning topshirigʻiga binoan shartnomalarni tuzishdan oldin kontragentni tekshirish uchun servisdagi izlash xizmatiga tashkilotimiz STIRini kiritdim. Shunda uni qarzdorlar roʻyxatida ekanligini koʻrdim. Korxonaning soliqlar toʻlovi boʻyicha qarzi yoʻq edi.
DSQ call-markazda tushuntirishlaricha, tizimdagi ma’lumotlar soliq toʻlovchining shaxsiy hisobraqamlaridagi kartochkalardan olingan. Soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetida shaxsiy hisobraqamlardagi kartochkalardan koʻchirmalarni tekshirishda qarzdorlik tasdiqlanmadi: soliqlar boʻyicha qarz yoʻq ekan.
Buxgalter DSQdagi ma’lumotlar noaniq ekanligi haqida xabar berdi, unga tekshirib chiqib noaniqliklarni bartaraf etishni va’da qilishdi. Maqola chiqarilayotgan vaqtda servis yopiq edi. Bunda quyidagi savollar kelib chiqadi:
1. Natalyaning korxonasi toʻgʻrisidagi notoʻgʻri ma’lumotlarni qancha soliq toʻlovchi olgan ekan?
2. Axborot tizimidagi bunday xatoliklar tufayli ushbu korxonada va boshqalarida qanday oqibatlar yuzaga kelishi mumkin?
Tuzatish kiritilgan hisobvaraq-fakturani taqdim etishning imkoni boʻlmadi
Bugun ertalab tuzatish kiritilgan hisobvaraq-fakturalarni joʻnatish chogʻida tizimda «DSQ tomonidan rad qilindi: «Tuzatilgan» turidagi hisobvaraq-fakturalarni joʻnatish» xizmati vaqtincha toʻxtatilgan». Hujjat qoralama nusxada saqlab qoʻyildi» degan xabar aks etdi. «Tuzatilgan» turidagi hisobvaraq-fakturalar da’vo muddati davomida xatolarni tuzatish uchun istalgan vaqtda kerak boʻlishi mumkin.
Bosh buxgalter Yelena G. rad qilindi degan xabarni oldi, u bugun NHHlarda va DSQning tushuntirishlarida batafsil yoritilmagan jihatlar tufayli yuzaga kelgan muammolarni uzil-kesil hal etishiga ishongan edi:
- 2020 yil yakunlari boʻyicha Yelenaning korxonasi yanvar oyidan QQS va foyda soligʻi toʻlovchisiga aylanganligi ma’lum boʻldi.
- Yangi yilning dastlabki ish kuni – 4 yanvarda bosh buxgalter ishni, avvalo, muddatida ulgurish uchun QQS toʻlovchilarini maxsus roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asoslanib QQS toʻlovchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida ariza berishdan boshlashga urinib koʻrishdan boshladi. Biroq buni «QQC toʻlovchisi sifatida maxsus roʻyxatdan oʻtkazish» xizmati yordamida amalga oshirish kerakligi haqida hech qayerda qayd etilmagan. Buxgalter buni oʻzi bilganicha amalga oshirdi: NHHdagi shaklni qogʻozga chiqardi, uni toʻldirib shaxsiy kabinetning «Murojaatlarni joʻnatish» funksionali orqali yubordi.
- Bir necha kundan keyin u xatni koʻrib chiqish jarayonini aniqlashtirib olish uchun tuman soliq organiga qoʻngʻiroq qildi. DSI xodimlari murojaat kelganligini tasdiqladilar, biroq hech kim uni notoʻgʻri yuborilganini aytmadi. Uni koʻrib chiqish yuzasidan rad javobi ham yuborilmagan. Aynan shu holatlar korxonaning QQS toʻlovchi sifatida 1 fevraldan hisobga qoʻyilishiga sabab boʻlgan. Bu hisobvaraq-fakturalar va yanvar oyi uchun hisobot yuzasidan muammolar kelib chiqishiga sabab boʻldi.
- QQS toʻlovchisini roʻyxatdan oʻtkazish kodisiz hisobvaraq-fakturani QQS bilan taqdim etishning imkoni boʻlmaydi. Kontragentlar keyinchalik buxgalter tomonidan tuzatish kiritilgan hisobvaraq-faktura taqdim etilishi sharti bilan hisobvaraq-fakturani QQSsiz qabul qilishga rozi boʻldilar. Biroq buni amalga oshirishning imkoni boʻlmadi. Tizim «DSQ tomonidan rad qilindi: «Tuzatilgan» turidagi hisobvaraq-fakturalarni joʻnatish» xizmati vaqtincha toʻxtatilgan». Hujjat qoralama nusxada saqlab qoʻyildi» degan xabarni koʻrsatdi.
- Yelena yanvar oyi uchun hisobotni ham muddatning oxirigacha topshira olmadi, bu ishni mustaqil uddalashning imkoni boʻlmadi, bunga yanvar oyida QQS toʻlovchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazilmaganligi sabab boʻldi. Haqiqatan ham, oxir-oqibatda bu ishlarning hammasini muvaffaqiyatli yakunlashga erishildi. Hisobot topshiriladigan soʻnggi kunda shahar soliq boshqarmasidan qoʻngʻiroq qilib, nega korxona hisobot topshirmayotganligiga qiziqishdi. Inspektor hisob-kitobni topshirishda va barcha qiyinchiliklarni yengib oʻtishda koʻmaklashdi.
Maxsus tayyorgarlikdan oʻtmagan buxgalter dasturni ishlab chiquvchi yoki dasturning barcha jihatlarini yaxshi biladigan mutaxassisning yordamisiz bunday topshiriqni uddalay olmadi. Tizim har gal QQS toʻlovchisi sifatida roʻyxatdan oʻtilmaganligi haqida xabar beraverdi, bunday holatda nima qilish kerakligi haqida rasmiy yoʻriqnomalar mavjud emas.
Axborot tizimlari soliq toʻlovchi uchun murakkabliklar tugʻdirmasligi uchun nima qilish kerak?
Optimal variant sifatida quyidagi algoritm taklif etiladi:
- Innovatsiyalarni joriy etish ishlarini rejali kompleks asosda tashkil qilish.
- Dasturiy ta’minotga kiritiladigan har qanday oʻzgartirishlarni tayyorlashda jiddiy yondashuvni ta’minlash, bunda huquqni qoʻllash amaliyoti va boshqa dasturlar bilan oʻzaro aloqadorligiga oid barcha masalalarning hal etilishi hisobga olinishi lozim.
- Bir tizimga belgilangan davridan oldin turli oʻzgartirishlarni kiritish amaliyotidan voz kechish. Masalan, hisobot shakllariga oʻzgartirishlar bir yilda kamida bir marta kiritilishini belgilash.
- Toʻlaqonli yoʻriqnomalarni tayyorlash va chiqarishdan oldin innovatsilarni joriy qilish amaliyotidan voz kechish, mazkur yoʻriqnomalarda ushbu innovatsiya qanday ishlashi haqida aniq ma’lumot berilishi hamda soliq toʻlovchida bu borada yuzaga kelishi mumkin boʻlgan savollarga javoblar keltirilishi lozim.
Oleg GAYeVOY.