9 oyni xatolarsiz yopamiz:
2021 yil 20 apreldan keyin e’lon qilingan roʻyxat boʻyicha korxonalarni soliq auditidan oʻtkazish boshlanadi. Tekshiruvga tayyorgarlik koʻrishda buxgalterlar nimaga e’tibor berishlari zarurligi haqida DSQ soliq nazorati metodologiyasi va sifatini baholash boshqarmasi inspektori Lola MAMATXOJAYeVA gapirib berdi:
- Soliq auditi - soliq tekshiruvi turlaridan biri - muayyan davrdagi soliqlar va yigʻimlarning toʻgʻri hisoblab chiqarilishi va toʻlanishini tekshirishni nazarda tutadi
.
Soliq organi soliq auditi oʻtkazilishi boshlanishidan kamida 30 kalendar kun oldin soliq toʻlovchiga uning oʻtkazilishi toʻgʻrisida xabarnoma yuboradi, unda boshqalar qatorida, quyidagilarni ma’lum qiladi:
- soliq auditining boshlanish sanasi;
- tekshirilishi lozim boʻlgan masalalarning roʻyxati;
- zarur hujjatlarning dastlabki roʻyxati;
- soliq auditini oʻtkazish uchun zarur boʻlgan boshqa ma’lumotlar.
Soliq auditini tashkil etish va oʻtkazish tartibini maxsus Nizom tartibga soladi.
Soliq auditiga puxta tayyorgarlik koʻrish zarur. Asosiy e’tiborni quyidagi masalalarga qarating.
1. Soliq hisob siyosati
Soliq solish maqsadlaridagi soliq siyosati - majburiy hujjat boʻlib, quyidagi axborotni oʻz ichiga olishi kerak:
- soliq registrlarining shakli va ularni tuzish tartibi;
- unga rioya etilishi ustidan mas’ul mansabdor shaxslar;
- soliq solish maqsadlarida alohida-alohida hisob yuritish tartibi, agar bunday hisob yuritish majburiyati ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boʻlsa;
- foyda soligʻini hisoblab chiqarish maqsadida sarflarni xarajatlar sirasiga kiritish va QQSni hisobga olishning tanlangan usullari;
- xedjirlash operatsiyalari va boshqa moliyaviy tavakkalchiliklarni hisobga olish uslubiyati;
- aktivlarning har bir guruhi va kichik guruhi boʻyicha amortizatsiya normalari va hisoblash usullari
.
Soliq hisob siyosatini tuzishga rasman yondashmang - uni puxta ishlab chiqish sizga tekshiruvchilar oldida nizoli vaziyatlarda oʻz pozitsiyangizni himoya qilish imkonini beradi.
2. Soliq registrlari va hisob hujjatlari
Soliq auditi chogʻida tekshiruvchilar soliqlar hisob-kitobi va ularni toʻlash, moliyaviy hisobot bilan bogʻliq hujjatlarni oʻrganishadi va tahlil qilishadi. Shu bois boshlangʻich hujjatlarning mavjudligi va toʻliqligini, shu jumladan majburiy rekvizitlar toʻldirilganligi, mas’ul shaxslar imzolari va muhrlar qoʻyilganligini (zarur boʻlganda) oldindan tekshiring.
Soliq registrlarini shakllantiruvchi hujjatlarni, shuningdek buxgalteriya hisobining boshlangʻich hujjatlarini oldindan inventarizatsiya qilish sizga tekshiruv chogʻida ish vaqtini ahamiyatli tejagan holda, soʻralgan hujjatlarni tezkor tarzda taqdim etish imkonini beradi.
Agar hujjatlar elektron shaklda rasmiylashtirilsa, soliq toʻlovchi soliq organlarining talabiga koʻra qogʻozdagi koʻchirma nusxalarini taqdim etishi shart, bundan EHFning axborot tizimida roʻyxatga olingan hisobvaraq-fakturalar mustasno
.
3. Soliq hisoboti
Soliq tekshiruvi chogʻida aniqlangan soliq hisobotidagi tafovutlar jarima sanksiyalariga va korxonaning mansabdor shaxslarini qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikka tortishga olib kelishi mumkin.
Soliq organlariga taqdim etilgan hisob-kitoblarni tekshiring va agar xatolarni aniqlasangiz, aniqlashtirilgan soliq hisobotini topshiring.
Agar siz ilgari taqdim etilgan hisob-kitoblarda haqqoniy boʻlmagan yoki toʻliq boʻlmagan ma’lumotlarni va (yoki) hisoblab chiqarilgan soliq summasining kamayishiga (oʻzgarishiga) olib kelgan xatolarni aniqlagan boʻlsangiz, siz aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etishingiz shart.
Biroq agar ushbu holatlar soliq summasinig kamayishiga olib kelmagan boʻlsa, bunda aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etish - bu sizning majburiyatingiz emas, balki huquqingiz. Mazkur vaziyatda belgilangan muddat oʻtgandan keyin taqdim etilgan hisobot muddat buzilgan holda taqdim etilgan hisoblanmaydi.
Agar siz Hisob-kitobning oʻzini taqdim etish muddati oʻtgunga qadar aniqlashtirilgan Hisob-kitobni topshirsangiz, oxirgisi aniqlashtirilgan Hisob-kitobni topshirish kuni taqdim etilgan hisoblanadi. Agarda aniqlashtirilgan Hisob-kitob soliqni toʻlash muddati oʻtgandan keyin taqdim etilgan boʻlsa, siz bir paytning oʻzida quyidagi shartlarga rioya etgan taqdirda javobgarlikdan ozod qilinasiz:
- aniqlashtirilgan hisobot u hisoblab chiqarilgan soliq summasi kamayishiga (oʻzgarishiga) olib kelgan holatlar soliq organi tomonidan aniqlanganligini yoki soliq auditi tayinlanganligini bilgan paytga qadar taqdim etilgan boʻlsa;
- aniqlashtirilgan soliq hisoboti taqdim etilgunga qadar u yetishmayotgan soliq summasini va unga tegishli penyalarni toʻlagan boʻlsa.
4. Hududni koʻzdan kechirish, aktivlar va majburiyatlarni inventarizatsiya qilish
Soliq auditi jarayonida soliq organlarining mansabdor shaxslari quyidagilarni koʻzdan kechirish huquqiga ega:
- tekshirilayotgan shaxsning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun foydalaniladigan hududlarini yoki binosini;
- koʻrsatilgan ob’yektlar toʻgʻrisidagi aniq ma’lumotlarning tekshirilayotgan shaxs tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga asoslangan ma’lumotlarga muvofiqligini aniqlash uchun soliq solish ob’yektlarini
.
Tekshiruvchilar joylashgan joyi va barcha turdagi moliyaviy majburiyatlaridan qat’i nazar, korxonaning barcha mol-mulki inventarizatsiya qilinishini tayinlashga va oʻtkazishga haqli (shu jumladan - soliq toʻlovchiga qarashli boʻlmagan, biroq buxgalteriya hisobida qayd etilgan, ya’ni mas’uliyatli saqlashda boʻlgan, ijaraga olingan, qayta ishlash uchun olingan) boshqa turdagi mol-mulk, shuningdek, biror-bir sababga koʻra hisobga olinmagan mol-mulk)
.
Tekshiruvga tayyorgarlik koʻrish uchun, siz soliq auditi boshlanishidan oldin oʻzingizning aktivlaringiz va majburiyatlaringiz inventarizatsiyasini oʻtkazishingiz mumkin. Agar qandaydir tafovutlar aniqlansa, ularni oʻz vaqtida hisobda aks ettiring.
![]()