9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Yangi EHF soliq ma’muriyatchiligiga shoshilinch oʻtish qanday muammolarni koʻrsatdi
Tizim onlayn-NKM orqali kelib tushadigan barcha mablagʻlarni avtomatik ravishda tushum sifatida hisobga oladigan soliq ma’muriyatchiligidagi oʻzgarishlar tufayli buxgalterlarning ishi koʻpaydi. Xususan, kundalik yetkazib berishlarni amalga oshiradigan korxonalarga har b ir buyurtmanoma uchun EHFni shakllantirish zarur. Shuningdek – tovarlar (xizmatlar) haqini KPK orqali toʻlaydigan kontragentlar boʻyicha hisobvaraq-fakturalarni qoʻlda kiritish talab etiladi.
Buxgalter.uz iltimosiga binoan vaziyatni soliq maslahatchisi Gulnara ERGAShEVA sharhlab berdi:
1-vaziyat: uzluksiz yetkazib berish
– Misol uchun, oʻz mahsulotlarini har kuni chakana savdo shoxobchalari va umumiy ovqatlanish korxonalariga yetkazib beradigan non zavodlari va novvoyxonalar faoliyatini koʻrib chiqamiz.
14.08.2020 yildagi 489-son VMQga 2-ilovaning 6-bandiga muvofiq elektr va (yoki) issiqlik energiyasi, suv, gaz, kommunal xizmatlar, aloqa xizmatlari, temir yoʻlda tashish, transport-ekspeditorlik xizmati realizatsiya qilinganda, quvurlar tizimi orqali yuklarni tashishga doir xizmatlar realizatsiya qilinganda, shuningdek, tovarlar (xizmatlar) doimiy (uzluksiz) asosda realizatsiya qilinadigan boshqa xollarda tovarlar yetkazib berilganda (xizmatlar koʻrsatilganda) hisobvaraq-faktura kalendar oyning soʻnggi kunida mazkur oy davomida jami yetkazib berilgan tovarlar (koʻrsatilgan xizmatlar) hajmi boʻyicha bir marta taqdim etiladi.
Koʻrib chiqilayotgan misolda non yetkazib berishni uzluksiz xizmat sifatida koʻrib chiqish va ushbu faoliyat turini 2-son ilovada nazarda tutilgan "boshqa holatlar"ga kiritilish mumkinmi? Yoʻq, bu hech qanday uzluksiz xizmat emas! Tushayotgan arizalarni qayta ishlash, joʻnatish, yetkazib berish – bu barcha bosqichlarda non mahsulotlari yetkazib berishni uzluksiz deb hisoblashga imkon bermaydi. Shunga asoslanib, hozirda bunday korxonalar har bir alohida ariza boʻyicha QR-kodli EHF shakillantirish kerak.
Koʻrinib turibdiki, amalda soliq ma’muriyatchiligi yetkazib beruvchilarga qoʻshimcha muammolar keltirib chiqaradi. Zero, ichki ishlar organlari vakillari bilan birgalikda soliq organlari tomonidan amalga oshirilishi kutilayotgan toʻsatdan sayyor monitoring-reydlari oʻtkazilgan vaziyatlarda EHFga ega boʻlmagan yetkazib beruvchi muammolarga duch keladi.
2-vaziyat: KPK
EHF tizimidagi soʻnggi oʻzgarishlar mukammal ishlab chiqilmaganligidan dalolat beradigan ikkinchi misolni keltiramiz. Bunda korporativ kartalar boʻyicha EHF taqdim etish xususida soʻz bormoqda.
KPK boʻyicha toʻlov EHFni shakllantirgan holda hisobga olinishi kerak. Ammo ayni paytda tizim notoʻgʻri ishlayapti. Tizim KPK boʻyicha toʻlovni amalga oshirgan kontragentni tanimayapti, u noaniq summa sifatida reyestrga kiritilayapti.
Bu ham buxgalterga ortiqcha tashvish boʻlayapti: u noaniq summani qoʻlda oʻchirib tashlashi va u boʻyicha hisobvaraq-fakturani qayta taqdim etishi kerak.
Xulosa:
Fikrimcha, EHF tizimidagi bunday tub oʻzgarishlarni oʻtgan sana bilan – martdagi hisobot uchun apreldan kiritish kerak emas edi. Uni apreldan, buning ustiga, test rejimida joriy etishni maslahat berardim. Bu hammasi amalda qanday ishlashini, qanday muammolar yuzaga kelishini va ularni qanday hal qilish mumkinligini koʻrish uchun imkonini bergan boʻlar edi.
Hozir esa soliq organining oʻz ma’muriyatchiligidagi oʻzgarishlar soliq toʻlovchilarning ishiga yana xalal berib, tovarlarni olib oʻtishda ham qoʻshimcha qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Bunda tovarni olib oʻtish erkinligining asosiy prinsipi buziladi.
Shunday vaziyat yuzaga keldiki, qonun ijodkorligi darajasida masala toʻgʻri qoʻyilgan, oʻz ma’muriyatchiligining amaliy jihatlari esa tadbirkorlarning ishini yengillashtirish oʻrniga unga toʻsqinlik qilmoqda.
Saida JONIZOQOVA tayyorladi.