Oʻzbekistonda QQSning turli stavkalari joriy etiladimi?

preview

Qoʻshilgan qiymat soligʻi hozirda 15%lik yagona stavka boʻyicha toʻlanadi. Biroq, ayrim tarmoq vakillari pasaytirilgan QQS stavkalarini joriy etishni yoki ayrim faoliyat turlarini soliqdan ozod qilishni taklif etadilar. Bundan tashqari, bu yana buxgalterlar faoliyatini murakkablashtiradi, u iste’molchi va biznes nuqtai nazaridan samarali boʻladimi? Moliya vazirligi tabaqalashtirilgan stavkalarni joriy etishning maqsadga muvofiqligi haqida qanday fikrda?

Buxgalter.uz Moliya vazirining oʻrinbosari Dilshod SULTANOVning fikrini siz  bilan oʻrtoqlashadi:


1. Katta moddiy xarajatlar talab etmaydigan xizmatlar uchun pasaytirilgan stavkalarni belgilash yoki QQSdan ozod qilish lozimmi? Masalan, mehmonxona va turoperatorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularning xizmatlarini 5% stavkada soliqqa tortish yoki umuman soliqqa tortmaslik taklif etilmoqda.

Dilshod SULTANOV  bunday takliflarning mualliflari QQS oxirgi iste’molchi tomonidan toʻlanadigan soliq ekanligini hisobga olmaydilar, deb hisoblaydi. Shu bois, koʻp mamlakatlarda QQS stavkalarini pasaytirish tarafdori boʻlgan siyosatchilar oʻz takliflarini ishlab chiqaruvchilar va savdo manfaatlari bilan emas, balki iste’molchilar manfaatlari bilan  asoslaydilar.

Faraz qilaylik, muayyan tarmoq uchun, masalan, mehmonxona xizmatlari uchun QQS boʻyicha imtiyozlar joriy etildi. Biznesning qaysidir qismi yutadi, qaysidir qismi yutqazadi. Misol uchun, bugungi kunda davlat mehmonxona ochayotgan kompaniyalarga qurilish paytida ular tomonidan toʻlangan QQSni toʻliq qoplab bermoqda. Agar siz mehmonxonaga 11,5 mlrd. soʻm investitsiya kiritgan boʻlsangiz, shundan 1,5 mlrd. soʻmi qurilish materiallari, xizmatlar va boshqalar uchun toʻlangan QQS boʻlsa, u holda mehmonxona sizga haqiqatda 10 mlrd. soʻmga tushadi. Bir yarim milliardni sizga byudjet qaytarib beradi. Buning yagona sharti mehmonxona QQS toʻlovchisi boʻlishi kerak. Toʻlovchi boʻlmaganga soliq byudjetdan qoplanmaydi, u amortizatsiyani oshirgan va foydani kamaytirgan holda mehmonxona qiymatiga kiritiladi.

Iste’molchi nuqtai nazaridan hamma narsa ham ravshan emas. Biz oʻylab koʻrishimiz kerak boʻlgan birinchi narsa – bundan oxirgi iste’molchi yutadimi? Ikkinchisi – mazkur naf soliq ma’muriyatchiligida qoʻshimcha xarajatlarni qoplaydimi?

Xalqaro tajriba shuni koʻrsatadiki, QQS stavkasini kamaytirish, odatda, tovar va xizmatlarni mos ravishda arzonlashtirmaydi. Masalan, Oʻzbekistonda bundan bir yarim yil avval soliq stavkasi 20% dan 15% gacha pasaytirilgan edi. Iste’molchilardan kimdir narxlarning 5%ga haqiqatda tushganligini sezdimi? Tovarlar va xizmatlarning aksariyati boʻyicha narxlar tushmagan. 2021 yil yanvaridan aksiz soligʻi bekor qilingan import tovarlari narxlari ham arzonlashmadi. Bu raqobat yoʻqligini yoki iste’molchi ushbu narxni toʻlashga tayyorligini va chakana savdo bu narxni pasaytirishni xohlamayotganligini bildiradi.

QQSning pasaytirilgan stavkalari odatda past daromadga ega boʻlgan iste’molchilarning manfaatlari, ya’ni ijtimoiy maqsadlar uchun deb izohlanib joriy etiladi. Bu ishlashi uchun soliq stavkasi pasaytirilishi iste’molchilarga narxlarni pasaytirish koʻrinishida berilishi lozim.

Nazariy jihatdan, bozor toʻliq raqobatli boʻlsa, bu, haqiqatda shunday boʻlishi kerak. Biroq, bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda ham tovar va xizmatlar bozorlari toʻliq raqobatli emas va amalda QQSning pasaytirilgan stavkalari narxlarning yetarli darajada kamayishiga olib kelmaydi.

Faraz qilaylik, turistik xizmatlarni QQSdan ozod qildik... Ishonchim komilki, bu narxlarning 15% pasayishiga olib kelmaydi. Birinchidan, biz sayyohlik kompaniyalarining barcha kontragentlariga shunday imtiyozlar bera olmaymiz (avtomobil tashuvchilariga, umumiy ovqatlanish, elektr energiyasi, gaz yetkazib beruvchilar va boshqalar) va xizmatlar tannarxi oshadi. Ikkinchidan, mehmonxona xonalarining bozor narxi bor – 250 ming soʻmdan bir necha million soʻmgacha. – ularni esa hech kim tushirmaydi.

QQS stavkasini kamaytirishning samarali muqobil varianti mavjud – bu manzilli subsidiyalar orqali tarmoqni qoʻllab-quvvatlash. Shuning uchun davlat investorlarga yangi mehmonxonalarni qurish va jihozlash uchun subsidiyalar toʻlaydi. Demak, 100 xonali 4 yulduzli mehmonxona uchun investor 6,5 mlrd. soʻm miqdorida subsidiya oladi. Shunday qilib, davlat bozorda yangi mehmonxonalar paydo boʻlishini ragʻbatlantiradi, bu raqobat kuchayishi va rostdan ham narxlarni pasaytirishi kerak. Biznesni bunday manzilli qoʻllab-quvvatlash, iste’molchiga hech narsa bermaydigan QQS dan ozod qilish yoki pasaytirilgan stavkalarni joriy qilishdan koʻra ancha samaralidir.

Bundan tashqari, biznesda imtiyozli rejimlar joriy etish bilan soliq ma’murchiligida va alohida-alohida hisobni yuritishda qiyinchiliklar paydo boʻladi. Imtiyozli QQS stavkasi mavjud boʻlganda soliq nizolarining yuqori ehtimoli mavjud. Misol uchun, mehmonxona xizmatlari narxiga kiritilgan nonushta - bu ovqatlanish xizmatimi yoki yashash xizmatimi? Yagona stavkada hech qanday muammo yoʻq - barchasiga 15% QQS solinadi. Agar biz mehmonxona xizmatlari uchun pasaytirilgan stavkalarni belgilasak, nonushta qiymatini qaysi stavka boʻyicha soliqqa tortamiz – 5%mi yoki 15 %?

Bunday nizolar mehmonxona tomonidan koʻrsatiladigan boshqa barcha xizmatlar – kir yuvish, fitnes, turistlarni tashish va boshqalar boʻyicha yuzaga keladi.

Doimiy sud kelishmovchiliklari – tabaqalashtirilgan QQS stavkalari mavjud boʻlgan mamlakatlar uchun oddiy hol. Yevropa sudining QQS boʻyicha aksariyat sud jarayonlari muayyan tovar yoki xizmatni qaysi stavka boʻyicha soliqqa tortilishi bilan bogʻliq. Shunday holat Rossiya, Turkiya, Avstraliya va bir nechta QQS stavkalari mavjud boʻlgan boshqa mamlakatlarda sodir boʻlmoqda.

Masalan, ayrim mamlakatlarda bosma mahsulotlar QQSning pasaytirilgan stavkasida soliqqa tortiladi. Agar bosma mahsulotga flesh-xotirada elektron versiya boʻlsa va uning narxi bosma nashrning narxidan yuqori boʻlsa, qanday stavkani qoʻllashimiz kerak? Bunday aylanma bilan alohida hisobning yuritilishi doimo qiyinchilik va sud nizolariga sabab boʻladi.

Bunda, amaliyot koʻrsatganidek, biznesga yordam berishning yana bir usuli – byudjetga soliqni toʻlash muddatini oshirish. Tadbirkor xaridordan oladigan QQS – bu byudjet pulidir. Siz soliqni keyingi oyning 20 sanasiga qadar toʻlaganingizda, aslida xaridordan pul tushgan kundan boshlab QQS byudjetga oʻtkazilgan sanagacha foizsiz kreditdan foydalanasiz. Agar soliqni chorakda bir marta toʻlanadigan qilgan holda ushbu muddat uzaytirilsachi? Foizsiz kreditdan foydalanish muddati 2-3 barobar oshadi.

Oʻzbekistonda oʻtgan yili aynan shunday norma joriy etildi. 2020 yilning aprelidan tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilish boʻyicha aylanmasi 1 mlrd. soʻmdan oshmaydigan QQS toʻlovchilari chorakda bir marta QQS toʻlashni boshladilar. Bu esa korxonalarning aylanma mablagʻlarini koʻpaytirib, ularning kredit resurslariga boʻlgan ehtiyojini kamaytirdi va bank kreditlarini toʻlash uchun oʻn milliardlab soʻm mablagʻni tejadi.


2.
Unda nima uchun juda koʻp mamlakatlar QQSning pasaytirilgan stavkalariga qarshi ishonchli dalillarga qaramay, uni qoʻllaydilar?

Yevropada pasaytirilgan stavkalardan 1967 yilda QQS joriy etilganidan beri foydalanilgan. Oʻsha paytda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlarni hech kim bilmasdi. Muammolar oʻn yillar oʻtib koʻrinib qoldi. Ammo imtiyozlarni kiritishdan koʻra ularni bekor qilish ancha qiyin.

Bundan tashqari, imtiyozli QQS stavkasi qoʻllanadigan tarmoqlarda faoliyat yurituvchi tadbirkorlar birlashmalari timsolida QQSning pasaytirilgan stavkalarining kuchli lobbisi bor.

Rivojlangan mamlakatlarda ayrim tovar va xizmatlarni imtiyozli soliqqa tortishning yana bir ehtimoliy sababi - saylovchilarga QQS bazasiga kiritilgan barcha tovar va xizmatlarni bir xilda soliqqa tortish zarurligini tushuntira olmaslik yoki istamaslikdir.

Rivojlanayotgan mamlakatlarda muhim tovarlar uchun imtiyozli stavkalardan foydalanishning sababi aholining ijtimoiy himoyasining mavjud mexanizmlari samaradorligiga hokimiyatning ishonchi yoʻqligidir. Ular ehtiyojmandlarni toʻgʻridan-toʻgʻri ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashning yanada samarali usullarini qoʻllay olmaydilar.

Manbaga qarang.

 

QQS: soliq hisobi — maslahatlar QQS QQS (soliq hisobi) — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text168835_uzbekistonda_qqsning_turli_stavkalari_joriy_etiladimi