Dastlabki IFRS.Cert sertifikatlari berildi. Imtihon qanday oʻtdi?

preview

Moliya vazirligi va «Norma» PRMning birgalikdagi ta’lim loyihasi - «MHXS asoslari» boʻyicha dastlabki bitiruvchilarga sertifikatlar berildi. Buxgalter.uz dasturning birinchi modulidan muvaffaqiyatli oʻtib, imtihonlarni topshirgan va sertifikat olgan bitiruvchilar bilan suhbatlashdi. Oʻqish jarayoni qanday oʻtdi? Imtihonda qanday savollar berildi? Qaysilari murakkab boʻldi? Bitiruvchilar oʻqituvchilarni va erishgan natijalarini qanday baholadilar?

 
Alisher MAMATOV, «Nazorat audit» MChJ auditori, iqtisod fanlari nomzodi. 1993 yildan buyon mutaxassisligi boʻyicha ishlaydi:

– Oʻz bilimlarimni mustahkamlash maqsadida «MHXS asoslari» kursiga oʻqishga kirdim. Auditor sifatida 2014 yildan boshlab korxonalarga MHXSga oʻtishga koʻmaklashaman. Ya’ni anchadan buyon korxonalarni MHXS boʻyicha hisobga qoʻyishning amaliy transformatsiyasi bilan shugʻullanaman. Amaliy yordam koʻrsatishdan tashqari turli korxonalarning xodimlariga MHXSga transformatsiyalashdan dars beraman.

Tajribaga egaligim sababli, imtihon topshirishim oson boʻldi. Barcha savollarga javob topishga taxminan bir soat vaqtim ketdi. Yana bir soat davomida javoblarni topshirishdan oldin tahlil qilib koʻrib chiqdim. Bir nechta javoblarning toʻgʻriligiga shubhalandim. Shuningdek faqat raqamlari oʻzgartirilgan mazmunan takrorlanuvchi chalgʻituvchi savollar ham boʻldi. Bunda e’tiborli boʻlish talab etildi. Lekin men imtihonni topshirish jarayonida uni uddalay olishimni anglab yetdim.

MHXSni oʻzlashtirishga kirishganiga koʻp boʻlmagan kishilar uchun imtihon murakkab tuyulishi mumkin. Savollar chalkash boʻlganda ularning mazmun-mohiyatini anglagan holda toʻgʻri javob topishda bilimlarimiz asqotadi. Har bir darsni va har bir darsdan keyingi oraliq testlarni puxta oʻzlashtirish muhimdir, sababi yakuniy imtihonda shunday savollar boʻlishi mumkin.

Ikkinchi bosqichda albatta oʻqiyman. Internet orqali oʻqish imkoniyatlarini koʻrib chiqayotganimda kursning Oʻzbekistonda tashkil etilishi men uchun muhim koʻrindi. Moliya vazirligining tashabbusi bilan tashkil etilgan ifrs.academy maydonchasida eng yaxshi oʻqituvchilar foydasiga tanlov boʻldi. 

Kurs oʻqituvchisi Kirill POPADYuK mavzularni juda yaxshi tushuntirishiga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Men bilaman deb oʻylagan mavzularim ancha chuqur yoritib berildi. Ta’lim jarayonida oʻqituvchining mahorati muhim rol oʻynaydi. Kirill POPADYuK aynan shundaylar sirasidan. Aynan shu sababli MHXS asoslari boʻyicha qayerda oʻqishni tanlayotganlarga mazkur kursni tavsiya qilaman.


Gulandom ERGAShEVA, «TEMIRYO'L-SUGURTA» QK MChJ bosh buxgalteri oʻrinbosari, SAR, auditor sertifikatiga ega. Buxgalteriya va audit sohasidagi ish staji – 22 yil:

–  Bizning kompaniya, «TEMIRYO'L-SUG'URTA» QK MChJ, ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida xalqaro miqyosda sugʻurta xizmatlarini koʻrsatishni moʻljallayapti. Ushbu maqsadga erishish va investorlarni jalb etish uchun xalqaro reyting agentliklar tomonidan yaxshi baho berilishi lozim. Bunda dastlabki talab MHXS boʻyicha tuzilgan moliyaviy hisobotni taqdim etishdan iborat boʻladi. Hisobotni oʻzimiz tayyorlashni moʻljallayapmiz va xalqaro auditorlar ishtirokida har bir moddasini tushuntirgan holda himoya qilmoqchimiz.

Oʻz faoliyatim uchun va shaxsiy kasbiy mahoratimni oshirish maqsadida oʻqidim va IFRS.Cert sertifikatini olish uchun imtihon topshirdim. Imtihon oldidan albatta hayajon boʻldi, keyin jarayonga kirishib onlayn-kursda olgan bilimlarimga asoslangan holda savollarga javob topa boshladim.

2-3 ta savollarda biroz qiyinchilik va shubhalanishlar ham boʻldi. Umuman olganda, oʻqishning tashkil etilishi va imtihon jarayoni menga ma’qul boʻldi.

MHXSni toʻliq oʻzlashtirish va nasib qilsa barcha darajalari boʻyicha DipIFR va ACCA imtihonlarini topshirishni rejalarimga kiritdim.

Bu oson kechmaydi, lekin shunday boʻlishini juda xohlayman. Shu boisdan ifrs.academy platformasining ikkinchi bosqichida «MHXS boʻyicha moliyaviy hisobot» kursida oʻqish imkoniyatidan albatta foydalanaman.

MHXSni oʻzlashtirmoqchi boʻlganlarga maslahatim onlayn rejimda oʻqishni tanlang.

Kunduzi ishlaganim uchun deyarli vaqtim boʻlmaydi. Ishlab chiqarishdan ajralgan holda oʻqish uchun imkoniyatim boʻlmaganligi sababli onlayn tarzda oʻqish shakli men uchun juda qulay boʻldi. Shaxsiy kabinet orqali barcha materiallardan tunu kun foydalanish mumkin, bu esa darsni bir necha marta xotirjam oʻtirib tinglashga imkon beradi. Har bir imtihondan keyin testlardan oʻtish imtihonlarga tayyorlanishimga, MHXSning asosini, mohiyatini anglashimga hamda mehnat faoliyati, hisobotlar va katta ish yuklamasiga qaramay, imtihonni muvaffaqiyatli topshirishimga imkoniyat yaratdi.


Dinara KAFIZOVA, Yaponiya xalqaro korporatsiyasi moliyachisi. Asosan xalqaro kompaniyalarda 10 yildan ortiq ish tajribasiga ega:

–  Oʻzbekistondagi boshqa koʻpgina xorijiy kompaniyalar kabi bizning kompaniyamiz ham bir vaqtning oʻzida ham milliy, ham xalqaro standartlar boʻyicha buxgalteriya hisobini yuritadi. Albatta, menda MHXS boʻyicha puxta bilimlarni egallashga qiziqish ustun keldi. Internet orqali Moliya vazirligi va «Norma» kompaniyasining qoʻshma loyihasi toʻgʻrisidagi ma’lumotni izlab topdim, bu MHXS boʻyicha rossiyalik tajribali mutaxassis, iqtisod fanlari nomzodi Kirill POPADYuK olib boradigan MHXS asoslari boʻyicha uch oylik intensiv kurs edi.

Kurs haqidagi taassurotlarim quyidagicha: material juda qiziqarli boʻlib ketma-ketlikda berilgan, sifati va ma’lumotlar yetkazib berilishi yuqori darajada. Asosiysi – bu mutlaq bepul kurs boʻlib, har bir tinglovchiga individual jihatdan toʻgʻri keladigan sur’atda oʻqish uchun imkoniyat yaratilgan. Men ifrs.academy platformasi yordamida onlayn oʻqidim. Parallel ravishda DipIFR imtihoniga tayyorlandim. Kurs «MHXS asoslari» kursi bazaviy materialni tez oʻzlashtirib olishga va topshiriqlarni yechishga imkon berdi.

Har bir tinglovchi puxta tayyorgarlik koʻrib, fikrini jamlagan holda savollar va topshiriqlarga javob topadigan boʻlsa, birinchi marta kelganida imtihonni topshira oladi deb oʻylayman. Menda shunday boʻldi.

IFRS.Cert sertifikati sohibi sifatida 2021 yil may oyida boshlanadigan «MHXS boʻyicha moliyaviy hisobot» kursida bepul oʻqish huquqidan foydalana olishimdan juda mamnunman. 


Saida JONIZOQOVA tayyorladi.

Buxgalteriya hisobi va soliq solishga doir normativ hujjatlardagi yangi oʻzgarishlar Yangiliklar Yangiliklar /oz/publish/doc/text169035_dastlabki_ifrs_cert_sertifikatlari_berildi_imtihon_qanday_utdi