Onlayn-NKM (virtual kassa) chekidagi xato qanday tuzatiladi. Qadamma-qadam yoʻriqnoma

preview
E’tibor bering
DSQ iltimosiga binoan qadamma-qadam yoʻriqnomaning 7-bandiga tugmaga bosish tartibi qismida tuzatish kiritildi.

Soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetida onlayn-NKM (virtual kassa) chekidagi xatoni tuzatish imkonini beradigan funksional paydo boʻldi. Bu qanday ishlashini buxgalter.uz iltimosiga binoan  «Yangi texnologiyalar» IAM boʻlim boshligʻi Sherzod TEShEBAYeV gapirib berdi:


- “Amaliyotda nazorat-kassa texnikasi chekini shakllantirishda koʻpincha xatoga yoʻl qoʻyiladi. Operator tovar nomi, soni, qiymatini yoki toʻlov shaklini (naqd yoki terminal orqali) notoʻgʻri koʻrsatishi mumkin. Ba’zan QQS toʻlovchi boʻlmaganlar soliq stavkasi va summasini koʻrsatishadi, toʻlovchilar esa, aksincha, ushbu axborotni koʻrsatishni unutishadi. Bularning barchasi buzib koʻrsatishga olib keladi, ular, qoidaga koʻra, keyinchalik soliq tekshiruvlari doirasida aniqlanadi.

Ilgari onlayn-NKM va virtual kassa tizimi cheklardagi xatolarni tuzatish imkonini bermagan. Hozir bunday imkoniyat mavjud: yangi funksional va tartib sinovdan oʻtkazilmoqda, ulardan foydalanish mumkin.

Agar chekda xatoga yoʻl qoʻyilgan boʻlsa, chekda QQS boʻyicha ma’lumotni aks ettirish bilan bogʻliq boʻlmagan vaziyatlarda sotuvchi aniqlangan holat toʻgʻrisida va onlayn-NKM (virtual kassa) ma’lumotlariga oʻzgartirishlar kiritish chorasini koʻrish soʻralgan arizani onlayn-NKM (virtual kassa) roʻyxatdan oʻtkazilgan joydagi soliq organiga topshirishi kerak.

Arizada (namunaga qarang) roʻy bergan holatni tushuntiring (tushuntirish xati) va ma’lumotlarga tuzatish kiritish zaruratini tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qiling.

Soliq organi xodimi arizani oʻrganish natijalari boʻyicha chekda haqiqatan xatoga yoʻl qoʻyilganligi haqida asoslangan ma’lumotnoma berishi kerak. Ma’lumotnoma qoʻlingizda boʻlgandan keyin, shaxsiy kabinet funksionali yordamida xatoni tuzatishga kirishish mumkin.

Agarda tuzatishlar chekda QQS boʻyicha ma’lumotni aks ettirish bilan bogʻliq boʻlsa, quyidagi funksionaldan foydalaning.

Qadamma-qadam yoʻriqnoma:

1. Soliq toʻlovchining-cheki xato bilan berilgan onlayn-NKM (virtual kassa) egasining shaxsiy kabinetiga kiring.

2. “YuSh onlayn-NKM va virtual kassasi toʻgʻrisida axborot” xizmatini tanlang.

3. Ochilgan menyuda “Chekka tuzatish kiritish”ni tanlang.

4. Tegishli maydonlarda savdo shoxobchasi nomi, fiskal modul IDsi va tuzatish kiritish zarur boʻlgan chek raqamini koʻrsating. “Izlash”ga bosing. Ekranda izlangan chekning ma’lumotlari ochiladi.

5. Xatoni tuzating. Buning uchun tegishli satrda xato ma’lumotlar oʻrniga toʻgʻri ma’lumotlarni koʻrsating. Quyidagilarni tuzatish mumkin:

  • chek boʻyicha sotilgan tovarning soni;
  • tovarning qiymati va QQS summasi;
  • chek boʻyicha umumiy ma’lumotlar: toʻlov usuli (naqd/terminal boʻyicha).

6. Hujjatlarni ilova qiling («zip» yoki «rar» formatda):

  • agar QQS toʻlovchi chekda QQSni koʻrsatmagan boʻlsa - QQS toʻlovchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnoma;
  • agar aylanmadan olinadigan soliq toʻlovchi chekda QQSni koʻrsatgan boʻlsa - soliq organlarining sub’yekt aylanmadan olinadigan soliq toʻlovchisi ekanligi toʻgʻrisida ma’lumotnomasi;
  • boshqa vaziyatlarda - soliq organlariga xatoni tuzatish toʻgʻrisida murojaat qilish (ariza) holati boʻyicha javob xati va xato holatini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar. “Hisoblash” tugmasiga bosing.

 

E’tibor bering
Agar soliq organi sizning arizangiz boʻyicha ijobiy qaror qabul qilsa, chekning fiskal ma’lumotlari oʻzgaradi. Aks holda tuzatish kiritish rad etiladi.

 

7. Chekning ma’lumotlari oʻzgargandan keyin soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetining xuddi shu “YuSh onlayn-NKM va virtual kassasi toʻgʻrisida axborot” interaktiv xizmatida quyidagi operatsiyalarni amalga oshiring:

  • menyuda “Tushumlar boʻyicha hisobot”ni tanlang;
  • “Yangilash” tugmasiga bosing;
  • fiskal modul IDsi va ma’lumotlar yangilanishi kerak boʻlgan davrni koʻrsating;
  • “Yangilash” tugmasiga bosing.

Siz koʻrsatilgan davr uchun yangilangan hisobot ma’lumotlarini koʻrasiz.

Buxgalter.uz tavsiya qiladi
Onlayn-NKM va virtual kassa chekini sotuvchi va xaridor darhol xariddan keyin tekshirishlari kerak. Va agar xato aniqlansa, sotuvchi darhol uni tuzatish choralarini koʻrishi kerak.

Oleg GAYeVOY tayyorladi

Naqd hisob-kitob Naqd hisob-kitob Naqd hisob-kitob /oz/publish/doc/text169129_onlayn-nkm_virtual_kassa_chekidagi_hato_qanday_tuzatiladi_qadamma-qadam_yuriqnoma