Fevral oyida ekspertlarning materiallari siz uchun foydali boʻladi:
Oʻzbekiston Moliya vazirligi auditorlarni sertifikatlash boʻyicha funksiyadan voz kechdi
Prezidentning “Auditorlarni sertifikatlashtirish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi (PQ-5210-son, 04.08.2021 y.). Auditorlik faoliyatini tartibga solishga u qanday yangilik kiritishi haqida, buxgalter.uz iltimosiga binoan moliya vaziri oʻrinbosari Dilshod SULTONOV gapirib berdi:
- Moliya vazirligi respublika ijro etuvchi hokimiyat organi sifatida auditorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish funksiyasini amalga oshirish vakolatiga ega. Soʻnggi yillardagi bozor islohotlari va professional hamjamiyatning rivojlanishi bu sohada jiddiy oʻzgartirishlar uchun sharoitlarni shakllantirdi. Tashqi auditorlarni sertifikatlashning amal qilgan tartibi davlatni monopol holatga qoʻygan va unda professional jamoat tashkilotlarining ishtirokini minimallashtirgan.
Davlat ishtirokini kamaytirish va bir vaqtda professional tashkilotlarning rolini oshirish, auditning sifatini va auditorlik хizmatlarini koʻrsatish uchun javobgarlikni oshirish yoʻli bilan davlat tomonidan tartibga solishdan oʻzini oʻzi tartibga solishga bosqichma-bosqich oʻtish maqsadida “Auditorlarni sertifikatlashtirish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror qabul qilindi (PQ-5210-son, 04.08.2021 y.). Dastlab u normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining yagona portalida jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan (ID 46890) va professional hamjamiyat ma’qullagan edi.
Hujjat asosiga auditorlarni sertifikatlashdan oʻtkazish, malakani tasdiqlashning shaffofligini ta’minlashning хalqaro amaliyoti, shuningdek хalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik kiritilgan.
Qarorga asosan 2021 yil 15 avgustdan boshlab Moliya vazirligining quyidagi funksiyalari auditorlarning jamoat birlashmalariga oʻtkaziladi:
- auditorning malaka sertifikatini olish uchun malaka imtihonlarini oʻtkazish;
- auditorning malaka sertifikatini berish, qayta rasmiylashtirish, uning amal qilish muddatini uzaytirish va uning amal qilishini tugatish;
- auditorlarning malakasini oshirish dasturlarini tasdiqlash.
Auditor malaka sertifikatini olish boʻyicha imtihonga qoʻyish uchun Moliya vazirligiga ilgari topshirilgan barcha hujjatlar jamoat birlashmalariga oʻtkaziladi. Talabgorlar ularga va ular tashkil etgan imtihon markazlariga malaka imtihonini oʻtkazish muddatlarini aniqlashtirish, shuningdek ilgari berilgan sertifikatlarni uzaytirish uchun murojaat qilishga haqlidirlar.
Auditorlarning jamoat birlashmalari bilan birgalikda Moliya vazirligi qisqa muddatlarda malaka imtihonlarini oʻtkazish reglamentini, auditorning malaka sertifikati bilan bogʻliq tartib-taomillarni, malaka oshirish dasturini tasdiqlaydi. Biroq ularni auditorlarning jamoat birlashmalari amaliyotda amalga oshiradi.
Buхgalterlarning хalqaro sertifikatlari roʻyхati ham tasdiqlanadi, ular mavjud boʻlganda auditorning malaka sertifikati imtihonsiz beriladi va muddati uzaytiriladi.
Agar talabgorda auditorlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun bunday sertifikat mavjud boʻlsa, u auditorning malaka sertifikati uchun imtihon topshirishi shart emas.
Jamoat birlashmalari malaka imtihonlarida ishtirok etgan talabgorlar va berilgan auditorning malaka sertifikatlari toʻgʻrisida ma’lumotlar bazalarini yuritadi. Ularga quyidagi huquqlar berilgan:
- malaka imtihonlarini tasdiqlangan tartib va reglamentga muvofiq oʻtkazish uchun mustaqil ravishda yoki birgalikda imtihon markazlarini tashkil etish;
- respublikaning barcha hududlarida malaka imtihonlarini tashkil etish va auditorlar malakasini oshirish maqsadida hududlardagi tarmoqlarni rivojlantirish.