9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Emlanmagan xodim ishdan qanday chetlatilishi lozim (qadamma-qadam yoʻriqnoma, hujjatlar namunalari)
0239-07/4-son SanQvaNga (roʻyxat raqami 31, 19.07.2021 y.) kiritilgan qoʻshimchada koʻrsatilgan tashkilot xodimlari vaksina olishdan bosh tortganligi uchun ishdan chetlashtirilishi mumkin. Mehnat kodeksining 113-moddasi 3-qismiga kiritilgan oʻzgartirishlar ham bundan dalolat beradi. Buni qanday amalga oshirish haqida buxgalter.uz iltimosiga binoan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi boshqarmasi boshligʻi Aleksandr NAVOTNIY va «Norma» kompaniyasi eksperti Lenara XIKMATOVA soʻzlab berdilar:
– 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab xodimlari (sogʻligʻi boʻyicha qarshi koʻrsatma mavjud boʻlgan shaxslardan tashqari) koronavirusga qarshi vaksinaning kamida 2 dozasi bilan (turidan qat’i nazar) emlanganligi toʻgʻrisidagi sertifikatga ega boʻlmagan tadbirkorlik sub’yektlari va yakka tartibdagi tadbirkorlarning faoliyati vaqtincha toʻxtatiladi, – deya ma’lum qildi Sogʻliqni saqlash vazirligi.
Faoliyati toʻxtatilishining oldini olish uchun muayyan chora-tadbirlar koʻrilishi lozim:
I. Tayyorgarlik ishlari
1. Xodimlarga koronavirusga qarshi vaksinaning foydasini tushuntiring – u immunitetni oshiradi va kasallik ogʻir kechishidan himoyalanish darajasi yuqori boʻladi.
2. Tashkilot xodimlari boʻyicha quyidagilar haqidagi ma’lumotlarni oʻz ichiga olgan axborotni tayyorlang:
- soʻnggi 6 oy ichida qachon va nechta xodim vaksina olganligi;
- kimlarda vaksinatsiyaga qarshi tibbiy koʻrsatma borligi;
- vaksina olishga kimlar rozilik bildirganligi;
- kimlar vaksina olishdan bosh tortganligi.
3. Majburiy tartibda vaksina olishi lozim boʻlgan xodimlar roʻyxatini shakllantiring. Ish beruvchining qaroriga binoan unga quyidagilar kiritilmaydi:
- uyda yoki masofaviy ishlaydigan shaxslar;
- homiladorlik va tugʻish, bolani parvarishlash ta’tilida boʻlgan shaxslar.
II. Emlash ishlarini tashkil qilish
4. Xodimlarni emlash toʻgʻrisida buyruq chiqaring. Unda quyidagilar koʻrsatiladi:
- vaksina olishi lozim boʻlgan xodimlar;
- vaksinatsiyadan oʻtish muddatlari. Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan vaksinatsiya grafigiga muvofiq 2021 yilda vaksina quyidagi muddatlarda olinishi lozim:
– birinchi doza – 1 sentyabrga qadar;
– ikkinchi doza – 1 oktyabrga qadar;
– uchinchi doza – 1 noyabrga qadar;
- ish beruvchini vaksina olish yoki uni rad etish toʻgʻrisida xabardor qilish tartibi;
- vaksinatsiyani oʻtkazish shakli:
– ofisda markazlashtirilgan holda;
– markazlashtirilgan holda muayyan tibbiy muassasada;
– mustaqil ravishda;
- ish beruvchiga vaksinatsiya oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi sertifikatlarni taqdim etish tartibi;
- ish beruvchiga vaksinaga qarshi koʻrsatmalar toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni taqdim etish tartibi;
- xodimlar vaksina olishdan bosh tortganda qarshi tibbiy koʻrsatmalar mavjud boʻlmagan taqdirda, MKning 113-moddasi 3-qismiga asosan ular ishdan chetlashtirilishi mumkinligi toʻgʻrisidagi ma’lumotlar;
Ishdan chetlashtirish – ish beruvchining majburiyati emas, balki huquqidir. U quyidagi holatlarda ushbu huquqni amalga oshirishi mumkin:
– xodimlarning davolanish xarajatlarini toʻlash xataridan xoli boʻlmoqchi boʻlsa;
– tashkilotda sanitariya-epidemiologik holat yomonlashishining oldini olmoqchi boʻlsa;
– faoliyatni 1.10.2021 yilga qadar davom ettirmoqchi boʻlsa.
- monitoring oʻtkazish va ish beruvchini xodimlar emlanganligi toʻgʻrisida xabardor qilish uchun mas’ul boʻlgan mansabdor shaxs.
Quyidagilarga asosan buyruq chiqariladi:
- MK 113-m. 3-q. , MK 211-m. 1-q. ;
- «Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida»gi Qonunning 10-m., 16–17-b.;
- 0239-07/4-son SanQvaNga (roʻyxat raqami 31, 19.07.2021 y.) kiritilgan qoʻshimchalar.
5. Vaksina olishi lozim boʻlgan xodimlarni imzo chektirib roʻyxat bilan tanishtiring. Tanishishdan va/yoki imzo chekishdan bosh tortish holatlarida bu haqda dalolatnoma tuzing.
6. Vaksinatsiyadan oʻtishni markazlashtirilgan holda tashkillashtirish yoki xodimlarga ish vaqti davomida mustaqil ravishda vaksina olish imkoniyatini ta’minlash. Xodim ish joyida boʻlmagan davrida ish haqi saqlanib qolishi lozim.
7. Moliyaviy jihatdan imkoniyatlar mavjud boʻlganda vaksina olgan xodimlarni ragʻbatlantirish chora-tadbirlarini belgilang.
8. Avvalgi 6 oy davomida emlangan xodimlardan QR-kodli vaksinatsiya toʻgʻrisidagi sertifikatlarni taqdim etishlarini talab qiling. Emlash muayyan muddat oraligʻida 2 va 3-bosqichda oʻtkazilishini hisobga oling. Shaxsga vaksinaning oxirgi dozasini olmaguncha sertifikat berilmaydi. Vaksinatsiyadan oʻtish bosqichlari toʻgʻrisidagi ma’lumotlar emlash.uz portalida berilgan.
Xodimdan vaksinaning dastlabki dozasini olganligini tasdiqlash uchun emlash.uz saytidan emlanganligi toʻgʻrisidagi ma’lumotning skrinshotini, emlash.uz dan kelgan SMSni yoki tibbiy muassasa tomonidan berilgan ma’lumotnomani koʻrsatishini talab qiling.
Biroq har qanday holatda ham, mashhur shifokor–virusolog Dildora SEKLERning aytishicha, – vaksina olinmaganligi xodim uchun kasallikka chalinish va boshqalarga kasallikni yuqtirish xavfini oshiradi.
Shuningdek mutaxassis eslatib oʻtadi, vaksinatsiyadan tashqari profilaktikaning boshqa choralariga (niqob taqish, qoʻllarni dezinfeksiya qilish, masofa saqlash), shu jumladan vaksina olgan xodimlar ham rioya qilishi lozim.
III. Ishdan chetlashtirish
9. Vaksina olishga rozilik bildirmagan yoki emlanganligi toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni taqdim etmagan xodimdan bu haqda yozma ravishdagi rad javobini erkin shaklda yozib berishni talab qiling yoki ushbu shakldan foydalaning. Xodimda qarshi tibbiy koʻrsatma mavjud boʻlsa, ushbu namunadan foydalaning.
Agar xodim:
- rad javobini yozib berishga rozilik bildirmasa – dalolatnoma tuzing;
- soʻnggi 4–5 oy mobaynida betob boʻlganligini va unda vaksinatsiyaga qarshi tibbiy koʻrsatma mavjudligini ta’kidlasa, – buni tasdiqlovchi hujjatni va shifokorning vaksina olishga zarurat yoʻqligi haqidagi koʻrsatmasini taqdim etishini soʻrang.
10. Xodim belgilangan muddatlarda vaksina olganligini yoki qarshi koʻrsatma borligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlmagan taqdirda, uni ish haqi saqlanmagan holda ishdan chetlashtirish toʻgʻrisida buyruq chiqaring. Asos – MKning 113-m. Xodim vaksina olishdan bosh tortganligi sababli ishdan chetlashtirilishi toʻgʻrisidagi buyruq shaklini mustaqil ravishda tayyorlang yoki ushbu shakldan foydalaning.
Buyruqda quyidagilarni koʻrsating:
- xodimning F.I.O., lavozimi;
- ishdan chetlashtirilishi uchun asos;
- keyinchalik ishga qoʻyilish shartlari.
Shuningdek buxgalteriya tomonidan ishdan chetlashtirish davrida xodimga toʻlanadigan barcha toʻlovlar toʻxtatib turiladi.
Xodimni ishdan chetlatilishiga asos boʻlgan holatlar bartaraf etilguniga qadar, shu jumladan:
- xodim vaksinatsiya toʻgʻrisidagi sertifikatni yoki unga qarshi tibbiy koʻrsatmalarni tasdiqlovchi hujjatni taqdim etadigan kunga qadar;
- Oʻzbekiston Respublikasi Bosh sanitariya vrachining qaroriga muvofiq profilaktik emlash oʻtkazilishi shartlari olib tashlanguniga qadar ishdan chetlating.
Ishdan chetlashtirilgan davrida xodimga ish haqi hisoblanmaydi. Bu MKning 113-moddasi 4-qismida qayd etilgan.
11. Xodimni imzo chektirib ishdan chetlashtirish toʻgʻrisidagi buyruq bilan tanishtiring. U imzo chekishdan bosh tortsa, bu haqda dalolatnoma tuzing. Xodimning tashkilot hududiga kirishiga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻring. Ruxsatnomalar bilan ishga kirish yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, ushbu ruxsatnomalarni blokirovka qiling.
12. Mehnat daftarchasiga xodim ishdan chetlashtirilganligi toʻgʻrisidagi yozuv kiritilmaydi. Ichki hisob yuritilishini ta’minlash uchun ushbu ma’lumotni T-2 shaklidagi shaxsiy kartochkada, masalan, «Qoʻshimcha ma’lumotlar» boʻlimida qayd eting. Bunday ma’lumotlar, xususan quyidagilarni hisoblashda foydalidir:
- yillik asosiy ta’tilga chiqish huquqini beradigan stajni;
- kasallik varaqasi boʻyicha toʻlovni.
13. Xodim ishdan chetlashtirilgan davrda ish vaqtini hisobga olish tabelida, masalan, «NB (ishga kelmagan)» belgisini qoʻying.
14. Belgilangan muddatlarda vaksina olmagan, shu jumladan qarshi koʻrsatmalari mavjud boʻlgan xodimlarga, agar mehnat shartlari va xususiyatlari imkon beradigan boʻlsa, masofaviy ishlashga oʻtishni tavsiya qiling».
![]()