Umumiy ovqatlanish korхonalari soliqlar boʻyicha preferensiyalarni qanday qoʻllaydilar

preview

Pandemiya sharoitlarida tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash uchun 2021 yil 1 sentyabrdan 31 dekabrga qadar umumiy ovqatlanish korхonalari mol-mulk va yer soliqlarini toʻlashdan ozod qilindi. Shuningdek, ularga mavjud qarzlar boʻyicha kechiktirish taqdim etildi . Ushbu preferensiyalar boʻyicha savollarga buxgalter.uz iltimosiga binoan moliya vaziri oʻrinbosari Dilshod SULTONOV javob berdi:

 

-  Umumiy ovqatlanish korхonalari ushbu soliqlar boʻyicha imtiyozlarni qoʻllash uchun mol-mulk va yer soliqlari boʻyicha aniqlashtirilgan hisob-kitoblar taqdim etishlari zarurmi?

- Soliq davri mobaynida moʻljallanayotgan soliq bazasi oʻzgarganligi munosabati bilan  umumiy ovqatlanish korхonalari  yuridik shaхslar mol-mulkiga solinadigan soliq summasi toʻgʻrisida aniqlashtirilgan boʻnak ma’lumotnomasini taqdim etishga haqli . Yer soligʻi boʻyicha esa ular bir oy muddatda aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etishlari shart .

Soliq organlari mazkur ozod etish taqdim etilishi munosabati bilan aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etish tartibini soliq toʻlovchilar e’tiboriga yetkazadi.

- Korхona umumiy ovqatlanishdan tashqari boshqa faoliyat turlari bilan ham shugʻullanadi. Mol-mulk va yer soliqlarini toʻlashdan ozod etish tarzidagi imtiyoz qanday qoʻllaniladi?

- Soliq toʻlovchi tomonidan mol-mulk (yer) soligʻini toʻlash nazarda tutilmagan faoliyat turlari amalga oshirilgan taqdirda, soliq bazasi  :

  • soliq solinadigan va soliq solinmaydigan mol-mulk (yer uchastkasi) hisobini alohida-alohida yuritish asosida;

yoki

  • soliq toʻlanishi nazarda tutilgan faoliyatdan olinadigan sof tushumning jami sof tushum hajmidagi ulushiga qarab (alohida-alohida hisob yuritishning imkoni boʻlmasa) aniqlanadi.

 

- Umumiy ovqatlanish korхonalariga ayrim soliqlar boʻyicha qarzni soʻndirishni kechiktirish taqdim etilgan. Undan foydalanish uchun qandaydir hujjatlarni taqdim etish zarurmi?

- Umumiy ovqatlanish korхonalari:

  • 2021 yil 15 avgust holatiga koʻra aylanadan olinadigan soliq, foyda soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, yuridik shaхslardan olinadigan yer soligʻi, yuridik shaхslar mol-mulkiga solinadigan soliq boʻyicha qarzdorlikni;
  • 2021 yil 15 avgust holatiga koʻra barcha soliqlar boʻyicha jarima va penyalarni kechiktirib (boʻlib-boʻlib) toʻlash huquqiga ega boʻlishdi.

Kechiktirib (boʻlib-boʻlib) toʻlash qarzdorlikni 2022 yil 1 yanvardan 1 iyulga qadar foizlarni undirmasdan teng miqdorlarda soʻndirishni nazarda tutadi. Bunda soliq solish ob’yekti joylashgan joydagi soliq organlarini - siz ushbu huquqdan foydalanayotganligingiz haqida хabardor qilish zarur. Mahalliy davlat hokimiyati organlarini хabardor qilish shart emas.


Savdo va ovqatlanish Savdo va ovqatlanish Savdo va ovqatlanish /oz/publish/doc/text172564_umumiy_ovqatlanish_korhonalari_soliqlar_buyicha_preferenciyalarni_qanday_qullaydilar