E-aktiv servisi joriy qilinguniga qadar qanday savollar yuzaga kelmoqda

preview

2022 yil 1 yanvardan boshlab QQS toʻlovchilar va UF (UK)da davlat ulushi 50% va undan koʻproq miqdorda boʻlgan yuridik shaxslar oʻz aktivlari bilan bogʻliq xoʻjalik operatsiyalarini «E-aktiv» tizimida aks ettiradilar . Buxgalter.uz ushbu tizim qanday ishlashini aniqlashtirdi.

 

Bunda quyidagilar bilan bogʻliq barcha operatsiyalar haqida soʻz yuritilmoqda:

  • asosiy vositalar, NMA va TMQlarni hisobga olish (sotib olish, qurish), ishga tushirish, qayta baholash, tasarruf etish;
  • UFni (UKni) shakllantirish va kamaytirish;
  • TMZlar yoʻqotishlar (saqlash muddati tugaganligi, jismonan va ma’nan eskirganligi, kamomad, yoʻqotish, shikastlanish va boshqalar) sababli hisobdan chiqarilishi – bunda tegishli dalillar aniqlangandan keyin 3 ish kunidan kechiktirmasdan operatsiyalar tizimda aks ettiriladi.

«E-aktiv» tizimi quyidagi servislarni oʻz ichiga oladi:

  • «Mening omborlarim» – elektron omborni yaratish va unda mavjud tovarlarni hisobga olish xizmati;
  • «Tovarni kiritish» – ishlab chiqarish korxonalari uchun asosan omborlarga kelib tushadigan tovarlar haqidagi ma’lumotlarni kiritish xizmati;
  • «Bojxona» – tovarni olib kirishda rasmiylashtirilgan BYuD ma’lumotlariga asosan omborga kelib tushayotgan tovarlar roʻyxatini avtomatik tarzda shakllantirish xizmati;
  • «EHF» – tovarlar roʻyxatini EHF ma’lumotlari asosida avtomatik tarzda shakllantirish xizmati;
  • «Asosiy vositalar» – xoʻjalik yurituvchi sub’yektning asosiy vositalarini hisobga olish xizmati.

Nazarda tutilishicha, «E-aktiv»:

  • TMQlarni aniq hisobga olish imkoniyatini oshiradi: mahsulotlar kelib tushishi va ularning qoldiqlari onlayn rejimda aks ettiriladi;
  • EHF va BYuD bazasida tovarlar boʻyicha ma’lumotlarni kiritishni avtomatlashtirishga imkon beradi;
  • EHFni rasmiylashtirish jarayonini soddalashtiradi va MXIKni koʻrsatishda xatolikka yoʻl qoʻyilishi xavfini kamaytiradi;
  • Shartnomalarni yagona portalda roʻyxatdan oʻtkazish hisobiga ularni hisobga olishda qulayliklar yaratadi.
E’tibor bering

Hozir «E-aktiv» servisi 31 ta korxonada sinovdan oʻtkazilmoqda. Sinovda turli tashkilotlar faoliyatining oʻziga xos xususiyatlariga asoslangan biror-bir amaliy jihatlari yuzasidan noaniqliklar yuzaga kelishi ehtimoldan xoli emas. Bu esa xatolarga yoʻl qoʻyilishiga sabab boʻlishi mumkin.

Agar barcha xohlovchilarga tizim bilan oldindan tanishib chiqish imkoniyati berilganda, ushbu tizim shtat rejimida ishga tushirilguniga qadar tushunmovchiliklar bartaraf etilgan boʻlardi.

2022 yil 1 yanvardan boshlab tizimdan foydalanish qonun hujjatlari bilan belgilangan hamda koʻpchilik korxonalar uchun majburiy hisoblanadi, ularga dastur bilan oldindan tanishib chiqishlari va tajriba bosqichida tizimda ishlashga oʻrganib olishlari uchun imkoniyat yaratib berilishi muhimdir.

 

Ushbu tizimni ishlab chiquvchilarga buxgalter.uz ning ham savollari bor:

  1. Servis faqat soliqlarni hisoblash va ularning toʻgʻri toʻlanayotganligini tekshirish maqsadida DSQga zarur ma’lumotlarni shakllantirish uchun moʻljallanganmi yoki bu 4-son BHMSga muvofiq toʻlaqonli hisob yuritish uchun yaratilganmi, ushbu tizim 1S, 1Uz va boshqa buxgalteriya dasturlari boʻyicha qanday yuritiladi? 
  2. Dasturda MHXS talablari hisobga olinganmi?
  3. «E-aktiv» tizimida quyidagilar qanday amalga oshiriladi:
  • mahsulotlarni tayyorlash uchun xarajatlar normalarini hisobga olish va ishlab chiqarishda foydalanilgan materiallarni hisobdan chiqarish;
  • qayta ishlashga berilgan xom ashyoni hisobga olish;
  • ishlab chiqarishdagi yaroqsiz mahsulotlar, yoʻqotishlar va boshqalarni hisobga olish;
  • TMZlarni hisobdan chiqarishning turli usullarini qoʻllash imkoniyati;
  • tayyor mahsulotlar bir oy mobaynida realizatsiya qilinishini aks ettirish imkoniyati: rejadagi tannarxi boʻyicha yoki realizatsiya qilish narxi boʻyicha;
  • «E-aktiv» tizimini 1S, 1Uz  va boshqa buxgalteriya dasturlari bilan integratsiyalashuvi.

 

Manba

Oleg GAYeVOY tayyorladi.

 

Buxgalteriya hisobi va soliq solishga doir normativ hujjatlardagi yangi oʻzgarishlar Yangiliklar Yangiliklar /oz/publish/doc/text173840_e-aktiv_servisi_joriy_qilinguniga_qadar_qanday_savollar_yuzaga_kelmoqda