Fermerlarning qaysi xarajatlari Davlat byudjetidan qoplab beriladi

preview

Qishloq xoʻjaligi klasterlari uchun eskicha moliyalashtirish tizimi oʻzgartiriladi. Bunday qaror Prezident Shavkat MIRZIYoYeV raisligida 27 oktyabr kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi yakunlari boʻyicha qabul qilindi. Tafsilotlar - norma.uz portali sharhida.

 

Endi paxta hosilini moliyalashtirish shudgor davridan, ya’ni oktyabr oyidan boshlanadi. Klasterlarga kreditlar 24 oy muddatga ajratilib, uning imtiyozli davri amaldagi 11 oydan 18 oygacha uzaytiriladi. Ular xom ashyoni eng kamida ip-kalava va matoga aylantirgandan keyin qaytariladi. Shu maqsadda byudjetdan 10 trln soʻm ajratiladi.

Klasterlarda ip-kalavani qayta ishlash darajasini kelgusi 2 yilda 70%ga yetkazish moʻljallangan. Matoni boʻyash va aralash mato ishlab chiqaradigan uskunalar xaridi uchun, korxona quvvatiga qarab, davlat hisobidan moliyaviy grantlar beriladi. Bunday loyihalarni kreditlash uchun yana $150 mln mablagʻ ajratiladi.

2022 yildan klasterlar paxta xom ashyosi va tolasini garovga qoʻyib kredit olishlari mumkin.

Shuningdek, 2022 yildan meva-sabzavot hosilini iqlim xavfidan sugʻurtalash boʻyicha sugʻurta kompaniyalari oʻrtasida tanlov oʻtkaziladi. Eksport shartnomasi boʻlgan klaster va fermerlarga sugʻurta mukofotining 50%i davlat tomonidan qoplab beriladi.

Texnika sotib olish boʻyicha kreditlarning 10%dan yuqori qismi ham Davlat byudjeti tomonidan qoplab beriladi. Import qilinadigan texnika, butlovchi va ehtiyot qismlar bojxona toʻlovlaridan 3 yil muddatga ozod etiladi.

Lazerli tekislash, hosildor va kasalliklarga chidamli yangi navlarni ekish, urugʻchilikni rivojlantirish, suv tejovchi texnologiyalarni qoʻllash uchun ham qoʻshimcha imtiyozlar nazarda tutilgan.

Norma.uz materiallari asosida

 

Buxgalteriya hisobi va soliq solishga doir normativ hujjatlardagi yangi oʻzgarishlar Yangiliklar Yangiliklar /oz/publish/doc/text174242_fermerlarning_qaysi_harajatlari_davlat_byudjetidan_qoplab_beriladi