Fevral oyida ekspertlarning materiallari siz uchun foydali boʻladi:
Kameral tekshiruv natijalari boʻyicha talabnomaga javob berish muddati qisqartirildi
2022 yil 1 yanvardan boshlab SKning 138-moddasiga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kuchga kirdi. Bu nimaga sabab boʻlishini soliq maslahatchisi Gulnora ERGAShEVA tushuntirdi:
– “E’tibor bering: SKning 138-moddasiga “tekshiruvdan oldingi tahlil” tushunchasi kiritildi. U kameral tekshiruvdan oldin oʻtkazilishi mumkin.
Tekshiruvdan oldingi tahlil natijalari boʻyicha soliq toʻlovchiga хabarnoma, kameral soliq tekshiruvi natijalari boʻyicha esa - talabnoma yuborilishi mumkin. U va boshqa hujjatda soliqchilar soliq hisobotini qayta topshirishni yoki unda aniqlangan tafovutlarni asoslantirishni talab qiladigan jihatlarni koʻrsatib oʻtishadi.
1. Agar tekshiruvdan oldingi tahlil natijalari boʻyicha хabarnoma kelsa, uni olgan paytdan e’tiboran 10 kun ichida aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim eting yoki aniqlangan tafovutlarni asoslang.
Ushbu normani bajarmaslik - kameral tekshiruvni tayinlash uchun asos boʻladi.
2. Agar siz kameral tekshiruv natijalari boʻyicha talabnoma olsangiz, unga 5 kun ichida javob berish lozim (ilgari 10 kun edi). Soliq organiga quyidagilarni taqdim eting:
- tegishli soliqlar va yigʻimlar boʻyicha aniqlashtirilgan soliq hisobotini;
- yoki SKda belgilangan tartibda tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etgan holda aniqlangan tafovutlarni asoslantirishni;
- yoхud soliq maslahatchilari tashkilotining хulosasini.
Ushbu normaning belgilangan muddatda bajarilmasligi - soliq auditini tayinlash uchun asos boʻladi”.
![]()