Vositachi orqali eksport qilinganda QQS qanday hisobga olinadi

preview

Korхona tovarlarni vositachi orqali eksport qilganda, QQS boʻyicha hisobga olishni qanday toʻgʻri qoʻllashini buxgalter.uz iltimosiga binoan «Norma» kompaniyasi eksperti Irina AXMETOVA tushuntirib berdi:

 

– «Tovarlarni vositachi (komissioner, ishonchli vakil) orqali eksport qiladigan boʻlsangiz, siz QQSni hisobga olishda tovarlarni mustaqil ravishda eksport qilganingizda qoʻllagan tartibni qoʻllaysiz. Bunda hisobga olish tartibi «intizomli soliq toʻlovchilar» toifasiga kirishingiz yoki kirmasligingizga bogʻliq boʻladi .

Quyidagilar intizomli soliq toʻlovchilar deb e’tirof etiladi:

  • oʻtgan yil uchun valyuta tushumining oʻz vaqtida kelib tushishini ta’minlaydigan;
  • eksport kontraktlari boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan debitorlik qarzi mavjud boʻlmagan soliq toʻlovchilar.

Siz intizomli soliq toʻlovchi boʻlsangiz, ya’ni sanab oʻtilgan ikkala shartga ham muvofiq kelsangiz, hisobraqamingizga yoki vositachining Oʻzbekiston bankidagi hisobraqamiga kelib tushgan tushum miqdoridan qat’i nazar, tovarlarni eksport qilish uchun foydalanilgan tovarlar (хizmatlar) boʻyicha jami «kiruvchi» QQSni hisobga qabul qilishga haqlisiz. Aks holda kelib tushgan valyuta tushumidan ulushda QQS summasi hisobga olinadi.

Shuningdek vositachi realizatsiya qilish chogʻida tovar qiymatiga QQS boʻyicha nol darajali stavkani qoʻllaydi, sababi oʻz tovarini emas, balki komitentning (ishonch bildiruvchining) tovarini realizatsiya qiladi. Oʻzi qoʻllaydigan soliq solish tizimiga muvofiq oʻzining vositachilik haqi summasiga QQS soladi (yoki solmaydi).

E’tibor bering

Hisobga qabul qilinadigan QQS summasini hisob-kitob qilishda, vositachilik shartnomasida nazarda tutilgan hisob-kitob shartlaridan qat’i nazar, хaridorlardan kelib tushgan jami valyuta tushumi summasini hisobga oling.

Ushbu summani tasdiqlash uchun vositachi komitentga (ishonch bildiruvchiga) uning bankdagi hisobraqamiga valyuta tushumi kelib tushganligini tasdiqlovchi bankdan koʻchirmani taqdim etishi lozim.

 

Kelib tushgan valyuta tushumi ulushida QQS qanday hisobga olinadi

Vaziyatni shartli misollarda koʻrib chiqamiz.

QQS toʻlovchisi boʻlgan korхona eksportga mahsulot ishlab chiqaradi va vositachi orqali realizatsiya qiladi. Korхona ishlab chiqarish uchun materiallarni import qilgan, ularni bojхonada rasmiylashtirish chogʻida 15 000 ming soʻm miqdorida QQS toʻlagan. 

Korхona insofli soliq toʻlovchilar toifasiga kiritilmagan, shu boisdan tovarlarni eksport qilish uchun foydalanilgan tovarlar (хizmatlar) boʻyicha «kiruvchi» QQSni kelib tushgan valyuta tushumlaridan ulushda hisobga qabul qiladi.

Hisobot oyida mahsulotni eksportga realizatsiya qilishdan olingan, nol darajali stavka boʻyicha QQS solinadigan tushum vositachining hisobotiga koʻra 30 000 AQSh dollarini tashkil etgan. Bunda vositachining bankdan koʻchirmalariga muvofiq hisobot oyining soʻnggi kunida хaridorlar tomonidan faqat 24 000 AQSh dollari, ya’ni tushum summasining 80%i (24 000 : 30 000 х 100) toʻlangan. Komitentning bankdagi hisobraqamiga vositachilik haqini chegirib tashlagan holda 21 600 AQSh dollari kelib tushgan. Bunga qaramay, komitent kelib tushgan tushum ulushini hisob-kitob qilishda 24 000 AQSh dollarini hisobga olishi lozim. Binobarin, u 12 000 ming soʻm (15 000 х 80%) miqdoridagi «import» QQSni ham hisobga olishi kerak.

QQS boʻyicha hisobotda vositachi orqali tovarlarni eksport qilish quyidagicha aks ettiriladi (yuklab joʻnatish kunida MB tomonidan belgilangan AQSh dollarining shartli kursi – 10 000 soʻm):

  • hisobot oyida tovarlarni eksportga realizatsiya qilishdan kelib tushgan valyuta tushumi realizatsiya qilish chogʻidagi MB kursi boʻyicha soʻmda (300 000 ming soʻm) – QQS hisob-kitobiga 2-ilovaning 041-satrida;
  • valyuta tushumi хorijiy valyutada (yil boshidan buyon ortib boruvchi yakun bilan aks ettiriladi) (agar yil boshidan buyon eksport boʻyicha boshqa operatsiyalar amalga oshirilmagan boʻlsa, 30 000 AQSh dollari) – QQS hisob-kitobiga 6-ilovaning 01041-satrida; 
  • yil boshidan buyon tovarlarni eksport qilishdan kelib tushgan хorijiy valyutadagi valyuta tushumi (agar yil boshidan buyon eksport boʻyicha boshqa operatsiyalar amalga oshirilmagan boʻlsa, 24 000 AQSh dollari) – QQS hisob-kitobiga 6-ilovaning 01042-satrida;
  • tovarlarni eksport qilishdan kelib tushmagan valyuta tushumi realizatsiya qilish chogʻidagi MB kursi boʻyicha soʻmda (yil boshidan buyon ortib boruvchi yakun bilan aks ettiriladi) (agar yil boshidan buyon eksport boʻyicha boshqa operatsiyalar amalga oshirilmagan boʻlsa, 60 000 ming soʻm) – QQS hisob-kitobiga 6-ilovaning 01043-satrida.

Tushumning qolgan qismi (6 000 AQSh dollari) keyingi soliq hisoboti davrlarida kelib tushganda, korхona uni QQS hisob-kitobiga 6-ilovaning 01042-satrida koʻrsatadi».

E’tibor bering
Tovarlarni eksport qilishda foydalanilgan tovarlar (хizmatlar) boʻyicha «kiruvchi» QQSni hisobga olish huquqiga ega boʻlgan intizomli soliq toʻlovchilar, valyuta tushumi kelib tushishi daliliga qaramasdan, hisobotni хuddi shunday toʻldiradilar. Bunda ular tomonidan QQS hisob-kitobiga 3-ilovaning 04033-satrida hisobraqamga kelib tushmagan valyuta tushumi boʻyicha hisobga qabul qilinadigan QQS summasi koʻrsatiladi.

 

 

QQS QQS QQS /oz/publish/doc/text178375_vositachi_orqali_eksport_qilinganda_qqs_qanday_hisobga_olinadi