9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetidagi «Onlayn-NKM va virtual kassa» interaktiv xizmatida «MXIK boʻyicha imtiyozlar» ilova varaqasi paydo boʻldi (MXIK – mahsulot va xizmatlarning identifikatsiya kodi). U nimaga moʻljallanganligi va qanday qoʻllanilishi haqida buxgalter.uz iltimosiga binoan «Yangi texnologiyalar» IAM boʻlim boshligʻi Elnor FOZILOV gapirib berdi:
– Endi soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetidagi «Onlayn-NKM va virtual kassa» interaktiv xizmati menyusi roʻyxatida ikkita ilova varaqasi mavjud boʻlib, ular imtiyozlarni qoʻllashga oid funksional bilan bogʻliqdir.
1. «Imtiyozlar»
Ilova varaqasi funksionali muayyan korxonalar tomonidan realizatsiya qilinadigan muayyan tovarlar va xizmatlar turlariga taqdim etiladigan imtiyozlar uchun moʻljallangan.
Masalan, IT-parki rezidenti Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 27-bandiga muvofiq QQSdan ozod etilgan oʻz mahsulotini sotadi. Onlayn-NKM cheklarida ushbu mahsulot QQSsiz realizatsiya qilinadigan mahsulot sifatida koʻrsatilgan.
Aniqlashtirish uchun: agar shunday mahsulot IT-parki norezidenti tomonidan ishlab chiqariladigan va realizatsiya qilinadigan boʻlsa, u QQS bilan (15%) sotilishi lozim.
IT-parki rezidentining onlayn-NKM boʻyicha ma’lumotlari imtiyozni hisobga olgan holda QQS hisob-kitobiga kiritilishi uchun soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetidagi «Onlayn-NKM va virtual kassa toʻgʻrisidagi ma’lumotlar» interaktiv xizmatining «Imtiyozlar» menyusi shakli oy yakunlari boʻyicha toʻldirilishi va soliq organiga yuborilishi lozim. Bunda funksional soliq toʻlovchi mysoliq.uz dagi shaxsiy kabinetning «Soliq imtiyozlaridan foydalanish boʻyicha murojaat» xizmati orqali DSQga murojaat yoʻllagan va u DSQ tomonidan ma’qullanganda ishlaydi.
2. «MXIK boʻyicha imtiyozlar»
Bu yangi funksional boʻlib, u ma’lumot tusiga ega hamda muayyan turdagi tovarlar va xizmatlarni realizatsiya qilayotgan korxonalardan qat’i nazar, ushbu mahsulotlarga imtiyozlar tatbiq etiladigan holatlar uchun moʻljallangan.
Bu yerda tadbirkor oʻzi realizatsiya qilgan, imtiyoz qoʻllanilgan tovari (koʻrsatgan xizmati) hamda imtiyozlar taqdim etilganligi munosabati bilan ozod etilgan mablagʻlar summasi toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni kuzatib borishi mumkin.
Masalan, QQS toʻlovchisi boʻlgan doʻkon mol goʻshtini sotadi. Ushbu mahsulotga SKning 483-moddasi 9-qismida nazarda tutilgan imtiyoz tatbiq etiladi. 2022 yil 30 aprelga qadar mol goʻshtini realizatsiya qilish boʻyicha aylanma QQSdan ozod etilgan.
Tovar onlayn-NKM orqali realizatsiya qilinganda ushbu imtiyozni qoʻllash uchun sotuvchi onlayn-NKM chekida mol goʻshtiga tegishli MXIKni toʻgʻri koʻrsatishining oʻzi yetarli boʻladi. Mazkur holatda murojaatni «Soliq imtiyozlaridan foydalanish boʻyicha murojaat» xizmati orqali yuborish shart boʻlmaydi. Mazkur MXIKlarga imtiyozlar «biriktirilgan» va ular avtomatik tarzda qoʻllaniladi.
Natijada QQS boʻyicha hisob-kitobni shakllantirish chogʻida mol goʻshtini realizatsiya qilishdan olingan tushum imtiyozlarni qoʻllagan holda avtomatik tarzda hisobga olinadi. Imtiyozli tovarni realizatsiya qilish haqidagi ma’lumotlarni «MXIK boʻyicha imtiyozlar» funksionali yordamida kuzatib borish mumkin.
Oleg GAYeVOY tayyorladi.