9 oyni xatolarsiz yopamiz:
2022 yil 15 iyunga qadar muayyan korxona va tashkilotlar majburiy audit tekshiruvidan oʻtkaziladi. Bunday tekshiruvlar kimlarga taalluqli ekanligi va hozirdan nimaga tayyorgarlik koʻrishni “Norma” eksperti Tatyana LIMAREVA tushuntirdi:
1. Kimlar har yili majburiy auditorlik tekshiruvidan oʻtishi lozim
:
- aksiyadorlik jamiyatlari;
- banklar va boshqa kredit tashkilotlari;
- sugʻurta tashkilotlari;
- investitsiya fondlari hamda yuridik va jismoniy shaxslarning mablagʻlarini jamlovchi boshqa fondlar hamda ularning investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchilari;
- manbalari yuridik va jismoniy shaxslarning ajratmalaridan iborat boʻlgan xayriya, jamoat fondlari va boshqa fondlar;
- ustav fondida (ustav kapitalida) davlatga tegishli ulushga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi sub’yektlar va davlat unitar korxonalari;
- fond va tovar birjalari;
- hisobot yili yakunlariga koʻra quyidagi shartlardan bir vaqtning oʻzida ikkitasiga javob bergan tijorat tashkilotlari:
– 31.12.2021 yil holatiga aktivlarining balans qiymati BHMning 100 000 baravari miqdoridan ortiq;
– 31.12.2021 yil holatiga mahsulotlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi BHMning 200 000 baravari miqdoridan ortiq;
– xodimlarining oʻrtacha yillik soni 100 nafardan ortiq boʻlsa.
Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan yuridik shaxslarni auditorlik tekshiruvidan oʻtkazish natijasi - bu ular moliyaviy hisobotining ishonchliligi toʻgʻrisidagi auditorlik xulosasi sanaladi.
2. Muddatlar
- Majburiy auditorlik tekshiruvidan hisobot yilining 15 iyunigacha oʻtish lozim.
- U oʻtkazilganidan keyin 15 kun ichida (hisobot yilidan keyingi yilning 15 iyunidan kechiktirmay), xoʻjalik yurituvchi sub’yekt soliq organiga belgilangan tartibda tasdiqlangan auditorlik xulosasining koʻchirma nusxasini taqdim etadi. Buni my.soliq.uz da soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetida “Auditorlik xulosalarini yuborish” tugmasi yordamida bajarish mumkin.
- Agar kechiksangiz - auditorlik xulosasi mavjud emasligi sababi toʻgʻrisida tushuntirish xatini taqdim eting
. Buni soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetining “Soliq organlari bilan yozishmalar” xizmati tarkibidagi “Auditorlik xulosalarini yuborish” yoki “Murojaat yuborish” tugmalari yordamida bajarish mumkin.
Soliq organlari quyidagi xoʻjalik yurituvchi sub’yektlar toʻgʻrisida ma’lumotlar bazasini yuritadi
:
- majburiy auditdan oʻtishi lozim boʻlgan;
- majburiy auditdan oʻtgan, uni oʻtkazgan auditorlik tashkilotini koʻrsatgan holda;
- majburiy auditdan oʻtishdan bosh tortgan, shuningdek - bunday xoʻjalik yurituvchi sub’yektlar va ularning mansabdor shaxslariga qoʻllanilgan jarima sanksiyalari toʻgʻrisida.
3. Xoʻjalik yurituvchi sub’yektlarning majburiyatlari
:
1) shartnomada belgilangan muddatlarda auditorlik tekshiruvini oʻtkazish uchun auditorga shart-sharoitlarni yaratib berishi va unga zarur hujjatlarni taqdim etishi;
2) auditorlik xizmatlari koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomadan kelib chiqadigan majburiyatlarga rioya etishi;
3) auditorlik tekshiruvi davomida aniqlangan qoidabuzarliklar toʻgʻrisidagi axborotni koʻrib chiqishi va u olingan sanadan e’tiboran 30 kundan kechiktirmay auditorlik tashkilotini natijalar haqida yozma shaklda xabardor qilishi;
4) auditorlik tekshiruvi jarayonida aniqlangan buxgalteriya hisobini yuritishga, moliyaviy hisobot tuzishga hamda soliqlar va yigʻimlarni hisoblab chiqarish tartibiga doir qoidabuzarliklarni bartaraf etishi.
4. Masofadan turib nimalarni oldindan amalga oshirish mumkin:
- Auditorlik tashkiloti bilan shartnoma tuzish, unda auditdan oʻtkazish shartlari va jarayonini yozish.
- Auditorlik tashkiloti soʻroviga binoan:
- birlamchi hujjatlar boʻyicha zarur ma’lumotlarni (jumladan, ta’sis hujjatlari, buyruqlar, kadrlarga doir hujjatlar (qabul qilingan/ishdan boʻshatilgan) va h.k. ma’lumotlari) toʻplash va uni jadvalda shakllantirish;
- kontragentlar bilan kontraktlar va hisobvaraq-fakturalar, bajarilgan ishlar dalolatnomalari ma’lumotlarini ham shu tarzda taqdim etish (EHF tizimi, EHF operatoridan yuklash);
- tekshirilayotgan davr uchun soliq va moliyaviy elektron hisobotni taqdim etish (my.soliq.uz portalidan yuklash);
- buxgalterlik dasturlaridan ma’lumotlarni yuklash va taqdim etish (schyotlar varaqalari, schyotlar tahlili, schyotlar boʻyicha aylanma-saldo qaydnomalari).
Ushbu elektron hisobotlarni tahlil qilish bazasida auditorlarda korxonalarga nisbatan savollar tugʻiladi va keyinchalik tekshiruv uchun aynan qanday hujjatlarni soʻrab olish zarurligi ma’lum boʻladi.
5. Bosh tortganlik uchun jarima sanksiyalari
Yillik moliyaviy hisobotning auditorlik tekshiruvini 2022 yilning 15 iyunigacha oʻtkazmaslik va 2021 yil uchun auditorlik xulosasining yoʻqligi xoʻjalik yurituvchi sub’yektning majburiy auditorlik tekshiruvi oʻtkazilishidan boʻyin tovlashi deb e’tirof etiladi
.
Xoʻjalik yurituvchi sub’yekt jarimani ixtiyoriy ravishda toʻlashdan bosh tortgan taqdirda, unga nisbatan huquqiy ta’sir choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi masala iqtisodiy sud tomonidan koʻrib chiqiladi.
Jarimani toʻlash xoʻjalik yurituvchi sub’yektni majburiy auditorlik tekshiruvini oʻtkazishdan ozod qilmaydi.
Soliq organlari tomonidan ma’muriy jazo (MJTKning 179-1-moddasiga binoan BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha) qoʻllanilganidan keyin kalendar yil tugaguniga qadar majburiy auditorlik tekshiruvini oʻtkazmaslik xoʻjalik yurituvchi sub’yektdan BHMning 100 baravari miqdoridagi summada jarima undirishga sabab boʻladi.
6. Hisobda auditga xarajatlar qanday aks ettiriladi
- Auditorlik tekshiruvini oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar Xarajatlarning tarkibi tartibi toʻgʻrisida nizomning 2.3.4-bandiga muvofiq boshqa operatsiya xarajatlariga kiritiladi.
- Foyda soligʻi toʻlovchilar uchun majburiy va tashabbus tarzidagi audit - bu iqdisodiy jihatdan oʻzini oqlagan xarajatlar va binobarin - chegiriladigan xarajatlar sanaladi.
7. Agar xatolar topilsa
Aniqlangan qoidabuzarliklar (xatolar) auditorlar tomonidan ularning ahamiyati - moliyaviy hisobotning ishonchliligiga jiddiy ta’sir koʻrsatishi nuqtai nazaridan baholanadi.
Xoʻjalik yurituvchi sub’yekt auditorlik xulosasini imzolash sanasiga qadar hisobdagi xatolarni bartaraf etish va soliq organiga aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etish huquqiga ega. Biroq bu yerda SKning 83-moddasida belgilangan nozik jihatlarni hisobga olish lozim:
1. Oʻzi ilgari taqdim etgan soliq hisobotida hisoblab chiqarilgan soliq summasi kamayishiga (oʻzgarishiga) olib kelgan notoʻgʻri yoki toʻliq boʻlmagan ma’lumotlarni va (yoki) xatolarni aniqlagan soliq toʻlovchi ushbu soliq hisobotiga zarur tuzatishlarni kiritishi va soliq organiga aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etishi shart.
2. Agar tuzatishlar hisoblab chiqarilgan soliq summasining kamayishiga olib kelmasa, soliq toʻlovchi ularni soliq hisobotiga kiritishga va soliq organiga aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etishga haqli. Soliq hisobotini taqdim etishning belgilangan muddati oʻtgandan keyin taqdim etilgan aniqlashtirilgan soliq hisoboti muddat buzilgan holda taqdim etilgan deb hisoblanmaydi.
3. Agar aniqlashtirilgan hisobot soliq organiga soliqni toʻlash muddati oʻtgandan keyin taqdim etilgan boʻlsa, soliq toʻlovchi bir paytning oʻzida quyidagi shartlarga rioya etgan taqdirda javobgarlikdan ozod qilinadi:
- aniqlashtirilgan hisobot u hisoblab chiqarilgan soliq summasi kamayishiga (oʻzgarishiga) olib kelgan holatlar soliq organi tomonidan aniqlanganligini yoki soliq auditi tayinlanganligini bilgan paytga qadar taqdim etilgan boʻlsa;
- u taqdim etilgunga qadar soliq toʻlovchi yetishmayotgan soliq summasini va unga tegishli penyalarni toʻlagan boʻlsa.
8. Agar kamchiliklar soliq auditi tayinlanishiga olib kelsa:
Ekspertlarning soliq auditi haqidagi tavsiyalarini oʻqib chiqishni tavsiya qilamiz, u yerda soliq toʻlovchilar uchun muhim yoʻl-yoʻriqlar mavjud:
![]()