Qaysi onlayn-NKM egalari xato MXIK uchun jarimaga tortiladilar

preview

2022 yil 12 avgustdan boshlab, agar tadbirkorlar tomonidan xizmat koʻrsatilayotgan kassa texnikasida MXIKsiz yoki notoʻgʻri MXIKli cheklar qolib ketsa, TXKM davlat reyestridan chiqarib tashlanadi . Buxgalter.uz iltimosiga binoan “Maron” MChJ  TXKMning onlayn-NKMga xizmat koʻrsatish boʻyicha mutaxassisi Rustam YaKUBOV bu onlayn-NKM egalari uchun nimaga sabab boʻlishini tushuntirib berdi:

 

– Tadbirkorlar MXIKning joriy qilinishidan biroz charchashdi. Bu - MXIK klassifikatoridagi tez-tez oʻzgartirishlar bilan murakkablashadigan qoʻshimcha ish hajmi va javobgarlikdir. Aftidan, koʻp tadbirkorlar 255-son VMQning ushbu normasini koʻtarinkilik bilan kutib olishdi: “nihoyat yelkamizdan togʻ agʻdarildi, MXIK uchun TXKM javob beradi”. Biroq bu xato fikrdir...

Hozir soliq organlarining axborot tizimlari cheklardagi MXIKni ancha yaxshi aniqlashni, xato qayerdaligini, qayerda esa ular umuman koʻrsatilmaganligini aniqlashni yaxshi biladi. Cheklarni Soliq mobil ilovasida roʻyxatdan oʻtkazadigan xaridorlar buni tasdiqlashlari mumkin.

Bugungi kunda chekda notoʻgʻri koʻrsatilgan yoki umuman koʻrsatilmagan MXIK uchun juda yuqori narx toʻlash mumkin.Agar siz QQS yoki aylanmadan olinadigan soliq boʻyicha imtiyozdan foydalansangiz, bunday imtiyozlar MXIK koʻrsatilmagan yoki xato koʻrsatilgan tovarga nisbatan qoʻllanilmaydi.

 2022 yil 1 iyuldan boshlab SK 223-moddasining yangi normasi kuchga kiradi. Hisobvaraq-fakturalar yoki cheklarda notoʻgʻri MXIKni aks ettirish tadbirkorga realizatsiya qilingan tovarlar (xizmatlar) qiymatining 1%i miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

12 avgustdan boshlab, xato MXIK bilan chek uradigan kassa apparati yoki virtual kassaga xizmat koʻrsatuvchi TXKM davlat reyestridan chiqarib tashlanadi. TXKMning davlat reyestridan chiqarib tashlanishi, tashkilot nazorat-kassa texnikasiga xizmat koʻrsatish bozorida ishlay olmasligini bildiradi. Oʻz navbatida, ushbu TXKM tomonidan xizmat koʻrsatiladigan kassadan foydalanuvchi barcha tashkilotlarda jiddiy muammolar yuzaga keladi (birdaniga oʻnlab tadbirkorlardan oʻn ming nafargacha). Savdoni toʻxtatmaslik va qonunni buzmay ishlash uchun ularning barchasi tezda boshqa onlayn-kassalarni sotib olishlari kerak boʻladi.

Ushbu normalar kuchga kirguncha boʻlgan vaqtda TXKMning mijozlar bilan muloqoti  jiddiy tarzida kechadi, deb oʻylayman. Kelishmaydigan va qaysar tadbirkorlar bilan koʻproq xayrlashishga - shartnomani bekor qilishga toʻgʻri keladi. Ular bilan munosabatlarni davom ettirish narxi nihoyatda yuqori.

Shartnoma bunday tarzda bekor qilingandan keyin tadbirkor u bilan ishlashga rozi boʻladigan boshqa TXKMni topishi murakkab boʻladi, deb oʻylayman. Ushbu tadbirkorlar oʻz ayblari bilan amalda “chetlanib” qoladilar.

 

TXKM MXIKni oʻzlari tekshirib, onlayn-NKMga kiritishadimi

Yoʻq, bunday boʻlmaydi. Bu - juda katta  hajmdagi ish boʻlib, TXKMda buning uchun xizmatchilar  yetishmaydi.

Albatta, agar tadbirkor buni juda xohlasa, TXKM qoʻshimcha haq evaziga unga bunday xizmatni koʻrsatadi. Bunda tadbirkordan TXKMga tekshirilgan MXIK bilan tovarlarning toʻliq roʻyxatini taqdim etish talab qilinadi! TXKM ularni klassifikator bilan solishtirmaydi, shunchaki onlayn-kassaga kiritadi va buning uchun pul oladi.

TXKMga siz uchun muntazam monitoring qilib, ilgari kiritilgan ma’lumotlarni tuzatadigan tashkilot sifatida qarash lozim emas. TXKMning vazifalari biroz boshqacharoq boʻlib, unda ishlovchi mutaxassislar soni cheklangan.

Quyidagilarni yana bir bor ta’kidlashni istayman: barcha yangiliklar shundan dalolat beradiki, tovar faqat siz tomondan tekshirilgan barcha ma’lumotlar, ayniqsa - MXIK qismida  onlayn-NKMga kiritilgandan keyin realizatsiya qilinishi mumkin. Aks holda cheklarda xatolardan va  shu sababli yuz beradigan salbiy oqibatlardan qochishning iloji boʻlmaydi.

 

Nima qilish kerak

Eng maqbul variant - ishni shunday tashkil qilingki, sizda  ushbu masalalar uchun javob beradigan mutaxassis boʻlsin. U barcha zarur koʻnikmalarga ega boʻlishi, onlayn-NKMga tovar toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni kiritishni bilishi kerak.

TXKM bunday mutaxassisni tayyorlashga yordam beradi. U esa kassa bilan ishlashda yuzaga kelgan qandaydir nostandart vaziyatni tezkor hal qilish zarur boʻlgan hollarda TXKM mutaxassislari bilan muloqot qiladi.

Oʻylaymanki, barcha tadbirkorlar qolgan oylarni talabga javob beruvchi mutaxassislarni tayyorlashga sarflashimiz kerak.

Bunday mutaxassiclar har bir savdo shoxobchasida onlayn-NKM yoki virtual kassada tovarlar bilan ishlash sohasida kerak boʻladi.

DSQga ham mulohazalar mavjud: uni tadbirkorlar uchun yuqorida darajada soddalashtirish va xatoga yoʻl qoʻyish holatlarini minimallashtirish uchun tovarlar boʻyicha ma’lumotlarni onlayn-NKM va virtual kassalar xotirasiga kiritish jarayonini tezroq avtomatlashtirish lozim.

Aksariyat tovarlar doʻkonlar va chakana tarmoqqa EHF bilan kelib tushadi, unda majburiy tartibda tovarning MXIKi koʻrsatiladi. Onlayn-NKM bilan ishlaydigan soliq toʻlovchi shaxsiy kabinetlarining “Onlayn-NKM va virtual kassalar boʻyicha axborot” interaktiv xizmatida “Mening tovar va xizmatlarim” menyusi mavjud. Bugungi kunda u qoʻlda shakllantiriladi. Bularning barchasi DSQ axborot tizimlari doirasida ishlaydi.

Nazarimda, “Mening tovarlarim (xizmatlarim)” havolasining roʻyxati hisobvaraq-fakturalar ma’lumotlari asosida avtomatik tarzda shakllantirilishi uchun jarayonni avtomatlashtirishning ayni payti. Onlayn-NKM va virtual kassalar ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlikda esa onlayn-NKM va virtual kassa xotirasidagi tovarlar roʻyxati “Mening tovarlarim (xizmatlarim)” menyusi ma’lumotlari asosida real vaqt rejimida avtomatik tarzda shakllantirilishi uchun masalani puxta ishlab chiqish zarur.

Bunda DSQ axborot tizimlari EHFni shakllantirish va tovarlar boʻyicha ma’lumotlarni onlayn-NKMga kiritish bosqichida MXIKni kiritish chogʻida xatoga yoʻl qoʻyilganligi haqida ogohlantirishlari kerak. Tadbirkorda esa  onlayn-NKM va cheklarga xato tushmasligi uchun uni tezkor tarzda tuzatishning texnik imkoniyati mavjud boʻlishi kerak.

Oleg GAYeVOY tayyorladi


Tovar va xizmatlar kodlari Oʻzbekistonda: tasniflash, kod berish, EHF tovar kodlari, xizmatlar kodlari, TN VED, ESF kodlash, kod tanlash, nomenklatura Tovar va xizmatlar kodlari: qanday tartibda belgilanadi, qanday kod tanlanadi, ESFda qanday aks ettiriladi va xatolar qanday tuzatiladi. Kodlash tartibi, nomenklatura, normativ hujjatlar va amaliy tavsiyalar boʻyicha barcha javoblar Buxgalter.uz saytida! /oz/publish/doc/text181452_qaysi_onlayn-nkm_egalari_hato_mhik_uchun_jarimaga_tortiladilar