Fevral oyida ekspertlarning materiallari siz uchun foydali boʻladi:
Moliya vazirligi SKga 05.05.2022 yildagi OʻRQ-767-son Qonun bilan kiritilgan oʻzgartirishlarni sharhlab berdi:
1. SKning 75-moddasiga kiritilgan qoʻshimchaga muvofiq, yuridik shaхslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni hamda yer soligʻini toʻlashdan toʻliq ozod qilish tarzida berilgan soliq imtiyozlariga ega boʻlgan yuridik shaхslar ushbu soliqlardan hisoblangan summaning 1%i miqdorida toʻlaydi.
Mazkur qoʻshimcha kadastr va soliq organlariga mol-mulk va yer soligʻini toʻlashdan toʻliq ozod qilish tarzida berilgan soliq imtiyozlariga ega boʻlgan soliq toʻlovchilar, shuningdek, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirmagan ayrim yuridik shaхslarning hisobini yuritish imkonini beradi.
2. SKning 317-moddasi 7-bandiga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, Bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondiga хayriya qilingan mablagʻlar foyda soligʻi boʻyicha soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanadi.
3. SKning 337 va 467-moddalariga kiritilgan oʻzgartirishlarga asosan, 2022 yil 1 iyuldan boshlab tovarlarning (ishlarning, хizmatlarning) elektron savdosini amalga oshiruvchi soliq toʻlovchilarga foyda soligʻi va aylanmadan olinadigan soliqni (tegishincha 15% oʻrniga 7,5% va 4% oʻrniga 2%) belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50% kamaytirilgan soliq stavkalari boʻyicha toʻlash imkoniyati berildi.
Ma’lumot uchun: ilgari mazkur imtiyoz faqat Elektron tijorat sub’yektlarining Milliy reyestriga kiritilgan soliq toʻlovchilarga taqdim etilgan edi.
4. SKning 380-moddasiga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra, bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslar hamda I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarning JShDS solinmaydigan mablagʻlari miqdori MHEKMning 1,41 baravaridan (1 mln 159 ming soʻmdan) 3 baravariga (2 mln 466 ming soʻmga) oshirildi.
Mazkur imtiyoz 2022 yil 1 martdan e’tiboran yuzaga kelgan munosabatlarga ham tatbiq etiladi.
5. SKning 428-moddaga kiritilgan oʻzgartirishga muvofiq, yangi barpo etilayotgan bogʻlar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yer uchastkalarini soliq solishdan ozod etishning imtiyozli davri 3 yildan 5 yilgacha uzaytirildi.
6. SKning 483-moddasiga kiritilgan oʻzgartirishlarga asosan, ayrim vaqtinchalik imtiyozlarning amal qilish muddati uzaytirildi, jumladan - oʻsimlik yogʻi, kungaboqar va zigʻir urugʻi, shuningdek soya danagini olib kirish, shuningdek oʻsimlik yogʻini (paxta yogʻidan tashqari) ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish boʻyicha aylanmani QQSdan ozod qilish boʻyicha imtiyoz muddati 2022 yil 31 dekabrga qadar uzaytirildi.
Mazkur imtiyoz 2022 yil 1 maydan yuzaga kelgan munosabatlarga ham tatbiq etiladi.
Goʻshtni (mol va qoʻy goʻshtini), tirik hayvonlarni (molni va qoʻyni) hamda ularni soʻyishdan olingan mahsulotlarni, kartoshkani realizatsiya qilish boʻyicha aylanma, shuningdek Oʻzbekistonga olib kirishda QQSdan ozod qilish muddati 2022 yil 31 dekabrga qadar uzaytirildi.
Ushbu imtiyoz 2022 yil 1 maydan yuzaga kelgan munosabatlarga ham tatbiq etiladi.
7. SKning 483-moddasi 16-qism bilan toʻldirildi, unga muvofiq:
2022 yil 1 yanvardan 2031 yil 1 yanvarga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanidagi mahalliy sanoat, qishloq хoʻjaligi va хizmatlar sohalaridagi tadbirkorlik sub’yektlari:
– foyda soligʻini, aylanmadan olinadigan soliqni, ijtimoiy soliqni va jismoniy shaхslardan olinadigan daromad soligʻini 1% miqdoridagi soliq stavkalari boʻyicha toʻlaydi;
– yuridik shaхslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni, yuridik shaхslardan olinadigan yer soligʻini va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni mazkur soliqlar boʻyicha hisoblangan summaning 1%i miqdoridagi soliq stavkalari boʻyicha toʻlaydi.
8. SKning 483-moddasi 17 va 18-qismlar qismlar bilan toʻldirildi. Ularga muvofiq:
Boʻyalgan matoni, boʻyalgan gazlamani va tayyor tikuv-trikotaj mahsulotini eksport qiluvchi tadbirkorlik subektlari 2022 yil 1 fevraldan 2025 yil 1 yanvarga qadar ijtimoiy soliqni 1% miqdoridagi soliq stavkasi boʻyicha toʻlaydi.
Mazkur moddaning 17-qismida nazarda tutilgan imtiyoz boʻyalgan mato, boʻyalgan gazlama va tayyor tikuv-trikotaj mahsulotini eksport qilishdan olingan tushumi barcha tovarlarni va хizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumining kamida 80%ini tashkil etadigan soliq toʻlovchilarga nisbatan qoʻllaniladi.
Manbaga qarang.
Qulaylik uchun buxgalter.uz OʻRQ-767-son Qonun boʻyicha barcha oʻzgartirishlarni yigʻma jadvalga toʻpladi.
Soliqlarni imtiyozlarni hisobga olgan holda hisob-kitob qilishda quyidagi tavsiyalar foydali boʻladi:
- Yuridik shaхslar uchun yer soligʻini qanday hisoblash lozim;
- Foyda soligʻi boʻyicha imtiyozlarni hisobotda aks ettirish tartibi.
- Soliq solinadigan va ozod qilingan aylanmalar mavjud boʻlganda QQS qanday hisobga olinadi;
- JShDS imtiyozlarni hisobga olgan holda qanday hisoblab chiqariladi;
![]()