Buxgalterlar va tadbirkorlar soʻrovining I bosqichi nimani koʻrsatdi

preview

Moliya vazirligining Soliq-bojxona siyosati va daromadlarni prognozlashtirish departamenti buxgalter.uz bilan birgalikda korxonalar buxgalterlari va rahbarlarini soʻrovdan oʻtkazishni davom ettirmoqda.  Uning 2022 yil 20 iyunga qadar davom etadigan  II bosqichida - valyuta tushumi kelib tushishidan qat’i nazar QQSni hisobga olish; mol-mulk soligʻi hisob-kitobi va barcha QQS toʻlovchilar uchun yagona soliq davri boʻyicha savollar boʻladi. 

Soʻrovning I bosqichida 500 nafardan ziyod kishi ishtirok etdi. Ularning javoblari nimani koʻrsatadi?

 

1. Amortizatsiya normalarining oshirilishi

Soliq siyosatining yoʻnalishlaridan biri - investitsiya faoliyatini ragʻbatlantirish. 2022 yilda u amortizatsiya ajratmalari normalarini oʻrtacha 2 baravarga oshirish hisobiga amalga oshirilgan. Foyda soligʻi boʻyicha majburiyatlarni kamaytirish orqali investitsiyalarning qaytarilishini jadallashtirish nazarda tutilgandi. Amortizatsiya summasi soliq solinadigan foydani kamaytiradi, bu soliq bazasining kamayishiga va tegishincha, soliq summasining kamayishiga olib keladi.

2022 yilning dastlabki 5 oyi ushbu mexanizm koʻpchilik korxonalarda ishlaganini koʻrsatdi. Soʻrov ishtirokchilarining 52,3%i soliq solish maqsadida amortizatsiya stavkalarining oshirilishi korxonaning moliyaviy holatiga ijobiy ta’sir koʻrsatganini qayd etdi. Bunda buxgalterlarning 35,7%i foyda soligʻi ularda biroz kamayganligini koʻrsatib oʻtishdi.

 

Kimlar uchun chora foydali boʻlmadi

Ushbu soliq siyosati chorasining aniq samarasini, birinchi navbatda, katta hajmdagi asosiy vositalarga ega korxonalar sezishi kerak edi. Agar AV kam boʻlsa, xoʻjalik yurituvchi sub’yektning moliyaviy holatiga amortizatsiya ajratmalarining oshishi sezilarli darajada ta’sir qilmaydi. Buni soʻralganlarning 41,1%i tasdiqladi va aynan shu korxonalar oʻz ishlarida koʻp miqdorda AVlarga muhtoj emaslar.

 

2. Soliq va buxgalteriya hisobi uchun amortizatsiya normalari

Amortizatsiya hisoblashni oshirishning yana bir usuli - buxgalteriya hisobida SKda belgilanganiga nisbatan oshirilgan stavkalardan foydalanish. Soʻrov natijalari shuni koʻrsatdiki, aksariyat buxgalterlar (respondentlarning 62,3%i) soliq hisobida ham, buxgalteriya hisobida ham ayni bir stavkalarni qoʻllaydi. Soʻrov ishtirokchilarining faqat 37,7%i amortizatsiyaning turli stavkalarini qoʻllash imkoniyatidan foydalangan.

 

Nima uchun hamma ham qoʻllamadi

Buxgalterlar soliq va buxgalteriya hisobida amortizatsiyaning turli stavkalarini qoʻllash uchun qonunchilikda belgilangan imkoniyatlardan unchalik xushlamay foydalanishlari sabablarini koʻrsatadilar. Ular orasida:

  • hisobning murakkablashishi, soliq va buxgalteriya hisobi boʻyicha amortizatsiya summalaridagi tafovutlarni doimiy nazorat qilish zarurati;
  • amortizatsiyaning oshirilgan stavkalarini qoʻllashda foydaning kamayishi soliq organlari e’tiborini jalb qilishi mumkinligidan xavfsirash, bu tushuntirishni talab qiladi;
  • xatoga yoʻl qoʻyish xavfi.

 

3. Investitsiyaviy chegirma

Bir martalik investitsiyaviy chegirma ham investitsiyalarni ragʻbatlantirishi kerak edi. 2022 yildan boshlab uning hajmi 2 baravar oshdi. Eslatib oʻtamiz: bir martalik investitsiyaviy chegirma yangi texnologik asbob-uskunalarni sotib olish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va qayta jihozlash, yangi mahalliy dasturiy ta’minotni sotib olish, ishlab chiqarishni kengaytirish, ishlab chiqarish bino va inshootlarini rekonstruksiya qilishda qoʻllaniladi.

Bunday imkoniyatdan soʻralganlarning katta boʻlmagan qismi foydalangan - 6,7%.

 

Nima uchun chora hali ishlamadi

Eng avvalo, ushbu norma ommaviy tarzda qoʻllanilayotganiga hali koʻp boʻlmadi. Respondentlarning 70%ining tushuntirishicha, bir martalik investitsiyaviy chegirmani qoʻllash uchun hali ularda asos boʻlmagan. Yana 21,2%i bunday imkoniyatdan xabardor emasligini ta’kidladi.

 

4. Kursdagi farqlar

Buxgalterlar soʻrovining birinchi qismining soʻnggi savoli soliq solish maqsadida kursdagi farqlar hisob-kitobining yangi qoidalariga bagʻishlangandi. Soʻrov ishtirokchilarining deyarli yarmi (47,3%i) hisob-kitoblarda qiyinchiliklarga duch kelayotganliklarini ta’kidladilar, chunki yangi qoidalar ularga toʻliq tushunarli emas.

Soʻrovda qatnashgan buxgalterlarning 17,7%ida bunday hisob-kitoblar bilan bogʻliq muammolar yoʻq. Yana 14,7%i yangi qoidalar tufayli soliq solinadigan foyda summasi sezilarli darajada oʻzgaradi, deb hisoblaydi.

Soʻrov natijalaridan kelib chiqqan holda Moliya vazirligining Soliq-bojxona siyosati va daromadlarni prognozlashtirish departamenti kursdagi farqlarga soliq solish boʻyicha rasmiy tushuntirishlar beradi.

E’tibor bering

Soʻrovnomaning II bosqichiga havola orqali oʻtishingiz mumkin.

 

 

Buxgalteriya hisobi va soliq solishga doir normativ hujjatlardagi yangi oʻzgarishlar Yangiliklar Yangiliklar /oz/publish/doc/text182110_buhgalterlar_va_tadbirkorlar_surovining_i_bosqichi_nimani_kursatdi