Elektron raqamli imzo parolini oʻzgartirish undan boshqalar foydalanmasligini kafolatlamaydi

preview

Koʻngilsiz yangilik: agar siz “Yangi texnologiyalar” IAM Elektron kalitlarni roʻyxatga olish markazi tomonidan berilgan ERIsi parolini oʻzgartirsangiz, bu ushbu raqamli imzodan eski parol bilan hech kim hech qachon foydalanmasligini kafolatlamaydi. 

Bunday vaziyatda qanday qilib ruxsat etilmagan harakatlardan himoya qilishni kuchaytirish haqida buxgalter.uz iltimosiga binoan ekspertlar soʻzlab berishdi:

 

Tizim shunday tuzilganligi ma’lum boʻldi... 

Rustam SOBIROV, soliq maslahatchisi:

– Bugungi kunda, koʻp tashkilotlarda, qoidaga koʻra, rahbar nomiga olingan yuridik shaxsning ERIsidan ishda bir necha nafar xodimlar foydalanishadi. Oʻrtacha - 3 dan 10 nafargacha. Direktordan tashqari, bu - bosh buxgalter, moliyaviy menejer, mahsulotni birjaga chiqaruvchi, hisobvaraq-fakturalarni va hokazoni rasmiylashtiruvchi xodimlar boʻlishi mumkin.

Yaqinda men shunday holatning guvohi boʻldim: bosh buxgalter ishdan boʻshatilgandan soʻng, uning turli resurslardagi korxonaning elektron hujjatlariga kirish imkoniyatini cheklash uchun direktor ERIsi kalitini oʻzgartirishni buyurdi. Bu ish kechki vaqt boʻlgandi, xodimlar ketishgandi. Ertalab parolni almashtirish uchun javobgar shaxs xodimlarga yangi parolni  tarqatayotganda, ularning ayrimlari oʻz kompyuterlarida ishlayotganlarini sezib qoldi. Buxgalter hisobvaraq-fakturalar bilan, kadrlar boʻlimi xodimi - my.mehnat tizimida yangi xodimlar toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni kiritish bilan shugʻullanardi va hokazo. Birdan savol tugʻildi: buyogʻi qanday boʻldi?! Axir ERIsi paroli oʻzgartirilgan, yangisi hozircha faqat bir kishida bor. Aniqlanishicha, eski parol ERIsidan foydalaniladigan barcha kompyuterlarda ishlagan, bundan faqatgina parolni almashtirish amalga oshirilgan kompyuter mustasno!

“Yangi texnologiyalar” IAM Elektron kalitlarni roʻyxatga olish markaziga qoʻngʻiroq qildik, u yerda xodim sodir boʻlayotgan barcha holat - me’yordagi holat, tizim shunday tuzilgan, deb tushuntirdi.

Ma’lum boʻlishicha, faqat yopiq kalit ERIsini bekor qilib ERIsidan foydalanish imkoniyatini toʻliq toʻxtatish mumkin ekan. Bu  - yagona usul.

Tabiiyki, bu holda ishni davom ettirish uchun yangi ERIsini olish zarur. Bu - ovoragarchilik va xarajatlarni talab qiladi. Kadrlar qoʻnimsizligida ERIsidan foydalanilishi va har bir ishdan boʻshatish holatida yangisini olishni kuzatib boradigan mutaxassisni yollash zarurligi ma’lum boʻldi.

Mazkur vaziyatda hammasi darhol ma’lum boʻlganligi yaxshi. Lekin aksariyat tadbirkorlar ushbu xususiyatlar haqida bilishmaydi va parolni almashtirish ERIsidan ruxsat etilmagan tarzda foydalanishdan himoya qiladi deb ishonishadi va uni oʻzgartirishadi. Koʻpincha ERIsidan ofisdan tashqarida ham foydalanilishi haqida gapirmasa ham boʻladi. Misol uchun - xodimlar uyga ish olganlarida. My.soliq.uz, my.mehnat.uz, customs.uz va boshqa resurslarda saqlanadigan korxona toʻgʻrisidagi talay ma’lumotlar juda zaif himoyalanganligi ma’lum boʻladi. Yuridik shaxsning ERIsi - bu yana ulkan miqdordagi davlat xizmatlariga kirish degani.

Nazarimda, “Yangi texnologiyalar” IAM Elektron kalitlarni roʻyxatga olish markazi tomonidan berilgan ERIsidan foydalaniladigan barcha resurslarda foydalanuvchilarni identifikatsiya qilish tizimini takomillashtirish lozim. Xoʻjalik yurituvchi sub’yektlar toʻgʻrisidagi ma’lumotlar va ular nomidan xizmatlarga kirish ishonchli himoya qilinishi kerak. Korxona rahbari tadbirkorlik sub’yekti nomidan axborot tizimlariga kirishni nazorat qilishning samarali instrumentlariga ega boʻlishi kerak.

Hayotda har qanday vaziyat boʻlishini, har doim ham xodim va ish beruvchi nizosiz ajrashmasligini, ERIsi uchinchi shaxslar qoʻliga tushib qolishi va resurslarga ruxsat berilmagan tarzda kirish uchun foydalanilishi mumkinligini tushunish lozim.  Oqibatlarni tugatishga esa koʻp vaqt va kuch talab qilinishi mumkin.

 

Muqobil variant mavjud!

Zamira USMONOVA, DSQ huzuridagi “Yangi texnologiyalar” IAM foydalanuvchilarni texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlash boʻlimi mutaxassisi:

– Hozir ancha ishonchli tizim - USB-tokenda ERIsi joriy etilmoqda. Uni qayergadir koʻchirib olish va yozilgan USB-tokensiz foydalanish mumkin emas.

Agar USB-tokenlar korxona mulkiga aylansa, ishni bunday tarzda tashkil etish mumkin:

    1) ishga qabul qilish chogʻida xodim yuridik shaxsning ERIsini oʻz nomiga oladi. Davlat xizmatlari markazi uni USB-tokenga yozib beradi.

    2) USB-tokenning oʻzi xodimga imzo qoʻydirib va uning javobgarligi ostida beriladigan korxonaning mulki hisoblanadi. Xodim unga berilgan ERIsi yordamida amalga oshiriladigan har qanday harakat uchun toʻliq javobgar boʻlishi yuzasidan ogohlantirilgan boʻlishi kerak ;

    3) ishdan boʻshaganda xodim USB-tokenni ish beruvchining mas’ul xodimiga imzo qoʻyib topshirishi shart.

Bugungi kunda USB-tokendan foydalanish texnologiyasi faqat my.soliq.uz va DBQ portalida joriy etilgan. U qanchalik tezroq ommaviy tarzda tatbiq etilsa, ruxsat etilmagan kirishdan himoya qilish shunchalik samaraliroq boʻladi.

Oleg GAYeVOY tayyorladi


ERI: soliq hisobi — maslahatlar ERI ERI (soliq hisobi) — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text182586_elektron_raqamli_imzo_parolini_uzgartirish_undan_boshqalar_foydalanmasligini_kafolatlamaydi